O‘zbekiston | 11:04 / 27.04.2021
16632
11 daqiqa o‘qiladi

432 mln so‘mlik taklif turganda 655 mln so‘mlik davlat xaridi. Yunusobod maktabgacha ta'lim bo‘limi tuzgan bitim korrupsiyadan xolimi? 

Yunusobod bog‘chalariga 432 mln so‘mlik taklif turganda 655 mln so‘mlik davlat xaridi amalga oshirildi. Ehtimoliy ko‘zbo‘yamachilik ortidan davlat budjetiga 223 mln so‘m zarar yetgan bo‘lishi mumkin.

Yunusobod tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi tumandagi bog‘chalarga kanstovar mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovdan 432 mln so‘mlik taklif bergan firmani tushunarsiz sabablarga ko‘ra chiqarib yuborib, ayni shu buyurtma bo‘yicha 655 mln so‘mlik taklif bergan firmani tanlab olgan. Iqtisod qilinmagan summa qariyb – 223 mln so‘m.

Tahririyatga murojaat qilgan “KANSLER” MChJ vakili davlat bog‘chalariga kanstovar yetkazib berish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda nohaqlik bo‘lganini ta'kidladi.

Tanlov haqida qisqacha

2021 yil 26 mart kuni Yunusubod tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi dxarid.uzex.uz platformasida tumandagi maktabgacha ta'lim tashkilotlariga kanselyariya mahsulotlari sotib olish bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 763 mln 260 ming so‘mlik tanlov e'lon qiladi.

Tanlovda “GROCERY TRADING” MChJ 692 mln 268 ming so‘mlik, “EKONOM MAX-TRADE” MChJ 723 mln 771 ming so‘mlik va “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ 655 mln 58 ming so‘mlik takliflar bilan ishtirok etadi.

Tanlov o‘tkazuvchi komissiya yuqoridagilar orasidan eng kam summa taklif qilgan “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJni g‘olib deb topadi va shu kunning o‘zida, ya'ni 2021 yil 8 aprel kuni Yunusubod tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi bilan “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ o‘rtasida umumiy qiymati 655 mln 58 ming so‘mlik tovar yetkazib berish shartnomasi tuziladi.

“KANSLER” MChJning “o‘yin”dan chiqarilishi

Mazkur tanlovda ishtirok etish maqsadida taklif jo‘natgan beshinchi firma– kanselyariya mahsulotlari yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi “KANSLER” MChJ tanlovga boshqa ishtirokchilarga qaraganda ancha kam – 432 mln so‘mlik (!) taklif jo‘natgan bo‘lsa-da, firmaning tanlovda ishtiroki rad etiladi.

Yuqorida tilga olingan tanlov bayonnomasida ushbu firma bir qator mahsulotlarni shaxsan o‘zi ishlab chiqarmay, import qilishi, shu sababli prezidentning mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 4812-sonli qarori talablariga binoan davlat xaridlarida ishtirok etolmasligi vaji keltirilgan.

Darhaqiqat, prezidentning ushbu qarorida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llash maqsadida xorijda ishlab chiqilgan ko‘plab mahsulot va xizmatlarning davlat xaridlarida ishtirok etishini cheklash vazifasi belgilandi. Biroq, ushbu qarorga asosan Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatiga nazar tashlansa, 529 turdagi mahsulot va xizmatlar qatorida kanselyariya mahsulotlarini uchratmaymiz.

Nega bunday? Chunki, ro‘yxatni tuzgan shaxslar yaxshi biladiki, 12 varaqli daftar va boshqa kam sonli kanstovardan boshqa deyarli barcha turdagi kanselyariya mahsulotlari o‘zimizda ishlab chiqarilmaydi va xorijdan import qilinadi.

 “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ kanstovar ishlab chiqaradimi?

Masalaning yana bir qiziq jihati shundaki, tanlovda g‘olib deb topilgan “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ so‘ralgan kanstovarlarning barchasini shaxsan o‘zi ishlab chiqarishini ta'kidlagan. Bu ta'kid asosli bo‘lsa e'tiroz yo‘q, lekin ushbu holatda tanlov bayonnomasida aytilgan vajlar qanchalik asosli ekaniga ishonch hosil qilish lozim.

2021 yil 8 aprel kuni rasmiylashtirilgan tanlov bayonnomasida “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ korxonasi tanlovda qatnashgan boshqa tashkilotlarga nisbatan kerakli bo‘lgan o‘quv qurollarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi, tanlovga qo‘yilgan har bir o‘quv qurollaridan namuna tariqasida tanlovga olib kelib taqdim qilganligi, ushbu mahsulotlar komissiya a'zolari tomonidan o‘rganilganda sifati tanlov talablariga mos kelishi ta'kidlangan.

Biroq, ochiq manbalardan olingan ma'lumotda “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJning faoliyat turi sifatida kanselyariya mahsulotlari ishlab chiqarish emas, balki ixtisoslashmagan ulgurji savdo ko‘rsatilgan.

Tanlov komissiyasi raisining izohi shubhali

Ushbu holat bo‘yicha Yunusubod tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi boshlig‘i, ayni davlat xaridi bo‘yicha tanlov komissiyasi raisi – Nigora Ahmedovadan izoh oldik.

N.Ahmedova “KANSLER” MChJ taklifining rad etilganiga uning mahalliy ishlab chiqaruvchi emasligi, qolaversa, ushbu firma qolgan firmalarga nisbatan ancha kam narx bilan taklif jo‘natgani komissiya a'zolarini shubhalantirgani, xususan, 12 varaqli daftarga va sharikli ruchkaning donasiga 500 so‘mga yaqin narx berilayotgani uni hayratlantirganini ta'kidladi.

U o‘z fikrini “bozorda sharikli ruchka eng kami 1000-1500 so‘mdan ekani, 500 so‘mga ruchka topib bo‘lmasligi” bilan izohladi. N.Ahmedovaning qo‘shimcha qilishicha, arzon taklif ortidan sifatsiz mahsulot yetkazish ehtimoli ham mavjud bo‘ladi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 50-moddasida tanlovda nafaqat narxni, balki sifatni ham inobatga olish talabi qo‘yilgani sababli ham “KANSLER” MChJning taklifi rad etilgan.

“KANSLER” MChJning mahsulotlarining sifatsizligi fakti komissiya tomonidan aniqlangan yo yo‘qligi xususidagi savolimizga Nigora Ahmedova ushbu firma boshqa ishtirokchilardan farqli ravishda tanlovga mahsulotlardan namuna bermaganini bildirdi.

Shuningdek, Nigora Ahmedova tanlovda g‘olib deb topilgan “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ mahsulotlarni shaxsan o‘zi ishlab chiqarishini, komissiya a'zolari ushbu korxonaga borib, ishlab chiqarish uskunalarini va mahsulotlardan namunalarni ko‘rib, bu haqda alohida dalolatnoma tuzilganini ta'kidladi.

Bundan tashqari, u “KANSLER” MChJ tomonidan tanlov komissiyasiga 1-shakl hisobot (buxgalteriya balansi) taqdim qilinmaganini, ushbu hujjat firmaning qanchalik ishonchli ekanini bilishda muhim ekanini ta'kidladi.

“KANSLER” MChJ vakili bu fikrlarni rad etmoqda

“KANSLER” MChJ vakili tanlov shartlarida mahsulotlardan namuna berish sharti nazarda tutilmaganini, komissiyaga hujjatlarni taqdim etayotganida, basharti zarur bo‘lsa mahsulotlardan namuna berishi mumkinligini bildirganini, biroq komissiya raisi Nigora Ahmedova tomonidan namuna berish shart emasligi aytilganini ta'kidladi. Shuningdek, u narxlar shubhali emasligini, aksincha mahsulotlar ustiga yuqori narx qo‘yib yuborilmagani tufayli arzon narxlar taklif etilayotganini ma'lum qildi. Bundan tashqari, firma tomonidan tanlov shartlarida qaysi hujjatlar so‘ralgan bo‘lsa, barchasi taqdim qilinganini bildirdi.

12 varaqli daftar va sharikli ruchkani rostdan ham 500 so‘mga topib bo‘lmaydimi?

Nigora Ahmedovaning narx masalasidagi fikrlarini tekshirib ko‘rish maqsadida 12 varaqli daftar va sharikli ruchkani 500 so‘mdan topish mumkinmi, degan savol asosida kichik izlanish o‘tkazdik.

Natijalar:

12 varaqli daftar – 500 so‘m;

“DIP STYLE” rusumli sharikli ruchka – 500 so‘m;

“ALFA 2015” rusumli sharikli ruchka – 470 so‘m.

Bundan tashqari, “KANSLER” MChJ tomonidan taklif etilgan boshqa mahsulotlarning narxlari ham bozordagi narxdan unchalik katta farq qilmaydi va bozorda chakana savdo narxlari ko‘rsatilganini hisobga olsak, “KANSLER” MChJ qo‘ygan narxlar hech qanday shubhali emasligiga guvoh bo‘lamiz.

Aytish lozimki, yuqoridagi narxlar chakana savdo uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bozor qonuniyatlariga ko‘ra ulgurji savdo qilinganda bundan-da pastroq narxlar taklif etilishi mumkin.

Yolg‘onning umri qisqa...

Ochiq manbadan olingan ma'lumotda “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJning nafaqat kanstovar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmasligi, balki kanstovar savdosiga ixtisoslashmaganini ham ko‘rib o‘tgandik. Bu bilan cheklanmasdan qo‘shimcha ma'lumotlar to‘plashga urinib ko‘rdik.

Yuqorida tanlov bayonnomasida “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJning “mahalliy ishlab chiqaruvchi” deya maqtalganiga isbot sifatida Nigora Ahmedova bizga bir nechta hujjatlardan nusxalar taqdim etdi.

Biroq ushbu hujjatda “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJning faoliyat turi sifatida ofset usulda chop etish (poligrafiya) faoliyati ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, yuqoridagi ma'lumotnomada va suratlarda aks etgan uskunalar ham kanstovar mahsulotlari ishlab chiqarish emas, ko‘proq poligrafiya sohasida foydalaniladigan uskunalarga o‘xshaydi.

Aslida ham shunday ekanligi “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ ta'sischisi va rahbari Sardor Primov bilan suhbatimiz chog‘ida yanada oydinlashdi. Sardor Primov korxonaning kanstovar ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini yashirib o‘tirmadi. Uning ma'lum qilishicha, korxona kanselyariya mollarini ishlab chiqarmaydi va boshqalar qatori xorijdan olib kelingan mahsulotlarni sotish bilan shug‘ullanadi.

 Mantiqsiz va qonunga zid qaror bilan davlat budjetiga 223 mln so‘m zarar yetmoqda

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, “KANSLER” MChJning tanlovdan asossiz chetlatilishi uning manfaatlariga zid bo‘lishi bilan bir qatorda davlat budjetiga 223 mln so‘m ortiqcha xarajatga tushmoqda.

Tanlov komissiyasi tomonidan bayonnomaga yolg‘on ma'lumotlarning kiritilgani esa bu bitimni tuzishga erishishda korrupsiya alomatlar ham bo‘lishi mumkin, degan ehtimollarga yetaklamoqda.

O‘ylaymizki, ushbu holat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, prokuratura va davlat budjetining to‘g‘ri va maqsadli sarflanishi uchun mas'ul bo‘lgan Moliya organlari tomonidan o‘rganib chiqilishi lozim.

Zero, gap siz-u biz kabi soliq to‘lovchilar to‘lagan soliqlar hisobiga shakllantirilgan davlat budjetiga 223 mln so‘m zarar yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ketmoqda.

Mas'ul tashkilotlardan ushbu holatni o‘rganib chiqishni kutib qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda eng ko‘p korrupsiya qurilish, tibbiyot va maktabgacha ta'lim sohalarida yuz berayotgani ta'kidlangandi.

 Abbos Salaydinov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid