Jamiyat | 07:33 / 14.04.2021
2202
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatining barcha shahar va tumanlarida koronavirusga qarshi emlash ishlari boshlandi

Foto: KUN.UZ

Covid-19ga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan Navoiy shahrida boshlangan bo‘lsa, 12 apreldan viloyatning barcha shahar va tumanlarida olib borilmoqda.
 
Navoiy viloyatiga Hindistonda ishlab chiqarilgan vaksinadan 19 000 doza, O‘zbekiston-Xitoy hammuallifligida Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinadan esa 19 600 doza keltirilgan. Bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 6 271 nafar fuqaro emlangan.

«Emlashdan keyingi nojo‘ya holatlar borasida ko‘pchilikda savollar tug‘ilmoqda. Aslida, har qanday vaksina bilan emlangandan keyin 2 xil holat bo‘lishi mumkin. Birinchisi, emlashdan keyingi noodatiy reaksiyalar. Bunga kuchli allergik reaksiya, anafilaktik shok misol bo‘ladi. Bunday noodatiy reaksiyalar 1 million emlashga 1 ta to‘g‘ri kelishi mumkin. Ikkinchisi, emlashdan keyingi odatiy reaksiyalar hisoblanadi. Bunda tana haroratining ma'lum darajada ko‘tarilishi, bosh og‘rishi, umumiy holsizlik kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Bu qisqa vaqtda o‘tib ketadi», — deydi Navoiy viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Doston Saydulloyev.

Ta'kidlanishicha, hozirda olib kelingan 2 xil vaksina bilan 18 yoshga to‘lmagan fuqarolarni, homilador va bola emizuvchi ayollarni, orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS) ga chalinganlarni hamda onkologik kasallik sababli doimiy nur terapiya bilan davolanadigan bemorlarni emlashga qarshi ko‘rsatmalar bor.

Mavzuga oid