O‘zbekiston | 02:28 / 02.05.2021
28417
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik vlogerning reportajidan keyin Qarshi yaqinidagi chiqindi poligonida tozalash boshlandi

30 aprel kuni Kun.uz’da «Sen o‘zbekistonlikmassan...» – rossiyalik vloger Qarshi shahri yaqinidagi chiqindi poligonini yolg‘iz tozalamoqchi bo‘ldi» sarlavhasi bilan tanqidiy maqola e'lon qilindi. Unda rossiyalik vloger Konstantin Tkachyovning Qarshi shahri yaqinidagi chiqindi poligoniga to‘kilgan sellofan paketlarni shamol uzoq joylarga uchirayotgani va atrof-muhitga zarar yetkazayotgani haqidagi mulohazalari yoritilgan edi. Bugun Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi mazkur maqolaga o‘z munosabatini bildirdi.

Unda yozilishicha, rossiyalik vloger yoritgan muammoni hal etish maqsadida bugun, 1 may kuni Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, viloyat «Toza hudud» DUK, Obodonlashtirish boshqarmasi hamda «Eko Trans» MChJ hamkorligida hashar boshlangan.

Qayd etilishicha, unda 200dan ortiq hasharchi qatnashgan va ular tomonidan sellofan paketlar bittalab terilib, maxsus mashinalarga ortilgan. Yig‘ilgan chiqindilarni tashish uchun 10ta maxsus texnika va chiqindilarni ko‘mish uchun buldozer jalb etilgan.

Bundan tashqari, Qarshi shahar nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan hududda nazorat kuchaytirilib, noqonuniy chiqindi to‘kkan avtomashina haydovchilariga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, rossiyalik vloger nazarda tutgan hudud «Eko Trans» MChJga qarashli bo‘lib, chiqindilar vaqtida ko‘milmagani uchun mas'ul xodimga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ta'kidlanishicha, hashar davom ettiriladi.

«Sen o‘zbekistonlikmassan...» – rossiyalik vloger Qarshi shahri yaqinidagi chiqindi poligonini yolg‘iz tozalamoqchi bo‘ldi»

Mavzuga oid