O‘zbekiston | 18:42 / 13.04.2021
4508
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar bandligini ta'minlash uchun qo‘shimcha o‘rta tibbiyot va ijtimoiy xodimlar shtati tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda birgina «tibbiy brigadalar»ga kamida 7 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimlari kerakligini qayd etib o‘tdi.

Joriy yilda qo‘shimcha 20 minggacha o‘rta tibbiyot va ijtimoiy xodimlar shtati tashkil etilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

«Joriy yilda sog‘liqni saqlash sohasida katta islohotlarni boshladik. Har bir mahalla va xonadonni sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish uchun malakali o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini ko‘paytirish zarur bo‘lmoqda.

Birgina «tibbiy brigadalar»ga kamida 7 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimlari kerak. Shuning uchun, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarimizning davomi sifatida joriy yilda qo‘shimcha 20 minggacha o‘rta tibbiyot va ijtimoiy xodimlar shtatini tashkil etish hisobiga minglab yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Bu budjetga juda katta yuk, lekin men shunga tayyorman. Qiyin, lekin amalga oshirish zarur. Chunki shuncha o‘qitganlarimiz qayoqqa ketdi? Yillar davomida kollejlarda o‘qitdik, lekin ish bermadik. Agar vaqtida o‘sha kollejlarni shifoxonalarga biriktirganimizda, kollejlar salohiyatidan boshqa maqsadda foydalanganimizda muhit butunlay boshqacha bo‘lardi.

Odamlar tibbiyot tizimidan norozi. Musayev, To‘ychiyev, Hojiboyev, Ishmetov ikki hafta muddatda ushbu topshiriq ijrosini tashkil qilsin», – dedi davlat rahbari.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid