Jamiyat | 08:35 / 12.04.2021
4983
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda fuqaro va YPX xodimi o‘rtasidagi janjalga rasmiylar izoh berdi

Andijon | Kun.uz sahifasi orqali Andijonda fuqaro va YPX xodimi o‘rtasidagi janjal aks etgan video haqida xabar bergan edik.

Mazkur video  2021 yilning 9 aprel kuni soat 19:30 lar chamasida Andijon shahrining Navoiy shox ko‘chasida piyoda fuqaro tomonidan tasvirga olingan. Bu haqda viloyat IIB YHXB matbuot guruhi xabar bermoqda.

Andijon viloyati IIB YHXB rahbariyati tomonidan tasdiqlangan taqsimotga asosan, Andijon shahrida tungi xizmat olib borishga jalb etilgan YPX katta inspektori katta serjant A.Maxmudov tomonidan qora rangli, "Neksiya-3" rusumli avtomashina oynalari qoraytirilganligi (oldi oynalarigacha tanirovka tortilgani) sababli to‘xtatilgan. 

Tekshiruv vaqtida, haydovchi o‘zboshimchalik bilan tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan holatda oyna tusini o‘zgartirib, tonirovka tortib olganligi, shuningdek haydovchining muqaddam sodir etgan turli xildagi huquqbuzarlik holatlari yuzasidan jami 10 mln. so‘mdan ortiq jarima qarzdorligi mavjud ekanligi aniqlangan. 

Holat yuzasidan tushuntirishlar berilib, avtomashinani jarima maydoniga olib kirish vaqtida, haydovchi - Andijon shahrida yashovchi A.Sh. xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan qarshilik ko‘rsatgan. Viloyat IIB PPXvaJTSB hamda Milliy gvardiya xodimlari yordamga kelgan. 

Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 126-moddasi 3-qismi bilan  ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga olib kiritilishi ta'minlangan. 

Haydovchi tomonidan xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga buysunmaslik, haqorat qilish kabi holatlari yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishi ta'minlash uchun Andijon shahar IIO FMB mas'ul xodimlari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mavzuga oid