O‘zbekiston | 15:57 / 03.05.2021
3124
4 daqiqa o‘qiladi

SSV mutaxassislari guruhi 1003 Call-markazi orqali aholi savollariga javob berib bormoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi qisqa raqamli 1003 Call-markazi orqali aholi savollariga tibbiy asoslangan javoblar berilayotganini xabar qildi.

«Yurtimizda koronavirus pandemiyasining ilk kunlaridanoq vaziyat murakkablashgan sharoitda jamoatchilikning kasallik bilan bog‘liq savollariga o‘z vaqtida javob berish, tibbiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2020 yilning 15 mart kuni 1003 yagona qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirilgandi. Fuqarolarimiz ushbu raqamga qo‘ng‘iroq qilib, koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq barcha savollarga malakali mutaxassislardan aniq va asosli javob olishmoqda.

Call-markaz hozirda ham tun-u kun faoliyat ko‘rsatmoqda. Kasallik avjiga chiqqan vaqtda unda 200 nafardan ortiq professor o‘qituvchilar, shifokorlar uch smenada uzluksiz fuqarolarning murojaatlariga javob bergan bo‘lsa, hozirda 30 nafar mutaxassis uch smenada qo‘ng‘iroqlarni qabul qilmoqda. 

Ularning orasida tibbiyot fanlari nomzod va doktorlari, malakali mutaxassislar bo‘lib, fuqarolardan tushgan savollarga tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar berishmoqda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda Call-markazga bir kunda o‘rtacha 200-300 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Ba'zida esa bu ko‘rsatkich 400gacha ham ko‘tarilmoqda. Oxirgi 10 kun ichida 2600 nafar fuqaro qo‘ng‘iroq qilgan.

Pandemiyaning birinchi kunlari aholi koronavirus infeksiyasi, uning yuqish yo‘llari va belgilari, profilaktika qoidalarini bilish uchun murojaat qilgan bo‘lsa, hozirda aholining xabardorligi ancha oshganligi bois, savollar mazmuni ancha o‘zgargan. Ya'ni bugungi kunda virusning qaysi shtammlari yurtimizda qayd etilgani, ular klinikasi bo‘yicha bir-biridan qanday farq qilishi, bolalarda ularning belgilari qanday namoyon bo‘layotgani, kasallikka chalingan bemor qayerda davolanishi kabi savollar berilmoqda. Shu bilan birga, koronavirusga qarshi emlash bilan bog‘liq savollar ham dolzarb bo‘lib turibdi. 

Aholini ko‘proq vaksinatsiya jarayonlari qanday tashkil qilingani, boshqa davlatga borish uchun emlanish qanchalik shartligi, aholining qaysi guruh vakillari birinchi navbatda emlanayotgani, qaysi vaksinani qabul qilgan ma'qulligi kabi savollar ham qiziqtirmoqda.

Shuningdek, aksariyat murojaatchilar Toshkent shahar va viloyatlardagi COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarni qabul qilayotgan shifoxonalarning manzili va telefon raqamlarini ham so‘rashmoqda. 

«Afsuski, ba'zi fuqarolar Call-markazni 103 — tez tibbiy yordam xizmati bilan adashtirib quyishadi. Vaholanki, ikkisining funksiyasi umuman bir-biridan farq qiladi. Shunday bo‘lsa-da, Call-markaz operatorlari har bir murojaatga to‘liq javob berib, xushmuomalalik va professionallik bilan fuqarolarga to‘g‘ri tavsiyalar va yo‘nalish berishmoqda», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat va axborot berish maqsadida tun-u kun uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi 1105 qisqa raqamli Call-markazga murojaatlar keskin kamaygani hamda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat biroz barqarorlashgani inobatga olinib, 2020 yilning 27 noyabridan 1105 qisqa raqamli Call-markaz faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilib, uning vazifalari ham 1003 – Call-markaziga yuklatilgan edi.

Mavzuga oid