O‘zbekiston | 08:00 / 24.04.2021
3467
3 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi Beruniyda 420 mln so‘mga qurildi deb ko‘rsatilgan maktab filiali bo‘m-bo‘sh yer bo‘lib chiqqanini aytdi. Hokimlik buni rad qilmoqda

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Xalq ta'limi vazirligi va Maktabgacha ta'lim vazirliklari tizimida hududlarda kuzatilgan moliyaviy xato va mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish holatlari haqida gapirgandi

Tanzila Norboyeva «Tizimdagi qurilish-ta'mirlash ishlarida qariyb 6 mlrd so‘m noto‘g‘ri sarflangan. Beruniy tumanida 420 mln so‘mga qurilib foydalanishga topshirildi deb ko‘rsatilgan maktab filiali aslida bo‘m-bo‘sh yer bo‘lib chiqqanini aqlga sig‘dira olmayman» degandi. 

Ushbu holatga Beruniy tumani hokimligi o‘z munosabatini bildirdi. Qayd etilishicha, tumani XTBga qarashli 58-sonli umumta'lim maktabi filiali «Oltinsoy» OFY «Olmazor» aholi punkitida joylashgan. Mazkur filial bilan asosiy maktab oralig‘idagi masofa 5,5-6 kilometrni tashkil qiladi. 

Filial avariya holatiga kelib qolganligi sababli, 2019 yil mahalliy budjet hisobidan quvvati 40 o‘rinli bo‘lgan maktab filiali qurish ishlariga 420 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Bildirilishicha, qurilish ishlari «Qadambay Sifatli Qurilish» MChJ tomonidan olib borilgan. Hokimlikning ta'kidlashicha, qurilish to‘lig‘i bilan bajarilib, 2020 yil 1 sentyabrdan foydalanishga topshirildi. 

Qo‘shimcha qilinishicha, filialda hozirgi kunda 42 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 2 smenada tahsil oladi. Ularga 4 nafar o‘qituvchi ta'lim berib kelmoqda.

Rasmiy munosabat to‘liq holda yetkazildi. Xulosa o‘zingizdan, deya yakunlaydi hokimlik matbuot xizmati o‘z munosabatini.

Ma'lumot uchun, Kun.uz bu haqida 9 aprel kuni Oliy Majlisga tayanib xabar bergandi. Hokimlik oradan 26 kun o‘tib rasmiy munosabat bildirdi. Tahririyat holatni kuzatishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kegeylidagi maktabni ta'mirlashda 104,8 mln so‘mlik, Chimboydagi maktab filiali binosini rekonstruksiya qilish uchun ajratilgan mablag‘dan 105 mln so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingandi. Bundan tashqari Ellikqal'adagi maktab mas'ullari qariyb 0,5 mlrd so‘mni talon-toroj qilib yuborishgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid