O‘zbekiston | 08:21 / 24.04.2021
6215
3 daqiqa o‘qiladi

Qorako‘lchilikni rivojlantirishga 100 mlrd so‘m ajratildi

Prezidentning 2021 yil 14 apreldagi qarori bilan 2021 yil 9 fevraldagi «Qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Hujjatga muvofiq, bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Moliya vazirligi tomonidan qorako‘lchilik sohasini yanada rivojlantirishga ajratiladigan mablag‘lar miqdori oshirildi. Moliya vazirligining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘lari hisobidan 2021 yilda 15 fevralga qadar 100 mlrd so‘m, 1 mayga qadar 50 mlrd so‘m va 1 avgustga qadar 50 mlrd so‘m mablag‘larni ajratish topshirildi. Ushbu mablag‘lar ostida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari, budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari kreditlari, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar nazarda tutiladi. Mablag‘lar Markaziy bank asosiy stavkasida ajratiladi (ilgari Moliya vazirligi tomonidan «Turonbank» ATBga ajratiladigan mablag‘lar miqdori 100 mlrd so‘mni tashkil etgan).

Endi Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasi a'zolari bir yillik imtiyozli davr bilan, Markaziy bank asosiy stavkasiga ikki foizli bank marjasini qo‘shish orqali hisoblangan stavka bo‘yicha xomashyo, materiallar va furnituralar sotib olish uchun 3 yillik muddatga kredit olishlari mumkin.

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasiga «Turonbank» ATB bilan birgalikda ajratilayotgan mablag‘lar maqsadli yo‘naltirilishini tashkil qilish va har chorak yakuni bo‘yicha mablag‘lar sarflanishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hamda Moliya vazirligiga hisobot kiritilishini ta'minlash topshirildi. Ajratilgan mablag‘lar maqsadli ishlatilishi Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan nazorat qilinadi.

2022 yil 1 yanvarga qadar qorako‘lchilikni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari bojxona bojidan ozod qilinadi.

Hujjat qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada nasl ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati va eksportbopligini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Mavzuga oid