Jahon | 12:11 / 04.05.2021
11499
3 daqiqa o‘qiladi

G7 vakillari Rossiya va Xitoy bilan o‘zaro aloqalarni qayta ko‘rib chiqadi

Londonda «Katta yettilik» (G7) davlatlar tashqi ishlar vazirlari yangi global tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish yo‘llarini muhokama qilishadi.

Foto: PA MEDIA

Londonda «Katta yettilik» (G7) davlatlari tashqi ishlar vazirlarining yalpi majlisi o‘tkaziladi.

Guruh xalqaro tahdidlarga qarshi xalqaro qoidalarni himoya qilishning yangi usullarini muhokama qilishi kutilmoqda.

Xususan, majlis kun tartibida Myanmadagi inqiroz, Rossiya, Xitoy va Eron bilan aloqalar, shuningdek, Liviya, Efiopiya, Belarusdagi vaziyat hamda Suriyadagi fuqarolar urushi masalalari ko‘rib chiqiladi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab munozara jarayonlariga rahbarlik qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «umumiy muammolar va o‘sib borayotgan tahdidlar»ga qarshi kurashish uchun imkoniyatdir.

Uch kunlik sammitga mehmon davlatlar sifatida Avstraliya, Hindiston, Janubiy Koreya va Janubiy Afrika Respublikasi ham taklif qilingan. Bu Buyuk Britaniya Hind-Tinch okeani mintaqasi bilan aloqalarni chuqurlashtirishga harakat qilayotgani bilan izohlanmoqda.

Shuningdek, Dominik Raab va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan va uning yakunlari bo‘yicha Buyuk Britaniya-AQSh qo‘shma matbuot anjumanida Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar vaziri Rossiya va Xitoy kabi dushman davlatlar oldida yanada yaqinroq hamkorlik qilib, «o‘xshash mamlakatlar» tomon siljish borligini aytib o‘tgan.

Dominik Raab London va Vashington bu kabi masalalarda «yelkama-yelka» turishganini, Blinken esa AQShning Buyuk Britaniyadan ko‘ra «yaqin ittifoqchisi va yaqin sherigi» yo‘qligini ta'kidlagan.

G7 yig‘ilishi so‘nggi ikki yil ichida birinchi marta yuzma-yuz bo‘lib o‘tadi.

Ma'lumot uchun, «Katta yettilik» (G7) xalqaro klub maqomiga ega bo‘lib, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Kanada, Germaniya va Yaponiyani o‘z ichiga oladi. G7 xalqaro tashkilot hisoblanmaydi, ushbu jamiyat xalqaro kelishuvga ham asoslanmagan va sekretariat ustaviga ega emas. Yettilik qarorlari majburan qo‘llanishi kerak bo‘lgan qonun hisoblanmaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid