O‘zbekiston | 23:46 / 14.04.2021
8904
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Moskvada Rossiya davlat dumasi spikeri va federal majlis raisi bilan muzokaralar o‘tkazdi

Uchrashuv davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tanzila Norboyeva va Vyacheslav Volodin / Foto: dumatv.ru

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi davomida Moskva shahrida Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin bilan uchrashdi.

 Uchrashuv chog‘ida Tanzila Norboyeva tizimli xarakterga ega bo‘lgan ochiq siyosiy muloqotning erishilgan darajasini, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya xalqlari manfaati uchun do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro sadoqatni yuksak qadrlashini ta'kidladi.

 “Rossiya O‘zbekistonning uzoq muddatli va ishonchli sherigi hisoblanadi. Biz ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaror qilganmiz”, deb ta'kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘p qirrali shakldagi parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori.

Shuningdek, Rossiyadagi vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish, shuningdek, mehnat muhojirlarining ahvolini yaxshilash bo‘yicha takliflar berish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Senat matbuot xizmatining xabar berishicha, Tanzila Norboyeva tashrif doirasida Rossiya federal majlisi federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashdi.

Valentina Matviyenko

Rossiya tomoni respublikada olib borilayotgan islohotlar, Rossiya Federatsiyasi bilan ikki tomonlama munosabatlarning muhim jihatlari, ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollariga berilgan baholar to‘g‘risida xabardor etildi.

 “Federatsiya kengashi raisi O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi maqomini olganligini mamnuniyat bilan qarshi oldi. Ushbu tashkilot bilan o‘zaro hamkorlik O‘zbekiston-Rossiya munosabatlariga yangicha turtki berishi ta'kidlandi”, deyiladi xabarda.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, gender tenglikni ta'minlash masalalari, “Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbar ayollari bilan muloqot” platformasi faoliyati ko‘rib chiqildi.

Bag‘rikenglik masalasida O‘zbekistonning boy tajribasini inobatga olgan holda, Rossiya tomoni 2022 yil may oyida o‘tkaziladigan Dinlararo va millatlararo muloqot bo‘yicha Butunjahon konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda faol ishtirok etishga taklif qildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal majlisi federatsiya kengashi o‘rtasida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid