Jamiyat | 18:05 / 19.04.2021
71687
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda prezidentni ijtimoiy tarmoqlar orqali haqoratlagan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi

Jizzax viloyati Baxmal tumanida O‘zbekiston prezidentini internetda haqoratlagan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 1969 yilda Baxmal tumanida tug‘ilgan fuqaro V.K internetning YouTube va Facebook tarmoqlarida «V.K» (nomi qisqartirilgan) profillar ochib, ushbu profillari orqali turli mavzularda internet tarmoqlari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishlar qilgan.

U o‘z chiqishlarida prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka noto‘g‘ri talqin qilib, O‘zbekiston prezidentini internet tarmoqlari orqali haqoratlab, davlat rahbarining obro‘siga putur yetkazish va kamsituvchi ma'lumotlarni tarqatib, tuhmat qilib kelayotgani holati aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan DXX Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston prezidentini internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avvalroq O‘zbekistonda prezidentini internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangani, blogerlar va sayt egalariga axborot tarqatishda qo‘yilgan talablar kuchaytirilgani hamda ommaviy tartibsizlik va zo‘ravonlikka da'vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid