Jahon | 20:49 / 21.04.2021
31651
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada karantindagi o‘zbekistonlik muhojirlar ommaviy norozilik bildirdi. Ularning pasporti olib qo‘yilgan

Migratsiya agentligi orqali ishlash uchun borgan bir necha yuz o‘zbekistonlik Moskva oblastidagi ishchilar yotoqxonasi hududida ommaviy norozilik bildirib yig‘ildi. Ular deyarli 2 oydan buyon karantinda qolmoqda, pasportlari olib qo‘yilgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva oblastida bir necha yuz nafar o‘zbekistonlik muhojir norozilik bildirib, namoyishga chiqqani aks etgan videolar tarqaldi.

Ushbu fuqarolar – qonuniy tarzda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Rossiyaga jo‘natilgan mehnat migrantlari.

Ular uch oydan buyon yotoqxonadan hech qayerga chiqa olishmayotgani, pasportlarini olib qo‘yishgani, ishlamay shuncha vaqtdan beri yotoqxonaga qamalib qolishgani bois e'tiroz bildirishgan.

Fuqarolarga ko‘ra, ular uchun belgilangan karantin muddati 6 aprelda tugashi kerak bo‘lgan.

20 aprel kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi «ANTEK» kompaniyasiga ishga jalb qilingan fuqarolar haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, fuqarolarning karantin sharoitida bo‘lish davri cho‘zilib ketgan. Rospotrebnadzor o‘tkazgan tekshirishlarda ayrim fuqarolarda koronavirus aniqlangani sababli, ular 2 oyga yaqin vaqt davomida karantin hududida bo‘lib turibdi.

Shuningdek, ish beruvchi tashkilotlar xodimlari tomonidan ishchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari olib qo‘yilgan. Migratsiya agentligi bu faktga munosabat bildirmagan.

Qayd etilishicha, karantin hududida bo‘lib turgan fuqarolarda ishlash huquqini beruvchi patentni rasmiylashtirish uchun vakolatli organlarga murojaat qilish muddatining o‘tib ketayotgani va rasmiylashtirilgan patent uchun to‘lovlarning amalga oshirilmayotgani sababli bekor bo‘lishi kabi xavotirlar paydo bo‘lgan.

Fuqarolar uchun ovqat tashkil etish bilan bog‘liq hamda yotoqxona xavfsizligi xodimlari bilan ham muammolar yuzaga kelgan.

«Ayni paytda ushbu vaziyat nazoratga olingan bo‘lib, yuqoridagi muammolarni bartaraf etish, xususan, pasportlarni fuqarolarga qaytarish, qurilish obektlarida ish boshlash jarayonini tezlashtirish, ularning yashash va ishlash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha «ANTEK» MChJ rahbariyati bilan muzokaralar olib borilmoqda», – deyiladi agentlik axborotida.

Mavzuga oid