Iqtisodiyot | 18:37 / 19.04.2021
82035
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri ayrim mahsulotlar narxi bo‘yicha dunyoning qimmat shaharlarini ortda qoldirdi

O‘zbekiston poytaxtida kungaboqar yog‘i narxi London, Berlin va Madriddagidan ham qimmatroq. Toshkent mol go‘shti qimmatligi bo‘yicha MDHda oldi o‘rinlarda turadi. Yevropadagi 16 ta poytaxt-shaharda banan, apelsin va limon Toshkentdagidan arzon.

Foto: Getty Images

Toshkent shahri qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarining ayrim turlari narxi bo‘yicha dunyoning eng qimmat qator shaharlarini ham ortda qoldirmoqda. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti e'lon qilgan o‘rganishlarda bunga guvoh bo‘lish mumkin.

Institut Toshkent shahri supermarketlaridagi narx-navolarni MDH hamda Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi narxlar bilan taqqosladi. Qiyosiy tahlil 28 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini qamrab olgan.

Quyida qiymati bo‘yicha xavotir uyg‘otayotgan TOP-10 mahsulot keltiriladi:

1. Apelsin

Toshkent shahri supermarketlarida eng arzon apelsinning 1 kilogrami uchun 2,8 AQSh dollari to‘lanadi va bu tahlil qilanayotgan mamlakatlardagi o‘rtacha narxdan 90,1 foizga qimmat, eng past narx qayd qilingan Moskvadagi qiymatdan 4,3 marta yuqori.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 kg apelsin narxi AQSh dollarida

2. Limon

Toshkent supermarketlarida 1 kg limonning eng arzoni 2,8 AQSh dollari turadi. Bu esa, taqqoslanayotgan shaharlardagi o‘rtacha narxdan 69,4 foizga, eng arzon narx qayd qilingan Anqaradan 3,3 barobarga qimmat demakdir.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 kg limon narxi AQSh dollarida

3. Banan

1 kg bananning eng arzoni Toshkent supermarketlarida 2,1 AQSh dollari bo‘lib, bu o‘rtacha narxdan 55,7 foizga, Moskva shahrida qayd etilgan eng past narxdan 2,7 barobarga balanddir.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 kg banan narxi AQSh dollarida

4. Qadoqlangan sut

Toshkent supermarketlarida qadoqlangan sutning bir litri 0.82 AQSh dollarini tashkil etishi aniqlangan. Bu esa, taqqoslanayotgan mamlakatlardagi o‘rtacha narxdan 18,8 foizga hamda eng arzon sut sotiladigan Bishkekdagi narxdan 93,0 foizga yuqoridir. Pasterizatsiyalangan sut qimmatligining asosiy sababi sifatida bozorda raqobat muhiti yaxshi rivojlanmagani ko‘rsatilgan.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 l sut narxi AQSh dollarida

5. Margarin

Toshkent supermarketlarida 1 kg margarinning eng arzoni 2,2 dollar turadi. Bu esa, tahlil qilinayotgan mamlakatlardagi o‘rtacha narxdan 20,2 foizga, Bishkekdagi eng arzon narxdan 85,6 foizga qimmatdir.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 kg margarin narxi AQSh dollarida

6. Kartoshka

Toshkent supermarketlarida eng arzon kartoshkaning 1 kilogrami 0,46 AQSh dollarini tashkil etadi. Bu Anqaradagi eng arzon kartoshkadan 2,3 marta qimmatdir.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 kg kartoshka narxi AQSh dollarida  

7. Mandarin

Toshkent supermarketlarida eng arzon mandarin kilogrami 1,7 AQSh dollari turadi. Bu Moskvada qayd etilgan eng arzon mandarindan 87,9 foizga qimmat demakdir.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 kg mandarin narxi AQSh dollarida

8. O‘simlik moyi (kungaboqar)

Toshkent supermarketlarida 1 litr kungaboqar moyi 1,7 AQSh dollaridan sotilgan bo‘lib, tahlil qilinayotgan mamlakatlar poytaxtlaridagi supermarketlar o‘rtacha narxidan 6,7 foiz yuqori. Bishkekdagi eng arzon kungaboqar moyidan 2 marta qimmat.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 l kungaboqar moyi narxi AQSh dollarida

9. Makaron mahsulotlari

Toshkent supermarketlarida eng arzon makaron mahsulotining 1 kilogrami 0,83 AQSh dollari bo‘lib, Minsk shahridagi eng arzon makarondan 83,4 foizga qimmat.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 kg makaron narxi AQSh dollarida

10. Mol go‘shti

Toshkent supermarketlarida 1 kg mol go‘shtining eng arzoni 5,2 dollar bo‘lib, Minskda qayd qilingan eng arzon narxdan 56,5 foizga yuqoridir.

MDH va Yevropa mamlakatlari poytaxtlaridagi supermarketlarda 1 kg mol go‘shti narxi AQSh dollarida

***

6 aprel kuni Agrosanoat majmuini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha loyiha xodimlari Toshkent shahrining 4ta yirik savdo nuqtasi, «Chorsu» va «Farxod» bozorlari hamda «Korzinka» va «Makro» supermarketlarida 28ta mahsulot narxi bo‘yicha monitoring o‘rganishlarini olib borgan. Bunda savdo nuqtasidagi eng past narx inobatga olingan.

O‘rganishlar doirasida aniqlashicha, 2021 yil fevral oyi bilan taqqoslaganda, 28ta mahsulotning 20tasi bo‘yicha narxlar o‘zgargan. Xususan, karam, kartoshka va guruch narxlarining 14,2-17,2 foiz arzonlashuvi kuzatilgan.

Ammo, qolgan 17 mahsulot bo‘yicha narxlar ko‘tarilgani qayd etilgan. Bunda qimmatlashish borasida olma yetakchi bo‘lib qolmoqda, uning eng arzoni oxirgi 2 oyda 2 baravarga qimmatlagan. Bundan tashqari, boshqa turdagi meva-sabzavotlar mahsulotlari narxi ham oshgan. Jumladan, pomidor, lavlagi, apelsin, mandarin va bodring narxlari o‘sishi 20-50 foizdan iborat bo‘lgan. Biroq, bu narx o‘sishlari mavsumiy ta'sir hisoblanib, xavotirlanishga hojat yo‘q, deyiladi xabarda.

2021 yil fevral-aprel oylarida Toshkent shahridagi quyi chakana narxlar o‘zgarishi.

Narxlar o‘zgarishida e'tibor berish kerak bo‘lgan jihat, bu nomavsumiy mahsulotlar narxidagi o‘zgarishlardir. Bunda tovuq tuxumi yetakchi bo‘lgan. Uning narxi so‘nggi 2 oyda 15,4 foizga o‘sgan. Tuxum narxi o‘sishi tendensiyasi kelgusi oyda ham saqlanib qolishi mumkin, chunki pravoslav nasroniylari may oyi boshida Pasxa bayramini nishonlaydi.

Shuningdek, go‘sht narxi ham sezilarli ko‘tarilgan. Mol go‘shti 9,1 foizga, tovuq go‘shti 8,8 foizga, qo‘y go‘shti 3,8 foizga qimmatlagan.

O‘simlik moyi narxi 7,4 foizga oshgan, bunga jahon bozorlarida, ayniqsa, O‘zbekistonga ushbu mahsulotni eksport qiluvchi mamlakatlarda narx oshishi sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid