O‘zbekiston | 10:56 / 21.04.2021
3920
2 daqiqa o‘qiladi

Buvaydada kundoshining 9 yoshli qizining boshiga urib, kanalga tashlab yuborgan ayol qo‘lga olindi

Bosh prokuratura axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 14 aprel kuni Buvayda tumani IIB navbatchilik qismiga “Maslahat” MFY hududidan oqib o‘tgan “Oyimtarra” kanaliga yosh qizcha noma'lum ayol tomonidan urib, tashlab yuborilgani haqida xabar kelib tushgan.

Mazkur xabar asosida o‘tkazilgan tezkor-tergov harakatlari davomida, fuqaro M.Ye. turmush o‘rtog‘i B.Y. bilan shar'iy nikoh asosida yashab kelayotgan fuqaro M.J.dan rashk qilib, o‘ch olish maqsadida uning 2012 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizi F.F.ni 14 aprel kuni maktabdan aldab, “Oyimtarra” kanali yaqiniga olib kelib, qasddan o‘ldirish maqsadida noma'lum jism bilan uning bosh sohasiga urib, kanalga tashlab yuborgan.

Ushbu holatni ko‘rib qolgan Buvayda tumanida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan Sh.Yangiyevning jasorati tufayli F.F. kanaldan qutqarib olinib, hayoti saqlab qolingan.

Mazkur holat yuzasidan Buvayda tuman prokuraturasi tomonidan JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.Ye.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maktab o‘quvchisi Sh.Yangiyevning bu harakatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida Farg‘ona viloyat prokurori va viloyat IIB boshlig‘ining buyruqlari bilan unga tashakkurnoma e'lon qilinib, tadbirda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan. 

Avvalroq  tumanning «Oqtepa» MFYda er qaynotasini chopqi bilan o‘ldirgani haqida ma'lumot berilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid