Iqtisodiyot | 12:02 / 23.04.2021
8249
3 daqiqa o‘qiladi

«UzAuto Motors» xalqaro moliya bozoriga ilk qimmatli qog‘ozlarini chiqarmoqda

Mazkur tranzaksiya O‘zbekiston korporativ emitentlari orasida chiqarilayotgan birinchi xalqaro obligatsiya hisoblanadi.

22 aprel kuni «UzAuto Motors» AJ jahon moliya bozori ishtirokchilariga 300 mln AQSh dollari miqdoridagi xalqaro obligatsiyalari chiqarilishini va investorlar bilan telekonferensiyalar o‘tkazilishini e'lon qildi.

Kompaniya matbuot xizmati xabar berishicha, jarayon O‘zbekiston Moliya vazirligi yordamida amalga oshiriladi.

Savdolarni bank-anderrayterlar Citi (AQSh), MUFG (Yaponiya), Natiksis (Fransiya) va Raiffeisen Bank Internationl (Avstriya) kabi xalqaro miqyosdagi yetakchi banklar tashkillashtiradi.

Kompaniyaga ko‘ra, «UzAuto Motors»AJ xalqaro obligatsiyalarni chiqarish maqsadida «S&P» va «Fitch» xalqaro reyting agentliklaridan «B+» (barqaror kutilma bilan) bahosiga ega bo‘ldi.

«Joriy yilning 22-27 aprel kunlari xalqaro investorlar uchun telekonferensiya (Global Investor Call) o‘tkazish va «yakkama-yakka» (one-on-one) formatida telekonferensiyalar davom etishi rejalashtirilgan hamda mazkur tadbirlarda bir qator davlatlar xalqaro investorlarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Xalqaro investorlar qiziqishlari va moliya bozorlarining holatidan kelib chiqib, keyingi kunlarda buyurtmalar kitobi ochilishi va xalqaro obligatsiyalarning foiz stavkasi belgilanishi kutilmoqda», deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, 2018-2020 yillarda Moliya vazirligi, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB, «O‘zmilliybank» AJ va «Ipoteka bank» ATIB tomonidan xalqaro obligatsiyalar chiqarilib, 2,65 mlrd AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar xorijiy investorlardan jalb qilingan.

Mazkur tranzaksiya O‘zbekiston korporativ emitentlari orasida chiqarilayotgan birinchi xalqaro obligatsiya hisoblanadi.

Avvalroq, «Ipoteka bank» O‘zbekiston banklari orasida birinchilardan bo‘lib xalqaro moliya bozoriga milliy valutada yevroobligatsiya chiqarishga muvaffaq bo‘lgani xabar qilingandi.

Unda 785 mlrd so‘m (75 mln AQSh dollari ekvivalenti) miqdoridagi yevroobligatsiyalari xalqaro Vena fond birjasida yillik 16 foiz (16,5 foiz effektiv) kupon stavkasi asosida muvaffaqiyatli joylashtirishga erilishilgani bildirilgan.

Mavzuga oid