Iqtisodiyot | 16:32 / 18.04.2021
36783
10 daqiqa o‘qiladi

Jahon moliya bozorida «dollar erasi» tugamoqdami? Bayden ma'muriyati xavotirlari va Xitoyning raqamli valuta siyosati

Ichki bozorni nazorat qilishdan global moliyaviy sohada raqobatlashishga qadar ko‘plab maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan Xitoyning raqamli valuta siyosati nimani anglatadi?

Xitoy jahon siyosatida yetakchilikka agressiv tarzda intilishda davom etmoqda. So‘nggi bir necha yil davomida Xitoyda ichki savdoda mobil to‘lov platformalaridan foydalanish sezilarli ravishda oshdi va naqd pulda amalga oshiriladigan operatsiyalar soni keskin kamayib ketdi. Shu bilan bir qatorda, pandemiya davrida Xitoy Markaziy bankining raqamli valutalarini (CBDC) rivojlantirishiga nisbatan ichki va global qiziqishi kuchaydi.

Bundan tashqari, Xitoy hukumati mamlakat ichkarisida o‘zining raqamli avtoritarizmini mustahkamlashga intilayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan mamlakat ichkarisidagi mablag‘larning tashqariga chiqib ketishi ustidan nazoratni kuchaytirishga harakat qilmoqda. CBDC siyosati Pekinning ichki kuzatuvini kuchaytirish maqsadida sun'iy intellektga asoslangan katta ma'lumotlar bazasini yaratish va undan foydalanishga intilishini yanada mustahkamlaydi.

Shuningdek, Xitoyning raqamli valuta siyosati jahon moliya bozorida o‘zining raqobatlashadigan vositalariga ega bo‘lgan holda hamma bilan o‘z shartlarida kurashishga tayyorlanayotganini anglatuvchi signaldir. Qaysidir ma'noda bu siyosatni savdo urushi davrida AQSh hukumati tomonidan Xitoyga nisbatan ko‘plab moliyaviy cheklovlar natijasida Kommunistik partiya tomonidan chiqarilgan o‘ziga xos xulosa sifatida ham baholash mumkin.

Hammasi qachon boshlangan edi

Dastlab, Milliy raqamli valutani ishlab chiqish Xitoy xalq banki tomonidan 2014 yilda ichki guruh tuzilishidan boshlandi. 2016 yilda markaziy bank Raqamli valuta instituti deb nomlangan bo‘lim yaratdi.

Xitoy rasmiylari Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2018 yilda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan axborot texnologiyalari sohasiga bag‘ishlangan konferensiyasida Xitoy raqamli valutasi qanday ishlashi va uning kelajagini sun'iy intellekt va robototexnika yutuqlari bilan baholagandi.

2018 yil oxirida Xitoy tadqiqotchilari CBDC’ning rivojlanishi mamlakat uchun iqtisodiy tahdidlarning kamayishi va jahon bozorida dollarning dominantligiga zarba berishi mumkinligini ta'kidlagan.

2019 yil oxirida Shanhayda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Xitoy xalqaro iqtisodiy birjalar markazi raisi o‘rinbosari Xuang Qifan Xitoyning raqamli valuta loyihasini AQShning banklararo moliyaviy xabar almashishdagi moliyaviy va siyosiy ta'siriga qarshi himoya sifatida e'tirof etgan.

Joriy yilning mart oyidan boshlab, elektron xitoy yuani Shenchjyen, Shanhay va Pekin kabi yirik shaharlarda eng so‘nggi sinovdan o‘tkazilishi boshlandi.

O‘tgan yil davomida Shenzhen, Suzhou, Hingan va Chendu shaharlarida raqamli pul sinovlari o‘tkazilgan.

«Dunyo bo‘ylab markaziy banklar tomonidan tezroq harakatlana oladigan va eng kam ta'minlangan kishilarga ham onlayn moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatini beradigan raqamli pullarning yangi shakllarini sinab ko‘rishga qaratilgan harakatlar boshlandi», deyiladi hukumat bayonotida.

