O‘zbekiston | 14:22 / 29.04.2021
1723
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyatida koronavirus bilan bog‘liq holat ma'lum qilindi, so‘nggi ikki haftada viloyatning 11 ta hududida kasallik aniqlangan

Foto: KUN.UZ

Jizzax viloyatida 2020 yil 1 apreldan 26 aprel kuniga qadar jami 984 nafar bemorda koronavirus tasdiqlangan. Ularning 913 nafariga to‘liq sog‘aygandan so‘ng uyiga javob berilgan. Bu haqda viloyat SEO va JSB boshlig‘i o‘rinbosari Minnigul Muhitdinova brifingda ma'lumot berdi.

Bugungi kunda 63 nafar, shu jumladan 16 nafari statsionar sharoitda va 47 nafari uy sharoitida tibbiy nazoratda saqlanmoqda. Bemorlarda kasallik yengil, ayrimlarida o‘rta og‘ir holatda kechmoqda. So‘nggi ikki haftada kasallik viloyatning 11 ta hududida, asosan Jizzax shahri, Sh.Rashidov, Zomin, G‘allaorol, Forish va Paxtakor tumanlarida qayd etilgan.

2021 yilning o‘tgan davri mobaynida vaziyat noxush bo‘lgan davlatlardan kelgan hamda bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 5 052 nafar fuqaro ustidan tibbiy nazorat o‘rnatilgan. Hozirda 1 325 nafar fuqaro tibbiy nazoratda bo‘lib, 977 nafar bemor bilan muloqotda bo‘lgan va 348 nafar chet eldan kelgan fuqaro ustidan tibbiy kuzatuvlar davom etmoqda.

«Hozirgi kunga qadar 474 729 ta koronavirusga test tahlili o‘tkazilgan. Emlash vaksina turiga qarab 2-3 bosqichda amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqich 1 may kunidan boshlanadi. Vaksina bilan emlanganlar o‘rtasida nojo‘ya asoratlar kuzatilmadi. Viloyatga yana 48 ming 400 doza vaksina olib kelindi», — dedi Minnigul Muhitdinova.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ikki hafta davomida Jizzax viloyatida 12 ta umumta'lim maktabining 30 nafar o‘quvchi va o‘qituvchilarida koronavirus aniqlangani tufayli 10 882 nafar maktab o‘quvchisi masofaviy ta'limga o‘tkazilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid