O‘zbekiston | 13:14 / 04.05.2021
4365
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda istiqomat qilayotgan urush faxriylari to‘g‘risida ma'lumot berildi

Foto: KUN.UZ

Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ma'lumotiga ko‘ra, Xorazm viloyatida istiqomat qilayotgan 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari soni 17 nafarni tashkil qiladi.

Shahar va tumanlar kesimida ularning taqsimlanishi quyidagicha:

  • Urganch shahri va tumani, Bog‘ot, Hazorasp, Xonqa, Yangiariq tumanlarida 2 nafardan;
  • Xiva, Gurlan, Qo‘shko‘pir, Shovot, Yangibozor tumanida 1 nafardan.

Urush faxriylarining eng katta yoshdagisi hazorasplik Bekchon Matnazarov bo‘lib, 1917 yilda tug‘ilgan va 104 yoshni to‘ldirdi. Urush paytida u 24-28 yoshda bo‘lgan.

Gurlanlik Bobojon Madaminov, xivalik Samandar Xudoyberganov 1919 yilda tug‘ilgan va 102 yoshni to‘ldirdi. Urush paytida ular 22-26 yoshda bo‘lgan.

Faxriylarning eng kichik yoshdagilari qo‘shko‘pirlik Vapo Iskandarov, urganchlik Quronboy Xaitov, shovotlik Shomurot Jumaniyozov, yangibozorlik Abdulla Ahmedov 1925 yilda tug‘ilgan va 96 yoshni to‘ldirdi. Urush paytida ular 16-20 yoshda bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda urush faxriylari orasida ayollar, shuningdek, Leningrad qamali davrida shaharda yashagan, korxonalarda ishlagan, fashistlarning gettolarida, konslagerlarida tutqunlikda saqlangan shaxslar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 12 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi.

Mavzuga oid