O‘zbekiston | 22:01 / 01.05.2021
16461
3 daqiqa o‘qiladi

1 maydan O‘zbekistonda 15 yil doimiy yashab kelgan shaxslarga fuqarolik berilishi aytilgandi. Bu tartib kuchga kirdimi?

Davlat dasturidagi topshiriq ijrosi kechikmoqda. Ayni paytda qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ko‘rilyapti.

O‘zbekistonda kamida 15 yil davomida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan (chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan) shaxslar xohish bildirgan taqdirda O‘zbekiston fuqaroligini olishi mumkin.

2021 yilgi davlat dasturiga oid prezident farmonida mazkur yangi tartib joriy yil 1 maydan boshlab amal qilishi belgilangan edi. Shunga asosan, ijtimoiy tarmoqlarda ham bu haqda xabarlar tarqaldi. 1 may ham keldi. Xo‘sh, ushbu tartib joriy qilindimi?

Davlat dasturida IIV va DXXga bu borada tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i berilgandi. Noma'lum sabablarga ko‘ra, qonunni qabul qilish kechikmoqda.

Ayni damda qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, konseptual jihatdan qabul qilingan.

Kun.uz ushbu qonun qabul qilinmay turib ham 2021 yil 1 maydan yuqoridagi tartibda fuqarolik berish mumkinmi, degan savol bilan IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ruslan Karimovga yuzlandi.

Ruslan Karimovning ma'lum qilishicha, davlat dasturidagi mazkur band ijrosi doirasida Ichki ishlar vazirligi tegishli qonun loyihasini ishlab chiqib, belgilangan muddatda kiritgan. Bungacha loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun ham e'lon qilingan.

IIV rasmiysining bildirishicha, fuqarolik berishning yangi tartibi joriy etilishi uchun dastlab uning huquqiy asosi yaratilishi lozim, ya'ni yuqoridagi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatda ma'qullanib, prezident tomonidan imzolanib, e'lon qilinishi kerak.

Hozirgi vaqtda qonun hali qabul qilinmagani tufayli yangicha tartibda fuqarolik berishni davlat dasturida aytilgan vaqt – 1 maydan amalga oshirishning imkoni yo‘q.

«Lekin buni qonun qabul qilinmay qolib ketar ekan, deb tushunmaslik lozim. Chunki bu borada shaxsan prezidentimiz qat'iy pozitsiyada turib, fuqarolik olishni yengillashtirishni talab etmoqda va shu tufayli qonun yaqin orada qabul qilinishiga umid qilsa bo‘ladi», – deydi Ruslan Karimov.

Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, qonun hali qabul qilinmagani tufayli mazkur tartibning joriy etilishi ham ma'lum muddatga kechikadi. Yangi tartibda fuqarolik olmoqchi bo‘lganlar esa qonunning qabul qilinishini biroz kutishlariga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 13 mart kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun bilan, 1995 yilga qadar O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon mamlakatda muqim yashayotgan shaxslarga avtomatik tarzda fuqarolik berilishi belgilanib, bu yangilik ortidan 2020 yilda 8310 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingandi.

Mavzuga oid