Navalniyning fondi Putinning «eng maxfiy dala hovlisi» haqida surishtiruv e'lon qildi
Novgorod oblastidagi Valday ko‘lida Vladimir Putinning 250 gektar maydonni egallagan «eng maxfiy yozgi qarorgohi» borligi haqida ma'lumotlar e'lon qilindi. Qarorgohning yarmi Putinning do‘sti va «Rossiya» bankining asosiy aksiyadori Yuriy Kovalchuk kompaniyasiga tegishli ekani aytilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK) prezident Vladimir Putinning «eng maxfiy rasmiy yozgi qarorgohi» bo‘yicha surishtiruvni e'lon qildi. Gap Novgorod oblastidagi Valday ko‘lida joylashgan «Dolgiye Borody» qarorgohi haqida ketmoqda.
Kadastr hujjatlarida qayd etilishicha, ushbu qarorgohning yashash hududi 250 gektarni tashkil etadi. Shundan 150 gektari rasmiy ravishda Rossiya hukumatiga tegishli bo‘lib, Federal xavfsizlik xizmati tomonidan doimiy ravishda foydalanib kelingan.
Shuningdek, qarorgohda qo‘shimcha binolar – omborlar, garajlar va kichik mehmonxona uylari mavjud.
Korrupsiyaga qarshi kurash fondi ma'lumotlariga ko‘ra, qolgan yerlar Vladimir Putinning do‘sti va «Rossiya» bankining asosiy aksiyadori Yuriy Kovalchukka tegishli bo‘lgan «Prime» MChJ nomiga ro‘yxatdan o‘tgan.
«Prime» MChJ qarorgohning o‘ziga tegishli qismini Rossiya prezidenti devoniga ijaraga berganini ma'lum qilgan. Firmaning moliyaviy hisobotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida «Prime» ijara xizmatidan 2,7 milliard rubl daromad olgan.
«Prime»dan ijaraga olingan hududda 80ga yaqin bino joylashgan. Ular orasida maydoni 3500 kvadrat metr bo‘lgan to‘rt qavatli asosiy saroy, xitoycha pavilon, rus uslubdagi uylar, hammom, sauna, otxona, golf maydonchasi, kinoteatrga ega vip-restoran, bouling, bilyardxona va mini-kazino, shuningdek, Rossiya prezidentining shaxsiy cherkovi mavjud.
Fond ma'lumotlariga ko‘ra, asosiy qarorgohdan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda ikki baravar katta bino bor – bu umumiy maydoni deyarli 7000 kvadrat metrdan iborat, ikkita yer osti qavatiga ega bo‘lgan kurort majmuasi. Ushbu bino qavatlari rejasi solaryum, suzuvchi basseyn, kriokameralar, massaj vannalari, stomatologiya, kosmetologiya, loy terapiyasi va limfopressing xonalari, 25 metrli basseyn va alohida massaj blokidan iborat.
Boshqa qavatda yotoqxona, 200 metrli zal, 500 metrli yashash mehmonxonasi, xizmat ko‘rsatish xonasi, ovqatlanish uchun maxsus lift va 13 kvadrat metr akvarium mavjud. Binoning yerto‘la qismida xodimlar uchun mo‘ljallangan xonalari, maxsus aloqa vositalari va texnik xonalar o‘rin olgan.
Fond ma'lumotlariga ko‘ra, Valday qarorgohi - Putinning eng sevimli maskani. U haqida juda kam ma'lumot mavjud. Xususan, rasmiy fotosuratlar va davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar.
«Qachondir Putin hokimiyatni tark etadi, undan qolgan hamma narsa davlat ixtiyoriga o‘tadi. Ammo bu yerda davlat o‘z yerlarining yarmiga egalik qiladi. Qolganlarining hammasi – Kovalchuk ixtiyorida. Yiliga 300 million rubl isrof qilinmoqda», deyilgan bayonotda.
Open Media 2018 yilda Yuriy Kovalchuk va uning oilasi Valday ko‘lidagi qarorgoh atrofidagi 460 gektar o‘rmon va dalalarni olganini va uning bir qismini boshqarishni boshlagani haqida yozgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda «Prime» kompaniyasi qarorgoh hududida kanalizatsiya ishlarini amalga oshirgan va uni o‘z mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Avvalroq, rossiyalik muxolif siyosatchi, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi Aleksey Navalniy Putinning milliard dollarlik saroyi haqida ma'lumotlarni e'lon qilgandi. Qora dengiz yaqinidagi ushbu saroyning qiymati taxminan 100 milliard rubl atrofida baholangan.
Shundan so‘ng, Vladimir Putin rossiyalik talabalar bilan onlayn muloqotda Gelenjikdagi saroyi haqidagi ma'lumotlarni inkor etib, u yerda ko‘rsatilgan narsalarning hech biri unga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli emasligini aytib o‘tgan.
Mavzuga oid
17:53
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
12:21
Putin: Rossiya jangda «Oreshnik» raketasini sinovdan o‘tkazishda davom etadi
23:44 / 22.11.2024