Ayni paytda Xitoy xalq banki mamlakat bo‘ylab barcha shaharlarda raqamli yuanni sinovdan o‘tkazishni amalga oshirdi va virtual valutani chiqaradigan birinchi yirik markaziy bank sifatida qayd etilmoqda.

Xitoy rasmiylari raqamli valutani mamlakatdagi banknotalar va tangalarni almashtirish, kripto-valutalardan foydalanishni kamaytirish va mavjud bo‘lgan xususiy sektorni elektron to‘lovlar tizimiga o‘tkazishni kuchaytirish, deya izohlayotgan bo‘lsa-da, amalda yaqin kelajak uchun katta yutuqlarga umid qilmoqda.

Raqamli yuan kelasi yil Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki olimpiada o‘yinlarida faol ravishda targ‘ib qilinishi kutilmoqda. Bu, Xitoy hukumati umid qilganidek, valutani xalqaro miqyosga olib chiqish uchun o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tashi mumkin.

Xalqaro maydonda raqamli valutaga nisbatan qiziqish kuchayib bormoqda

Raqamli valutalarni iqtisodiyotga joriy qilishda xalqaro maydonda Xitoy yetakchilik qilmoqda. Xalqaro hisob-kitob banki tadqiqotlariga ko‘ra, Xitoyda 2020 yil boshidan boshlab 63ta Markaziy banklarning 80 foizi CBDC’lar bo‘yicha tadqiqotlar va tajribalar o‘tkazgan.

Raqamli valutalar pul-kredit siyosatini to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatish imkoniyati mavjudligi va raqamli to‘lov infratuzilmasining xavfsizligi sabab ko‘pchilik davlatlarda qiziqishni kuchaytirmoqda. Urugvay, Shvetsiya va Bagama orollari kabi mamlakatlarda ham raqamli valutalar sinovi o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, Xitoy raqamli pullarni sinovdan o‘tkazishni amalga oshirishni kuchaytirgan eng yirik iqtisodiyotdir.

Xalqaro hisob-kitoblar banki ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 12 oy ichida 60dan ortiq mamlakatlarda milliy raqamli valutalar bilan tajriba o‘tkazilgan.

Xitoy xalq banki ma'lumotlariga ko‘ra, CBDC bir soniyada kamida 250 mingta tranzaksiyalarni amalga oshiradi va oxirgi bir yilda Xitoyda raqamli valuta bilan savdo qilish ulushi 50 foizdan ko‘proq miqdorda oshgan.

Shuningdek, Xitoy xalq banki va Yevropa markaziy banki o‘rtasida raqamli valutani rivojlantirish to‘g‘risida shartnoma tuzildi. Bu Xitoy tomoni erishgan eng katta muvaffaqiyatli qadam hisoblanadi. AQShning bosimi ostida ko‘plab G‘arb davlatlarida Xitoyning raqamli kompaniyalariga taqiq va cheklovlar o‘rnatilganidan keyingi davrda bu shartnoma Xitoy tomoni uchun juda muhim yurish hisoblanadi.

Qo‘shma Shtatlar qanday yo‘l tutmoqchi?

Bayden jamoasi Xitoyning raqamli yuanidan kelib chiqadigan potensial tahdidlar bo‘yicha allaqachon o‘ylashni boshlagan. Xitoyning raqamli yuanga oid rejalarini tekshirish kuchaytirilmoqda, ba'zi rasmiylar bu qadam dollarni dunyoning ustun zaxira valutasi sifatida ag‘darish bo‘yicha uzoq muddatli reja ekanligini ta'kidlamoqda.

Amerikalik mutaxassislarning fikricha, raqamli valuta siyosatida biror-bir yirik kuch Xitoyga teng emas. Uning dastlabki harakatlari dunyoning qolgan qismi raqamli valutalar bilan qayerga borishini ko‘rsatishi mumkin.

«Bu Xitoy iqtisodiyoti yanada aqlli va real vaqtda ma'lumotlarga asoslangan bo‘lishi uchun ma'lumotlarni yig‘ish va ushbu ma'lumotlardan foydalanishga yangi vositalarni ishlab chiqish imkoniyatini beradi», dedi Yangi Amerika xavfsizlik markazi tadqiqotchisi Yaya Fanusi.

Xitoy Markaziy banki raqamli yuandan xalqaro to‘lovlarda foydalanish imkoniyatlarini o‘rganayotgani sababli, AQSh ham raqamli dollar yaratish masalasini faol ko‘rib chiqishni boshladi.

AQSh hukumati Federal rezervlar tizimi raisi Jyerom Pauellning ta'kidlashicha, AQSh bu borada birinchi bo‘lishi shart emas, Qo‘shma Shtatlar bu ishni to‘g‘ri amalga oshirishi talab etiladi.

«Xitoyning moliya tizimi o‘ta zaif va dollarning dunyo zaxira valutasi maqomiga haqiqiy tahdid solishi mumkin emas. Bundan tashqari, odamlar AQSh regulyatoriga Xitoyga qaraganda ko‘proq ishonishadi», deb izoh bildirdi AQSh valuta-moliya institutlari forumi raisi Mark Sobel.

Boshqa bir tahlilchi, AQSh G‘aznachilik kotibi Janet Yellen suveren raqamli valutalarni ishlab chiqarishni ko‘rib chiqishni boshlash mantiqan to‘g‘ri bo‘lishini aytmoqda. Uning fikricha, dollarning raqamli versiyasi AQShda kam daromadli uy xo‘jaliklari orasida moliyaviy to‘siqlarni hal qilishga yordam beradi.

Xulosa o‘rnida

XIX asrning asosiy zaxira valutasi shubhasiz, Buyuk Britaniyaning funti edi. Britaniya imperiyasi gullab-yashnagan davrda bu xalqaro tijoratning qoni va imperiya qudrati saqlanib turishi uchun barqaror omil bo‘lib xizmat qilgan. Hozirgi kunda bu rolni shubhasiz AQSh dollari o‘ynaydi, garchi bir qutbli dunyo ko‘p qutbliga aylangan bo‘lsa-da, xalqaro savdoda dollar yetakchiligini saqlab qoldi.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Xitoyning raqamli valuta strategiyasi global iqtisodiy kuch markazini o‘zgartirishda muhim omil bo‘ladi, ammo ayni paytda xalqaro hisob-kitob operatsiyalarining 60 foizi hali ham AQSh dollarida amalga oshirilmoqda. Xitoy yuani esa global valuta zaxiralarining atigi 2 foizini tashkil qiladi.

Pandemiya davrida Pekin rasmiylari tuzilayotgan ko‘plab savdo shartnomalarni raqamli valutada amalga oshirishga harakat qildi. Hukumat rasmiylari global moliya tizimida mustahkam o‘rnashish va AQShning xalqaro standartlarni belgilovchi rolini yo‘qotish maqsadida raqamli valuta siyosatini joriy qilishda yetakchilikka intilmoqda.

Ko‘pchilik Xitoyning elektron pul siyosatiga shubha bilan qarayotgan bo‘lsa-da, hozirda jahon bozori Yevropadan Osiyoga tomon ko‘chmoqda. Bu hududdagi mamlakatlarning juda katta qismining tashqi savdo aylanmasida Xitoy yetakchilik qiladi. Bundan tashqari, dunyoning global kuchga ega kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilari uchun ham mahsulot sotishda Xitoy eng katta bozor hisoblanadi. Savdo urushi paytida birgina Janubiy Koreya va Avstraliyaga nisbatan eksport taqiqi qo‘yilishi, bu mamlakatlarga qanchalik iqtisodiy ta'sir ko‘rsatganini va yon berishga majbur qilgani ham kuzatildi.

Bir necha yil oldin global ishlab chiqarishda kichik ulushga ega bo‘lgan Xitoy iqtisodiyoti bugungi kunda bu ko‘rsatkichni 14,5 foizga olib chiqdi. Agar Xitoy o‘zining raqamli pullarini mamlakatdan tashqariga olib chiqib, keng tarqalishiga erisha olsa, bu dollarning xalqaro dominant valuta sifatidagi roliga jiddiy zarba beradi. Shuningdek, Xitoyning Amerika sanksiyalaridan qochishi va mamlakat moliya tizimini ximoya qilishda elektron yuan tayanch vazifani o‘tashi mumkin.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid