O‘zbekiston | 17:43 / 28.04.2021
14343
3 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koviddan o‘lim ko‘rsatkichi «manaman degan davlatlar»ga qaraganda karrasiga pastroqligini aytdi

«O‘zbekistonda koronavirus kasalligini davolashda shu darajada yuqori tajribaga ega bo‘linganki, o‘lim ko‘rsatkichi 0,8 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Yevropaning manaman degan rivojlangan davlatlarida 15 foizgacha yetyapti», – dedi Sanepid rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov.

Bugun, 28 aprel kuni Turizm va sport vazirligida ziyorat turizmini rivojlantirishning dolzarb masalalari mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida qatnashgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror ekani, o‘lim holatlari pastligi va boshqa qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Hozir O‘zbekistonda epidemik holat dunyodagi vaziyat singari birmuncha murakkablashyapti. Har kuni 300-350 nafar bemor qayd etilyapti. Bu har 100 ming aholi soniga nisbatan 1 nafar bemorda kasallik aniqlanayotganini ko‘rsatyapti. Bu ko‘rsatkich ba'zi Yevropa davllatlarida 150-200 tani tashkil qilyapti. Bu – biz xavotirdan biroz xoli bo‘lishimiz mumkinligini ko‘rsatadigan jihat.

O‘zbekistonda har kuni 40-45 ming nafar fuqaro koronavirusga tekshirilyapti. Bu ko‘rsatkichni kuniga 60 mingga yetkazish imkoniyati mavjud.

Hozir O‘zbekiston hududiga kirish uchun koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatning o‘zi yetadi. Balki, kelgusida emlanganlik to‘g‘risida sertifikat talab qilish payti kelar, biroq hozir dunyo bo‘yicha emlanganlar soni ancha kam.

Asosiy maqsadimiz – sayyohlar O‘zbekistonga sog‘lom kelib-ketishlarini ta'minlash.

O‘zbekistonda koronavirus kasalligini davolashda shu darajada yuqori tajribaga ega bo‘linganki, o‘lim ko‘rsatkichi 0,8 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Yevropaning manaman degan rivojlangan davlatlarida 15 foizgacha yetyapti. Demak, biz qandaydir darajada tayyorgarlikka egamiz.

Infeksiya qoladimi yoki butunlay yo‘qolib ketadimi? Biz buni bilmaymiz. Olimlarning fikricha, yangi paydo bo‘lgan yuqumli kasalliklar butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi, insoniyat bilan qoladi. Demak, biz kovid bor sharoitda yashash, ishlash va kerak bo‘lsa, ziyorat turizmini rivojlantirish, O‘zbekistonning jozibadorligini oshirishga qaratilgan barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak bo‘ladi», – dedi Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid