Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
655 mln so‘mlik davlat xaridi mojarosi. Yunusobod bog‘chalariga «kanstovar» olish bo‘yicha tanlov qayta o‘tkaziladi
Maktabgacha ta'lim vazirligidan ma'lum qilinishicha, Yunusobod tumanidagi davlat bog‘chalariga kanselyariya tovarlari xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijalari bekor qilingan. U qaytadan o‘tkaziladi. “G‘olib”ni bayonnomaga yolg‘on ma'lumotlar kiritish yo‘li bilan aniqlagan mansabdorlar esa “intizomiy chora qo‘llashga ehtiyoj yo‘q”ligi vajidan jazodan qutulib qolishdi.
Yunusobod tumanidagi davlat bog‘chalariga kanselyariya tovarlari olishda 432 mln so‘mlik taklif turganda 655 mln so‘mlik davlat xaridi amalga oshirilgani, tanlovda eng arzon taklifni bergan firma tushunarsiz sabablarga ko‘ra “o‘yin”dan chiqarib yuborilgani haqida Kun.uz surishtiruvi e'lon qilingan edi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi ushbu holat bo‘yicha o‘rganish olib borilganini ma'lum qildi. Vazirlik bergan ma'lumotga ko‘ra, mazkur tanlov natijalari bekor qilinishi va qayta tanlov o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Shunga asosan tanlov komissiyasi “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ bilan tuzilgan shartnomani bekor qilib, tanlovni qayta o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan.

Kun.uz maqolada keltirilgan holat bo‘yicha Bosh prokuratura bilan bog‘landi. Bosh prokuratura rasmiysining ma'lum qilishicha, ushbu holat bo‘yicha o‘rganish olib borilganida “BARHAYOT HAMKOR BUSINESS” MChJ bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha hali Yunusobod MTB tomonidan pul o‘tkazib berilmagani aniqlangan, shu tufayli davlatga zarar yetkazilmagan, deb hisoblangan.
Yopiq qozon yopiqligicha qoladigan bo‘ldi
Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevaning fikricha, shartnoma bekor qilingani sababli zararli oqibat yuzaga kelmagan va shu sababli tanlov tashkilotchilariga nisbatan qandaydir intizomiy chora qo‘llashga ehtiyoj yo‘q. Mavluda Asqarxo‘jayevaning qo‘shimcha qilishicha, tanlov tashkilotchilari bilan tushuntirish o‘tkazilgan va ular ogohlantirilgan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: tanlov natijalari bekor qilingani yoki davlatga zarar yetmagani bilan, ushbu holatda qasddan ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ygan xodimlarning xatti-harakatlariga baho berilishi kerak emasmi? Poligrafiyaga ixtisoslashgan korxonani “kanselyariya tovarlari ishlab chiqaradi”, deya soxta ma'lumotlar tayyorlanganini endi yashirib bo‘lmay qoldi-ku?!
Holat jamoatchilikka oshkor bo‘lmaganida, tabiiyki, tanlov natijalari bekor qilinmagan va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda ziyon yetgan bo‘lardi axir.
Davlat qaramog‘idagi son-sanoqsiz muassasalarning doimiy nazoratdan panada o‘tib ketadigan milliardlab summadagi xaridlarida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlarning hech bo‘lmasa jamoatchilikka oshkor bo‘lganlari korrupsiya alomatlari mavjudligi nuqtayi nazaridan o‘rganib ko‘rilmas ekan, bu kabi “bilsa hazil, bilmasa chin” qabilida ish tutishlarning poyoni ko‘rinmaydi.
Ayniqsa, Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimida 2021 yil 1-choragining o‘zida 41,2 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlangan va bu o‘tgan yilga nisbatan 7,6 martaga oshgan bir holatda Vazirlik tomonidan yuqoridagi ko‘zbo‘yamachilik holatiga bunday “yumshoq” munosabatda bo‘linayotganini hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydi.
Hali bu aniqlangan qonunbuzilishlar. Aniqlanmaganlari qancha ekan?
Mavzuga oid
11:32 / 28.02.2025
“Ishni bosdi-bosdi qilishyapti” – tarbiyalanuvchilari kaltaklangan bog‘cha egasi amaldorning qarindoshi ekani aytilmoqda
16:46 / 25.02.2025
Toshkentdagi bog‘chada tarbiyachi bolani stulga skotchlab qo‘ydi
08:00 / 25.02.2025
226 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan bog‘cha aniqlandi
12:11 / 17.02.2025