O‘zbekiston | 12:02 / 27.04.2021
44777
2 daqiqa o‘qiladi

Olimjon To‘ychiyev vazir o‘rinbosarligidan ketdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Shahloxon Turdiqulova innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Olimjon To‘ychiyev esa innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Foto: Telegram/nigoh_01

Hozircha vazirlik bu ma'lumotni rasman tasdiqlamagan. Innovatsion rivojlanish vazirligi saytida jami beshta vazir o‘rinbosarlari o‘rnidan ikkitasi bo‘sh (vakant) ko‘rsatilgan, yana bir vazir o‘rinbosari lavozimida 2018 yildan buyon Oybek Norinboyev ishlab kelmoqda.

Shahloxon Turdiqulova 2018-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi  Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori bo‘lgan, prezidentning 2020 yil oktyabridagi qarori bilan Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Olimjon To‘ychiyev 25 yoshida, 2017 yil yozida «Kamolot» YoIH qurultoyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan edi. U 2018-2019 yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligi Fan, ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. O‘zbekiston prezidentining 2019 yil noyabridagi qarori bilan Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga muvofiq, Innovatsion rivojlanish vazirligi markaziy apparatining tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritilib, 5 nafar vazir o‘rinbosari lavozimlaridan faqat 1 nafar vazir o‘rinbosari lavozimi qoldirildi.

Mavzuga oid