O‘zbekiston | 08:09 / 01.05.2021
4456
5 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish kuchaytiriladi

Foto: KUN.UZ

Prezident tomonidan 2021 yil 22 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.

Prezidentning 2021 yil 6 apreldagi «Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta'minlash, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshqaruv xodimlari cheklangan soni 33 nafardan iborat tuzilmasi tasdiqlandi.

Inspeksiya boshlig‘iga:

  • inspeksiyaga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta'minlash doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, loyiha tashkilotlari, ilmiy va ta'lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish;
  • zarur hollarda, xodimlar shtatdagi belgilangan umumiy soni doirasida inspeksiya tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

Inspeksiyaga prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi. Inspeksiya davlat budjeti mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi. Inspeksiya Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Turkqo‘rg‘on ko‘chasi, 26-uy manzili bo‘yicha joylashtiriladi.

Inspeksiya xodimlariga o‘z vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlar beriladi:

  • inspeksiya nazoratidagi suv xo‘jaligi obektlarida inspektorlik tekshiruvlarini o‘tkazish;
  • xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obektlariga moneliksiz kirish, ularning xavfsizligi va ishonchli ishlashi yuzasidan texnik nazoratni tashkil etish masalalariga, ular qo‘riqlanishiga doir materiallar bilan tanishish;
  • inspeksiya nazoratidagi suv xo‘jaligi obektlarini texnik soz holatda saqlash va muhofaza qilish, ularning xavfsizligini va ishonchli ishlashini ta'minlash hamda aniqlangan kamchiliklarni, shuningdek ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga bajarilishi shart bo‘lgan taqdimnoma hamda ko‘rsatmalar kiritish;
  • inspeksiya nazoratidagi suv xo‘jaligi obektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari va xavfsizlik talablari uchun mas'ul bo‘lgan rahbar-mutaxassislar malakasi nazoratini olib borish, ularni yaxshilash bo‘yicha tegishli ravishda yuqori turuvchi idoralarga takliflar kiritish.

Inspeksiya xodimlariga quyidagi miqdorlarda uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun har oylik lavozim maoshiga ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):

  • 2 yildan 5 yilgacha – 0,1;
  • 5 yildan 10 yilgacha – 0,2;
  • 10 yildan 15 yilgacha – 0,3;
  • 15 yildan 20 yilgacha – 0,4;
  • 20 yildan 25 yilgacha – 0,5;
  • 25 yildan ortiq – 0,6.

Ustamalar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Shuningdek, inspeksiya huzurida FVV, IIV, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Suv xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa vakolatli idoralarning rahbariyatidan iborat Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar kengashi faoliyat ko‘rsatadi.

Quyidagilar Ekspertlar kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligi bo‘yicha idoralararo samarali hamkorlikni ta'minlash;
  • xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligi va ularning ishonchli ishlashi bo‘yicha ustuvor masalalarni ko‘rib chiqish;
  • xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obektlarining xavfsiz va ishonchli ishlashi uchun ularni rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berish;
  • xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obektlarining xavfsizlik deklaratsiyasi ekspertizasi natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish.

Ekspertlar kengashining o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qabul qilgan qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiyligi belgilab qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid