O‘zbekiston | 12:47 / 13.04.2021
5945
4 daqiqa o‘qiladi

TIQXMMI: Yangi safarlar yangi zafarlarga chorlaydi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi xalq shoiri va qahramoni Abdulla Oripov ijodiyotini ommalashtirish va asarlarini targ‘ib qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” asosida rejaga muvofiq tarzda keng qamrovli faoliyatni amalga oshirayotgani aniq.

Kuni kecha ta'lim muassasamizning iqtidorli, ijodkor talabalaridan tuzilgan guruh “Toshkent-Nasaf” poyezdi orqali Qashqadaryo viloyatiga jo‘nashdi. Maqsad Abdulla Oripov tug‘ilib o‘sgan manzil va ta'lim olgan maktabda bo‘lish va kengroq tasavvur va taassurotlarga ega bo‘lib qaytishdan iborat. 

Bu harakatni ham O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan keng ko‘lamli faoliyatning uzviy bir qismi deyish mumkin.

TIQXMMI prorektori R.Choriyev boshchiligidagi delegatsiyani Qarshi shahrida tayanch institutimizning Qarshi filiali direktori Zarif Muqimov o‘z jamoasi bilan tantanali tarzda kutib olishdi. Ertasiga jamoa o‘z faoliyatini shoir nomidagi ijod maktabiga borishdan boshladi. U yerda adib haykali poyiga gulchambar qo‘yilgach, shoir hayoti va ijodiga daxldor muzeydagi nodir eksponatlar bilan tanishishdi.

So‘ngra shoir xotirasiga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir boshlandi. Unda maktab – internat direktori U.Oripov, professor A.Erkayev, TIQXMMI prorektori R.Choriyev, shoirning umr yo‘ldoshi H. Mustafoyeva, TIQXMMI matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozovlar so‘zga chiqishdi. So‘ngra o‘quvchi yoshlar ishtirokida qiziqarli tadbir boshlandi. Adibning “Jannatga yo‘l” dramasi asosidagi o‘quvchi yoshlarning sahnaviy chiqishi barchaga ma'qul keldi. 

So‘ngra shoir tug‘ilib o‘sgan Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘iga borildi. U yerda Abdurahim Erkayev, Hanifa Mustafoyeva va Sobir ota Boymirovlarning xotirotlarini tinglash talabalarga zavq baxsh etdi. Keyin shoirning o‘quvchilik davri kechgan maktabga borildi.

Uning yonginasida yangi qurilgan zamonaviy talablarga javob beradigan ikki qavatli maktabdagi adib hayotiga tegishli muzey bilan tanishish ancha maroqli bo‘ldi. Maktab o‘quvchilarining jonli chiqishlaridan so‘ng tayanch institutning Qarshi filialiga qaytib kelindi. Alohida did bilan bezatilgan ochiq maydondagi sahnada filialimizning hamda biz bilan birgalikda kelgan ijodkor talabalarning qo‘shiq va raqslari davraga fayz kiritdi.

Ayniqsa, “Quvnoqlar va zukkolar” respublika tanlovlarida yuqori o‘rinlarni zabt etgan taniqli “Targ‘ibot” shou dasturi guruhining hazilomiz hajvlari, ichakuzdi hangomalari e'tiborga molik bo‘ldi. Safar yakunida ichki turizmning amaldagi ifodasi sifatida “Sayf ul-haq” (haqiqat qilichi) nomi bilan mashhur bo‘lgan Abul Muin Nasafiy qadamjosi ham ziyorat qilindi. 

Bunday shakldagi tadbirlarni uzluksiz yo‘sinda, tizimli va manzilli tarzda tashkil etish talabalarning tafakkur dunyosini boyitish, xalqimiz milliy qadriyatlariga muhabbat hissini uyg‘otibgina qolmay, balki yurt qismati va hozirda olib borilayotgan islohot va siyosatlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishi ham tabiiy.

Xususan, xalq va vatan taqdirini o‘z taqdiri deb bilgan Abdulla Oripov ijodiyotini har tomonlama ommalashtirish yo‘sinidagi tadbirlarimiz yil mobaynida uzluksiz tarzda davom etaveradi.

TIQXMMI matbuot xizmati

Mavzuga oid