O‘zbekiston | 12:26 / 16.04.2021
7434
2 daqiqa o‘qiladi

«Bu ko‘rgazma uchun bo‘lmasligi kerak» - Prezident Samarqanddagi aeroportda aviaqatnovlar hajmini 10 barobar oshirish kerakligini aytdi

Prezident Samarqand xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi va yangi aeroport qurilishini sentabr oyigacha to‘liq yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi.

«Biz Samarqanddagi imkoniyatlarimizdan yetarlicha foydalana olmayapmiz. Kelganimizga yarasha Samarqand salohiyatini uyg‘otib ketishimiz kerak. Agar Imom Buxoriy majmuasidek, Registon maydonidek majmualar boshqa davlatda bo‘lganida edi, bundan ustalik bilan foydalanishardi. Biz shunday imkoniyatdan foydalana olmayapmiz.

Aeroport qurilishini olib boryapmiz. Lekin u ko‘rgazma uchun bo‘lmasligi kerak, aviaqatnovlar hajmini 10 barobar oshirishimiz kerak. Mana oddiy misol – mart oyida fevralga nisbatan 5 barobar ko‘p – 150 ming sayyohlar kelgan. 

Buyuk olim va hadisshunos bobomiz Imom Buxoriy hazratlari majmuasini, bu ulug‘ zotning butun islom olamidagi yuksak obro‘ va maqomlariga munosib tarzda, qaytadan qurish ishlarini boshladik. Bu yerda 10 ming o‘rinli masjid, 21 gektar maydonda ulug‘ ajdodlarimizning diniy merosi va moddiy madaniy meros obektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobon, 3ta mehmonxona va 24ta oilaviy mehmon uylaridan iborat, ziyorat turizmi majmuasi barpo etiladi.

Urgut, Nurobod va Jomboy tumanlarida ham turizm klasterlari tashkil etiladi. Mahkamov, Turdimov Samarqand xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi va yangi aeroport qurilishini sentabr oyigacha to‘liq yakunlasin», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid