O‘zbekiston | 08:29 / 27.04.2021
29594
4 daqiqa o‘qiladi

Qayerga shoshasiz? - haydovchilarga murojaat

1962. O‘tgan yili 1962 nafar yurtdoshimiz avariyalar tufayli so‘nggi so‘zlarini aytishga yo ulgurgan, yo ulgurmagan.

O‘zbekistonda 2020 yilda 6982 ta YTH sodir bo‘lgani qayd etildi. YTHlar oqibatida vafot etganlar soni esa 1962 nafar kishini tashkil etdi.

1962 nafar yurtdoshimiz o‘zgalar yoki o‘zining xatosi qurboni bo‘lgan.

Yo‘l harakati qoidalarini kiprik qoqmay yoki qoqib buzish oddiy hol bo‘lib qoldi. Nega qoida buzamiz? Qayerga shoshamiz?

To‘g‘ri, yo‘llarning sifati qoniqarsiz, «yamalar» ko‘p, chiziqlar yaxshi chizilmagan, yo‘l belgilari noto‘g‘ri o‘rnatilgan... Bular «avariya»larga sabab bo‘ladi, biroq doim emas. Tezlikni oshirish, harakatning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqish yoki svetoforning qizil chirog‘iga o‘tishga sizni hech kim va hech narsa majbur qilolmaydi.

«Xotinimni tug‘uruqxonaga olib ketayotgandim». «Bolam kasal edi...» Ha, bunaqa paytlar ham bo‘ladi – insonmiz, tezlikni oshiramiz. Biroq hech bir sababsiz tezlikni oshirishimizni nima bilan izohlaymiz? Xotin har oyda tug‘maydi, bola har hafta kasal bo‘lmaydi! Oyog‘imiz gaz pedalini bosayotganda o‘zgalarning hayoti, sog‘ligi yodimizga tushadimi?

Kabinamiz tashqarisidagi yosh-u qarining o‘rniga o‘z jigarlarimizni qo‘yib ko‘ramizmi? Har gal shunday qilganimizda, gazni o‘ylabroq bosar edik.

Biz haydovchilar temir mashina ichidamiz – himoyalanganmiz, piyoda esa...

Shuni doim hisobga olaylik. Piyodaga «prava» berilmaydi – har kim piyoda bo‘lishi mumkin: keksayib qolganlar ham, nogironlar ham, yosh bolalar ham. Biz haydovchilarga esa «prava» – huquq beriladi, avval sinab, keyin beriladi, «Mana, senga huquq berildi, o‘zgalarning umriga, sog‘ligiga ehtiyot bo‘l» degandek.

Huquqni suiiste'mol qilmaylik!

Shikast yetgan mulkini-ku tiklab yo qoplab berarsiz, salomatligini-chi? Umrini-chi? Uzr so‘rash yo tazarru qilish tanadagi yaralarga, qalbdagi jarohatlarga malham bo‘la olarmikan?

Qolaversa, qoidabuzarning ham mulki va hayoti xavf ostida qolishi mumkin!

Tezlikni me'yoridan oshirishning foydalarini tahlil qilib ko‘ramiz. Belgilangan tezlik, ya'ni, soatiga 60 kilometr tezlikda yurib, shahardagi A nuqtadan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan B nuqtaga 20 daqiqada yetib borasiz.

Tezlikni me'yoridan oshirib, yo qaysidir qoidani buzib, aytaylik, soatiga 80 kilometr tezlikda yursangiz, ayni masofani 15 minutda bosib o‘tasiz. Besh daqiqada nimalar qilish mumkin?

  1. Telegram'ga kirib tanishlar bilan gap sotish.
  2. Instagram'ga kirib storis tomosha qilish.
  3. Yoki sabr qilib qoida buzmasdan eson-omon manzilga yetib olish.

Demak, oldimizda uch yo‘l turibdi:

  1. Avtomobilni qoidaga amal qilib boshqarish.
  2. Yo‘l-transport hodisasiga, xalqchil tilda aytganda, avariyaga yo‘liqish.
  3. Yo‘l harakati xavfsizligi inspektori yoki «terpila»lar qo‘liga tushish.

Kechirasiz, Xudodan va qonun-qoidadan qo‘rqmagan odamni jarimalar bilan qo‘rqitishga to‘g‘ri keladi...

Ramazon oyingiz muborak bo‘lsin! Salomat bo‘ling!

Mavzuga oid