O‘zbekiston | 17:00 / 19.04.2021
12803
9 daqiqa o‘qiladi

Internetdagi muhokamalar, sifat va yangi shartnomalar - Angren shina zavodiga press-tur

15 aprel kuni «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan jurnalist va blogerlar uchun Toshkent viloyati Angren shahridagi shina zavodiga press-tur tashkil qilindi.

Rasmiy nomi «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ bo‘lgan bu zavod 2014 yilda tashkil etilgan. 2018 yilda esa zavodda birdaniga avtomobil va qishloq xo‘jaligi shinalari, rezina-mato va rezina-simli konveyer lentalari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Ma'lumot berilishicha, hozirga kelib shinalar va konveyer uchun lentalar ham ishlab chiqarayotgan zavod Germaniya, Gollandiya, Italiya, Yaponiya va Xitoydan olib kelingan zamonaviy uskunalarga ega.

Zavodning rejalashtirilgan ishlab chiqarish quvvati 3,0 million dona avtomobil shinalari, 200 ming dona qishloq xo‘jalik shinalari va 100 ming pogon metr konveyer lentalarini tashkil etadi.

2019 yildan bugungi kunga qadar korxona tomonidan qiymati 266 mlrd so‘m bo‘lgan 704,1 ming dona avtomobil shinalari, 16,9 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari va 72,9 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarilgan.

Nima uchun yangi qurilgan korxona mahsulotlari xaridorgir bo‘lib ketmayapti?

Sayohat davomida jurnalist va blogerlar zavod direktori G‘ulomjon Ibragimovga ushbu savol bilan ham murojaat qilishdi.

Zavod direktori esa yo‘l-yo‘lakay savolga quyidagicha javob berdi:

«Biz hali yangi zavodmiz. Butun dunyoda 14 ta yirik korxona mavjud. Bu yirik korxonalarning ayrimlarida, 27 ta davlatda 67 tadan zavodlari bor. Ikkinchi o‘rinda turuvchi zavodning 47 ta zavodi bor.

Bu korxonalar har yili bozorda mahsulot sotish va o‘z mahsulotini ushlab turish uchun 18 tadan 107 tagacha yangi turdagi shina ishlab chiqadi.

Bu holatni Yevropa, Amerika, Yaponiya va MDH davlatlari ishlab chiqaruvchilarining barchasida ko‘rish mumkin.

G‘ulomjon Ibragimov, Angren shina zavodi direktori

Zavodimizga 2015 yilda asos solingan, 2019 yilda Davlat komissiyasiga topshirilgan. Biz bozorga 2015 yildagi protektor bilan kirib keldik. Shuning oqibatida bizda mahsulotlarni sotishda muammolar yuzaga keldi.

Pandemiyaning bizga bergan yordami shunday bo‘ldiki, bizda mahsulotlarni bozorga moslashtirib olish uchun vaqt paydo bo‘ldi».

Korxonaga nega 40 mlrd so‘m ccuda berilgandi?

2020 yilda korxonaga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 40 mlrd so‘m ssuda berilgandi. Press-tur davomida zavod rahbariga bu ssuda nima uchun berilgani va u qanday sarflangani yuzasidan ham savol berildi.

«Bir narsani aytishim kerak. Korxona baribir davlat korxonasi. Korxona ham bir oiladay gap. Davlat ham oilasiga yordam qilganiday, korxonaga yordam qildi.

O‘sha pullar hisobiga biz ishlarni tashkil qildik. Ham mahsulot olib keldik. Biz shu ishlarni qilmaganimizda korxonaning ishi rivojlanish o‘rniga ortga ketgan bo‘lardi.

Dunyoda shinalarning rusumi, hajmiga nisbatan tanlov talablari ortib boryapti. Shina qanchalik yumshoq bo‘lsa, bozorda unga bo‘lgan talab oshib boraveradi. Shina qanchalik yumshoq va qalin bo‘lsa, narxi ham oshib boraveradi.

Berilgan yordamni shunday ishlatdikki, zavod texnologiyasini o‘zgartirmasdan, qo‘shimcha vallar olib kelib, ishlab chiqarishni o‘zgartirdik», – dedi Ibragimov savolga javoban.

Xalqaro standartlar, sifat va yangi shartnomalar haqida

Shina zavodiga sayohat davom etar ekan, zavod mutaxassislari jurnalist va blogerlarni bir qator ma'lumot va statistikalar bilan ham tanishtirib bordi.

Ma'lum qilinishicha, zavodda «Bars» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan shinalar bugun qator xalqaro standartlar talablariga mos kelishi tasdiqlangan.

Jumladan, Chexiya Transport vazirligi huzuridagi rezina texnologiyasi va sinov instituti (IGTT a.s.) Yevropa standartlariga muvofiqligini tekshirganda «Bars» shinalari Markaziy Osiyo va tabiiy iqlim sharoitlariga mos, deb tan olingan.

Bunda shinalar har qanday yo‘l qoplamasi bilan yo‘llarda foydalanish uchun javob berishi qayd etilgan.

2020 yilning noyabr oyida esa «General Motors» korporatsiyasi talablariga muvofiq, kompaniya va mahsulotlarni sertifikatlashda texnik yordam ko‘rsatish uchun «LingLong» va «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ, milliy «Bars» brendi ostida shina ishlab chiqaruvchisi o‘rtasida 4 yillik shartnoma imzolangan.

Bu shartnoma Amerikaning «General Motors» korporatsiyasi tomonidan belgilangan BIQS talablariga muvofiq «UzAuto Motors» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘lovchi avtomobillari uchun shinalar yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

«Hozirda korxona Xitoyning «LingLong» kompaniyasi texnik ko‘magi ostida mazkur talablarni bajarish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish arafasida turibdi va joriy yilning sentyabridan boshlab Damas avtomobillari uchun yil yakuniga qadar 60 ming dona avtomobil shinalari yetkazib beriladi. 2023 yilga kelib esa «UzAuto Motors» AJga 7 turdagi 37,4 mln dollar qiymatidagi 1,2 mln dona avtomobil shinalari yetkazib berish rejalashtirilgan.

2021 yilda korxona tomonidan umumiy qiymati 538,6 mlrd so‘m bo‘lgan 1,6 mln dona avtomobil shinalari, 30 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari va 73,5 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarilishi va shu bilan birgalikda yangi turdagi jami 47 xil xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishga o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtirish rejasi 40 foizga yetkaziladi.

2021 yilda qiymati 581 ming dollarlik mahsulotlar eksporti rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda «AVTOVAZ» (Rossiya Federatsiyasi) kompaniyasidan 10 ming dona va «Giant Motors» (Ozarboyjon) kompaniyasidan 76 ming dona avtomobil shinalari uchun buyurtma kelib tushgan.

Shuningdek, zavod 3 turdagi qishloq xo‘jalik shinalarini ishlab chiqaradi. Rezina-mato va rezina-simli 60 dan ortiq turdagi konveyer lentalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi», – dedi zavod mutaxassislari.

Jo‘rabek Mirzamahmudov, «O‘zkimyosanoat» AJ raisi

Press-tur davomida korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning O‘zbekistonga import qilinayotgan mahsulotlardan ko‘ra arzonroq ekani ta'kidlandi.

Jumladan, bir muddat Toshkent viloyati hokimi bo‘lib ishlagan va hozirda ushbu zavodga direktorlik qilayotgan G‘ulomjon Ibragimov bu haqda shunday dedi:

«Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari respublika hududiga import qilinayotgan aksariyat mahsulotlardan sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori bo‘la turib, narx jihatidan ularga nisbatan arzon.

«Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ konveyer lentalari mahalliy gigantlarning ishlab chiqarish sikllarida kuchli o‘rinni egalladi, ular sifat xususiyatlari va chidamligi bilan mashhur.

Jamiyatda ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari (o‘rtacha narxi – 25 dollar ekv.) sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha Koreya Respublikasidan import qilinayotgan mahsulotlar (o‘rtacha narxi – 40-45 dollar ekv.) bilan bir xil darajada bo‘lib, narx jihatidan ularga nisbatan arzon hamda Xitoydan import qilinayotgan sifat darajasi past mahsulotlar bilan bir xil narxda realizatsiya qilinmoqda».

Zavodning sifat nazorat bo‘limida faqat ayollar ishlaydi

Ma'lum bo‘lishicha, shina zavodining sifat nazorat bo‘limida faqat ayollar ishlar ekan. Tabiiyki, zavod sayohatiga kelgan barchani bu ma'lumot qiziqtirib qo‘ydi va uning sababi haqida so‘raldi.

«Chunki ayollarda ko‘rish qobiliyati erkaklarnikiga qaraganda ancha yaxshi bo‘ladi. Butun jahon ayollar IQ’sida ham ayollar balandroq yuradi. Shu sabab dunyodagi boshqa ko‘plab zavodlarda ham sifat nazoratida ayollar o‘tirishadi», – dedi zavodning sifat nazorati bo‘limi boshlig‘i Elzod Tursunov.

Press-tur yakunida «O‘zkimyosanoat» AJ va shina zavodi rahbarlari, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov ishtirokida matbuot anjumani ham o‘tkazildi.

Unda jurnalist va blogerlar zavodning faoliyati va kelgusidagi strategik maqsadlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Shina zavodiga safar va matbuot anjumani tafsilotlarini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid