Jamiyat | 15:23 / 30.04.2021
22371
7 daqiqa o‘qiladi

Miraziz Bazarovga nisbatan jinoiy ish ochildi

Miraziz Bazarov 110-maktab o‘qituvchilarining jamoaviy arizasi asosida «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish» moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchiga aylandi.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati mart oyining oxirida Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklardan keyingi tergov jarayoni to‘g‘risida xabar berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Amir Temur xiyobonida ro‘y bergan hodisalar va fuqaro Bazarov Mirazizga yetkazilgan tan jarohatlari bilan bog‘liq jinoyat ishlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xatti-harakatlari haqida noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqalmoqda. Shu munosabat bilan quyidagilarni ma'lum qilishni lozim topdik.

Muqaddam xabar berilganidek, joriy yilning 28 mart kuni taxminan soat 15.00da Yunusobod tumanidagi Amir Temur xiyobonida uch-to‘rt fuqaro yosh yigit va qizni LGBT faollari deb gumonlab, ularga tan jarohatlari yetkazgan. Ularga yana 20-25 kishi qo‘shilib, bezorilik harakatlarini davom ettirishgan. Dastlab janjalni boshlagan 12 nafar fuqaro ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi («Bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi xabarda.

Amir Temur xiyoboni yaqinida o‘smirlarga hujum qilganlikda ayblangan to‘rt kishi uy qamog‘iga olingan.

«Tergov davomida hodisada bevosita ishtirok etgan shaxslar aniqlanib (31 nafar), ularning har birining harakatiga huquqiy baho berilgan. Ulardan to‘rt nafari jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan. Bular: Toshkent viloyatida 1989 yilda tug‘ilgan Qurbonov Farhodjon va 1991 yilda tug‘ilgan Yo‘ldoshev Muzaffar, shuningdek, poytaxtda istiqomat qiluvchi 1993 yilda tug‘ilgan Fazlitdinov Bahodir hamda 2002 yilda tug‘ilgan Anvarov Rixsitilla. Ayblanuvchilarga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. Dastlabki tergov tugagandan so‘ng, jinoyat ishi qonuniy qaror qabul qilinishi uchun sudga taqdim etiladi.

Mojaroda ishtirok etgan qolgan 27 nafar shaxsning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi («Mayda bezorilik»), 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik»), 195-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish») va 201-moddasida («Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish») nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud.

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB axborot resurslarida 1991 yilda tug‘ilgan Bazarov Mirazizga tan jarohati yetkazilganligi holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi «i» bandi («Bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a'zosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini ko‘zlab qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Tergov tomonidan sud-tibbiy ekspertiza xulosasi olingach, jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «k» bandiga («Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi») qayta malakalandi. Jinoyat ishi doirasida tuzilgan tergov-tezkor guruh tomonidan 100dan ortiq fuqarolar so‘roq qilindi, jinoyatchilar harakatlangan bo‘lishi mumkin deb gumonlangan 41 172ta avtotransport vositalari o‘rganilmoqda. Mazkur jinoyatga aloqador fuqarolarning shaxslari aniqlanmoqda», deyilgan xabarda.

Toshkent shahar IIBBning ma'lum qilishicha, 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar fuqarolardan 28ta ariza, shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta'lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgan hamda unda Miraziz Bazarovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilingan.

«Shu bilan birga, 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar Toshkent shahar IIBBga fuqarolardan 28ta ariza kelib tushgan bo‘lib, unda Bazarov Miraziz internetda joylagan videolarida ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuhmat qilgani, milliy an'analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha'niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otayotgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilishgan. 

Shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta'lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgan bo‘lib, unda internet tarmog‘idagi mediamakonlarda mazkur maktab o‘qituvchilarining kasbiy va shaxsiy sifatlari haqida haqoratli ma'lumotlar tarqatgani va shu bilan ularning obro‘sini toptagani uchun Bazarov Mirazizga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rashgan.

Mazkur arizalar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, tegishli kompleksli ekspertiza tayinlandi.

Tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, Bazarov Mirazizning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «g» bandida («G‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish, ya'ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish») nazarda tutilgan jinoyat alomatlari borligi aniqlanib jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda», deyiladi xabarda.

IIBB Miraziz Bazarovga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining (jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan) fotorobotini e'lon qildi va uning asosida mazkur shaxsni aniqlashda fuqarolardan ko‘mak so‘radi.

«Yuqoridagilarni inobatga olib, jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan fotorobot asosida Bazarov Mirazizga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining shaxsini aniqlashda fuqarolardan ko‘mak so‘raymiz.

Agar siz mazkur shaxs haqida ma'lumotga ega bo‘lsangiz, +998712819075 va +998712334946 raqamlari orqali yoki 102 raqamiga xabar berishingizni so‘raymiz. Maxfiylik kafolatlanadi. Tergovga yordam berayotganingiz uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid