O‘zbekiston | 08:41 / 21.04.2021
4985
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda qurolli bosqinchilik uyushtirib, tadbirkorning katta miqdordagi pulini egallamoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi

Buxorolik tadbirkor va uning oila a'zolariga nisbatan qurol qo‘llab, bosqinchilik yo‘li bilan uning katta miqdordagi pul mablag‘lari hamda tilla buyumlarini egallashni reja qilgan jinoiy guruh ushlandi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, viloyat IIB, DXX viloyat boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida, olingan tezkor ma'lumotlar asosida keng qamrovli tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda jinoiy guruh a'zolari ushbu mudhish jinoyatni sodir etishga tayyorgarlik bosqichida qo‘lga olinib, o‘ta og‘ir turdagi bosqinchilik jinoyati sodir etilishining oldi olingan.

Jinoiy guruh a'zolari qo‘lga olingan vaqtda bir dona PM jangovar quroli hamda uning 6 dona jangovar o‘qi va bir dona sovuq qurol hisoblangan o‘tkir tig‘li pichoq ashyoviy dalil sifatida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bosqinchilik) va 248-moddasi 3-qismi (qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchilar O‘zbekiston Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid