O‘zbekiston | 07:59 / 21.04.2021
13235
2 daqiqa o‘qiladi

Buloqboshi tumani soliq bosh inspektori firibgarlik jinoyati ustida ushlandi 

Buloqboshi tumani Davlat soliq inspeksiyasi davlat soliq bosh inspektori firibgarlik jinoyati ustida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va DSQning Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida, Buloqboshi tumani Davlat soliq inspeksiyasi davlat soliq bosh inspektori M.X. o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaro A.ning otasiga tegishli 0,33 gektar noturar yer maydonining soliq qarzdorligi mavjud bo‘lmasa-da, ushbu yer maydoni bo‘yicha 30 mln so‘m soliq qarzdorligi borligini aytib, ushbu qarzdorlikni bartaraf qilib berishi evaziga 15 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan M.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Andijonda 100 gektar yer ajratib berish evaziga 128 ming dollar olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olingani xabar qilingandi

Mavzuga oid