Ruslanbek Davletov viloyat hokimlarining Senatga a'zoligi hamda ularning mahalliy kengash raisi sifatida ishlashiga munosabat bildirdi
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov iqtisodchi Behzod Hoshimovning «Hoshimov iqtisodiyoti» loyihasi mehmoni bo‘lib, viloyat hokimlari bir vaqtda ham senator ham o‘z hududlaridagi xalq deputatlari viloyat kengashining raisi lavozimida ish yuritishi qanchalik to‘g‘riligi haqidagi savol yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Vazir hokimlar Senatga mahalliy deputatlar orasidan saylanishini eslata turib, Senat hududiy vakillik organi ekanligini, u yerda partiyaviy yondashuv va qandaydir siyosiy qarashlar yo‘qligini ma'lum qildi.
«Senatorlar har bir hududning o‘z manfaatlarini Senatga kelib ifoda etish uchun ishlaydi. Har bitta hududdan 6 nafar senator bo‘lsa, viloyat hokimi shulardan biri sifatida bu yerga saylanib kelyapti. Viloyat hokimi o‘z hududidagi eng katta davlat xizmatchisi bo‘lganidan keyin u ham Senatga saylanyapti.
Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga institutsional davlat organlarining o‘zaro munosabati nuqtayi nazaridan qarash kerak.
Qonunchilik palatasida bunga (viloyat hokimining saylanishiga) umuman yo‘l qo‘yilmaydi. Senat esa hududiy vakillik organi bo‘lgani uchun, u yerda siyosiy partiyalar va fraksiyalar bo‘lmagani uchun bu yerda hududiy ishtirokka yo‘l qo‘yilgan», – dedi Ruslanbek Davletov.
Shuningdek, adliya vaziri Senat qonun chiqaruvchi hokimiyat organiga tegishli bo‘lsa-da, qonunchilik tashabbusiga ega emasligi, ya'ni senator biror qonunni ishlab chiqish kerak, deb tashabbus ko‘rsata olmasligi, qonunning matni ustida ham ishlamasligi va Senatning vazifasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunni yo ma'qullash yo quyi palataga qaytarib yuborish hisoblanishini ta'kidladi. Vazirga ko‘ra, shu nuqtayi nazardan ham bu yerda Senat hududiy vakillik organi sifatida qonunchilik jarayoni bilan aralashib ketmagan va shu tufayli ham Senatda ijro hokimiyati vakili sifatida viloyat hokimining faoliyat yuritishi hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga zid emas.
Bundan tashqari, Ruslanbek Davletov mahalliy kengashga hokimlarning raislik qilishi masalasiga to‘xtalar ekan, bu bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan qonun loyihasi ishlab chiqilib, unda hokimlarning kengash raisi bo‘lolmasligini belgilovchi qoida nazarda tutilganini, ayni vaqtda loyiha ko‘rib chiqilayotganini, uning o‘zi ham hokim bir vaqtning o‘zida kengash raisi bo‘lmasligi tarafdori ekanini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
12:27 / 19.11.2024