O‘zbekiston | 15:50 / 20.04.2021
27448
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqand xalqaro aeroporti boshqaruvi davlat-xususiy sherikchilik shartlarida Air Marakanda’ga berilmoqda

Samarqand xalqaro aeroportining boshqaruv huquqi davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida, katta soliq imtiyozlari bilan tadbirkor Baxtiyor Fozilovga qarashli Air Marakanda kompaniyasiga berilmoqda.

Joriy yil 15 aprel kuni davlat rahbariga qiymati 238,2 mlrd so‘m bo‘lgan Samarqand xalqaro aeroportining rekonstruksiyasi jarayonlari taqdimoti o‘tkazildi. Ta'kidlanishicha, ayni damga qadar loyihaga ajratilgan mablag‘ miqdori 200 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Joriy yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan yangi aeroport «ochiq osmon» rejimida ishlaydi va 1000 kishi ish bilan ta'minlanadi.

«O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorining 2-ilovasi bo‘lgan «2021 yilda yirik ishlab chiqarish obektlari va quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha Manzilli dastur»da esa Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruksiyasi uchun davlat budjetidan 62 million AQSh dollari sarflanishi ko‘rsatilgan.

Rekonstruksiyadan so‘ng shuncha davlat budjeti hisobiga bunyod etilgan Samarqand xalqaro aeroporti va aerodrom kompleksining (aeronavigatsiyadan tashqari) modernizatsiyasi hamda boshqaruvi huquqi to‘g‘ridan to‘g‘ri Air Marakanda MChJga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida 20 yil muddatga topshirilishi kutilmoqda.

Gazeta.uz’ning yozishicha, Air Marakanda kompaniyasi Samarqand xalqaro aeroporti infratuzilmasini rivojlantirishga 80 mln dollar investitsiya kiritadi hamda uni Germaniyaning Myunxen xalqaro aeroporti, Turkiyaning Istanbul xalqaro aeroporti mutaxassislari bilan hamkorlikda yirik transport va sayyohlik markaziga aylantirish rejalashtirilgan.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, Air Marakanda MChJ bor-yo‘g‘i bundan bir yil avval - 2020 yil 9 aprelda tashkil qilingan. Havo transporti sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashgan kompaniyaning ustav fondi miqdori 400 million so‘m etib ko‘rsatilgan.

Ta'sischisi esa, biznesmenlar orasida soliqlardan qochish uchun tanlanadigan ofshor hudud deya e'tirof etiladigan Kipr davlatida (Αγίου Αθανασίου, 46, INTERLINK HERMES PLAZA, Floor 4, Flat 400Α) ro‘yxatdan o‘tgan Drupola Holding Limited kompaniyasi. Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, ta'sischining o‘zi ham boy tarixga ega emas – kompaniya 2011 yil 31 yanvarda tashkil qilingan. Shuningdek, xalqaro yoki milliy darajadagi aeroportlarni boshqarish borasida tajribaga egaligi borasida ma'lumotlar yo‘q.

Drupola Holding Limited kompaniyasi kimga tegishli ekanligi haqida ochiq manbalarda ma'lumot mavjud emas. Lekin, kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan Kiprdagi yuridik manzil (Αγίου Αθανασίου, 46, INTERLINK HERMES PLAZA, Floor 4, Flat 400Α)da Ferkensco Management Limited va Eriell Holding Company Limited kompaniyalari ham ro‘yxatdan o‘tgan.

Samarqandlik tadbirkor, ERIELL Group va Enter Engineering boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov 2020 yil may oyida bne IntelliNews nashriga bergan  intervyusida Ferkensco kompaniyasining ham boshqaruvchisi ekanligini aytgan edi.

Shuningdek, Baxtiyor Fozilov Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yidagi 212 gektar maydonda qurilayotgan inshootlar, kongress holl, Marakanda Hotel Group brendi ostidagi mehmonxonalar va dam olish maskanlaridan iborat turizm markazini qurayotgan Samarkand Touristic Centre kompaniyasining 60 foizlik egasi hisoblanadi.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov ham shunday muhim obektni raqobatsiz, boz ustiga shubhali kompaniyaga berib yuborilganini tanqid qildi.

«Agar Air Marakanda MChJ rostanam Samarqand aeroportiga qiziqayotgan bo‘lsa, aeroportni sotuvga qo‘ymaysizlarmi? Ochiq savdoda, boshqa talabgorlar bilan raqobatlashib sotib olmaydimi? O‘sha va'da qilinayotgan 80 mln dollarlik investitsiyani sarflamaydimi?

Davlat qariyb 24 mln dollar pul sarflab aeroportni qayta qursayu, keyin uni havoyi va'da berayotgan ofshorga qo‘sh-qo‘llab topshirsa? Bunda qanday iqtisodiy mantiq va ma'no bor?» – deb yozadi bloger.

Soliq imtiyozlari

Bundan tashqari, 2021 yil mart oyida qabul qilingan «Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan Air Marakanda MChJ toifasidagi kompaniyalarga katta soliq imtiyozi berilmoqda.

Ya'ni respublika aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya, modernizatsiya, ekspluatatsiya qilish va boshqarish loyihalarini amalga oshirishda bitim imzolangan kundan boshlab uch yil muddatga xususiy sheriklar, ular tomonidan jalb qilinadigan loyiha tashkilotlari, operatorlar, maslahatchilar, pudratchilar va subpudratchilar:

  • olib kiriladigan maxsus transport vositalari, yo‘l-qurilish texnikasi, mashinalar, mexanizmlar, uskunalar, xomashyo, materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, uzellar, texnologik va loyiha hujjatlari, dasturiy ta'minot, jihozlar, shu jumladan, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan pudrat qurilish tashkilotlarini jihozlashga mo‘ljallangan maxsus yo‘l-qurilish texnikasi va uskunalari uchun bojxona bojidan;
  • olib kiriladigan transport vositalari (yengil avtomobillardan tashqari) va maxsus texnika uchun utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.

Shuningdek, xususiy sheriklar va aeroportlar foyda solig‘ini, shu jumladan dividend to‘lashda ushlab qolinadigan foyda solig‘ini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida to‘laydi hamda aeroportlar uchun mol-mulk solig‘ining belgilangan stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Mavzuga oid