O‘zbekiston | 09:34 / 18.04.2021
4401
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 400 mingdan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir kun ichida respublikaning barcha hududlarida 33 mingdan ortiq kishi koronavirusga qarshi emlanib, shu vaqtgacha vaksina qabul qilganlar soni 400 mingdan ortiqni tashkil etayotgani haqida xabar berdi.

«17 aprel kuni mamlakatimiz hududlari bo‘ylab jami 33 208 nafar kishi COVID-19'ga qarshi emlandi. 

Shu tariqa ayni kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 403 136 nafarga yetdi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida. 

17 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni:

  • Farg‘ona viloyati (4545 nafar),
  • Qashqadaryo viloyati (4350 nafar),
  • Samarqand viloyati (4344 nafar) band qildi. 

Koronavirusga qarshi emlangan jami aholi soni:

  • Farg‘ona viloyatida 58529 nafar, 
  • Andijon viloyatida 44309 nafar, 
  • Namangan viloyatida 40664 , 
  • Samarqand viloyatida 36178 nafarni tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan viloyatlar markazlari va katta shaharlarda boshlandi. May oyida emlash tadbirlari tuman markazlari va kichik shaharlarda amalga oshiriladi.

Vaksina 65 yoshdan oshgan fuqarolarga va COVID-19'ni yuqtirish xavfi bo‘lgan tibbiyot xodimlariga bepul berilmoqda. Iyun oyida esa boshqa aholi qatlamini ham emlashni boshlash rejalashtirilgan.

Ayni paytda o‘zbekistonliklar AstraZeneca va Xitoy va O‘zbekiston hamkorligidagi ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi bilan emlanmoqda. 

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzuga oid