O‘zbekiston | 12:52 / 28.04.2021
7253
2 daqiqa o‘qiladi

Nurafshondagi uyda sodir bo‘lgan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi uylarning birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida sodir bo‘lgan portlash yuzasidan Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksi 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning ma'lum qilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kecha, 27 aprel kuni Nurafshon shahridagi «Obod turmush» MFYda joylashgan ikki qavatli uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, portlash oqibatida binoning 2-qavatiga jiddiy zarar yetgan.

«Hududgazta'minot» o‘rganishlar jarayonida hodisa maishiy ehtiyoj uchun tabiiy gazni o‘g‘irlash natijasida 2 qavatli binodagi uylardan birining xonasida tabiiy gaz to‘plangani oqibatida yuz bergani haqida bayonot berdi.

Shu yilning 18 yanvar kuni Samarqand tumani Rajabamin mahallasida qurilishi bitmagan xonadonlardan birida kuchli yong‘in kelib chiqqan, hodisa yuz bergan joyda 43ta gaz to‘ldirilgan ballon portlab ketgani ma'lum qilingan edi.

Shuningdek, 20 yanvar kuni Toshkent viloyatida joylashgan Yangi-Angren IES qozon agregatida ko‘mir-kukuni havo aralashmasining portlashi natijasida “Vostokenergoteploizolyatsiya” AJning 3 nafar xodimi olingan jarohatlar oqibatida vafot etgan edi.

Mavzuga oid