Iqtisodiyot | 17:00 / 19.04.2021
24510
3 daqiqa o‘qiladi

«Obnal»ning 2-to‘lqini: DSQ qariyb 15 ming korxonaga QQS summasini qayta hisoblash to‘g‘risida xabarnoma yubordi

Davlat soliq qo‘mitasi yanvar-mart oylarida taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar avtomatik tarzda tahlil qilingach, ular QQS to‘lamaganini ma'lum qildi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, 14 988ta soliq to‘lovchi tomonidan QQS bo‘yicha budjetga umuman to‘lov amalga oshirilmagan va soliq qarzi mavjud bo‘lgan holda o‘z kontragentlariga yirik miqdorda elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilgan.

«Soliq to‘lovchilarga o‘z faoliyatida lozim darajada ehtiyotkor bo‘lishlari uchun qulaylik yaratish va ularning kontragentlari to‘g‘risida qo‘shimcha ma'lumot berish maqsadida 14 988 ta korxona tovar va xizmatlar sotib olganligi natijasida hisobga olinadigan QQS summasini qayta ko‘rib chiqishlari va zarur hollarda tuzatish kiritish bo‘yicha qayta aniqlashtirilgan hisobot taqdim etishlari yuzasidan shaxsiy kabineti orqali xabarnoma yuborildi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Ma'lum qilinishicha, Davlat soliq qo‘mitasi ushbu holatlar yuzasidan har bir soliq to‘lovchiga ularning kontragentlari bilan amalga oshirilgan operatsiyalari bo‘yicha to‘liq ma'lumot tayyorlab, ularga yetkazgan.

Hozircha 14 988 soliq to‘lovchi tomonidan budjetga qancha soliq to‘lanmagani, shuningdek, fevral oyida xabarnoma yuborilgan soliq to‘lovchilar 15 mingtalik adadga kirish yoki kirmasligi haqida ma'lumot olish imkoni bo‘lmadi. Shu va boshqa savollar yuzasidan DSQ munosabati kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi» (obnalchi) firmalar bilan kurash boshlab, 396ta korxonani shubhali korxonalar ro‘yxatiga kiritgan edi. Natijada ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarining hisobga olingan QQS summasi bekor qilingan.

DSQ shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlaridan budjetga to‘lanmagan 1 trillion so‘mga yaqin QQS summasi undirilishini ma'lum qilgach, tadbirkorlar e'tiroz bildira boshladi.

23 fevral kuni tadbirkorlar bilan uchrashgan Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev QQS summasini baribir to‘lash kerakligini aytib, buning uchun 6 oylik amnitsiya berilishini bildirdi.

Aprel oyida 8 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yekti 1 mayga qadar qayta hisobot topshirsa, javobgarlikka tortilmasligi ma'lum qilindi.

Masala atrofida muhokamalar davom etmoqda.

Mavzuga oid