O‘zbekiston | 14:12 / 22.04.2021
14790
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzax ijtimoiy-iqtisodiy universiteti tashkil etiladi. Viloyatda yana bir xususiy universitet ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan

Foto: hotels.com

Jizzax viloyatida Jizzax ijtimoiy-iqtisodiy universiteti tashkil etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi saytida ma'lum qilindi.

Yangi universitetni tashkil etish bo‘yicha kelishuv viloyat hokimligi hamda «Djizakskiy mejdunarodniy uniiversitet» MChJ xorijiy korxonasi o‘rtasida imzolangan.

Jarayonda viloyat hokimi Ergash Soliyev, universitet ta'sischilaridan biri Bekzod Ahmedov va Moskva davlat ma'murchiligi instituti rektori Aleksandr Tarakanov ishtirok etgan.

Yangi universitet o‘z faoliyatini 2021-2022 o‘quv yilidan boshlashi kutilmoqda.

Qabullar esa psixologiya, boshlang‘ich ta'lim va sport-tarbiyaviy ishlar, maktabgacha ta'lim, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligida menejment, buxgalteriya hisobi va audit, turizm, mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Shuningdek, universitetning magistratura yo‘nalishida psixologiya, boshlang‘ich ta'lim va sport-tarbiyaviy ishlari, maktabgacha ta'lim, iqtisodiyot hamda qishloq xo‘jaligida menejment bo‘limlari bo‘yicha qabul tashkil etiladi.

Xabarda universitet ta'sischilaridan biri Bekzod Ahmedovning Jizzax ijtimoiy-iqtisodiy universiteti haqidagi fikrlari ham ilova qilingan.

«Universitetdagi ta'lim berish jarayoni O‘zbekiston Respublikasida qo‘llanayotgan oliy ta'lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari asosida tashkil etiladi.

Muassasada dars berish uchun o‘zbekistonlik mutaxassislardan tashqari rossiyalik o‘qituvchilarni jalb qilishni ham rejalashtirganmiz.

Endilikda, yoshlarimizning sifatli ta'lim olishi uchun chet elga borishiga hojat qolmaydi», – degan u hokimlik matbuot xizmatiga.

Kun.uz muxbiri xabar yuzasidan to‘liqroq ma'lumot olish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov bilan bog‘landi.

Ammo mulozim Jizzaxda ochilishi kelishilgan bu universitet bo‘yicha vazirlikda biror ma'lumot yo‘qligini ma'lum qildi.

«Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining bundan xabari yo‘q. Bizda faqat Jizzax viloyati hokimligining hindistonlik investorlar bilan xususiy OTM ochish bo‘yicha kelishuvi haqidagina ma'lumot bor», – dedi boshqarma boshlig‘i.

Abduvali Xoliqovning ma'lumotiga tayanilsa, yaqin orada Jizzax viloyatida yana bir xususiy universitet ochilishi kutilmoqda.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid