Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Italiyadagi hayot, xorijliklarga munosabat va italyanlar xarakteri - Arduino kompaniyasi xodimi bilan suhbat
2 may kuni UzbekLife jamoasi Italiyaning Arduino kompaniyasi xodimi Nodirbek Yusufov bilan Instagram’da jonli efir orqali suhbat o‘tkazgan edi. Bugun mazkur suhbatning to‘liq yozib olingan variantini e’tiboringizga havola qilamiz.
«Arduino kompaniyasi menga muddatsiz mehnat shartnomasi asosida ishlash taklifini berdi...»
Kompaniyaga kelishim qiziq bo‘lgan. Italiyaga kelganimda moliyaviy o‘zimni o‘zim ta’minlashim va buning uchun qo‘shimcha ishlashimga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun turli joylarga ishlash uchun arizalar yubordim. Ular orasida Arduino ham bor edi. Ko‘plab joylardan rad yoki mutlaqo javob kelmagan holatlar bo‘ldi.
Shu orada Arduino kompaniyasi vakillari meni suhbatga chaqirishdi. Ammo men u paytda Milan shahriga muhim ish bilan jo‘nab ketgan edim. Biroq ular bilan kelishuv qilib onlayn suhbat o‘tkazdik.

Suhbatdan o‘tdim, keyinchalik yuzma-yuz suhbat olib borildi. Oradan 2 hafta o‘tdi va menga kutilmagan holda ishga kirganim to‘g‘risida xabar keldi. Shuning bilan, sentabr oyidan muddatli shartnoma asosida faoliyatimni boshladim. Kompaniyadagi asosiy vazifam Amazon platformasida Arduino bordlari (mikroprotsessorlar)ni sotishdan iborat. Ya’ni narxlarni to‘g‘ri belgilash, mahsulotlarni yetkazib berish, kompaniyaga bog‘liq marketing strategiyalarini ishlab chiqish kabi vazifalar kiradi. Hozirda ushbu kompaniya menga muddatsiz shartnomada doimiy ishlashni taklif qilmoqda. Yaqin kelajakda bu yerda mening to‘liq faoliyatim boshlanadi.
«Italiyada ishlash yoki o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar asosan italyan tilini bilishi muhim...»
Asosan, bu yerda ishlash niyatida bo‘lganlarning ishga kirish imkoniyati shu davlatning o‘zidan turib murojaat qilinganda yuqoriroq bo‘ladi. Keyingi navbatda italyan tilini bilish ham juda muhim. Chunki bu yerliklarning davlat tiliga bo‘lgan hurmati yuqori.
Shuningdek, bilim, ishga bo‘lgan ishtiyoqingiz, mehnatsevarligingiz, eng asosiysi, kishilar bilan o‘zaro muloqotga yaxshi kirisha olishingiz eng muhim jihatlardan.
Bu yerda ta’lim olish uchun esa maslahat bergan bo‘lardim, avvalo, siz qaysi kasbni egallashingizni va qobiliyatingiz qaysi yo‘nalishga ko‘proq yetarli ekanini aniqlab olishingiz kerak. Albatta, yaxshi universitetga kirish uchun bilim va albatta, xalqaro IELTS sertifikati zarur bo‘ladi.

«Italiyaliklarning o‘zbeklarga o‘xshash jihatlarini ko‘plab kuzatdim...»
Italyan xalqi orasida inson manfaatlarining ulug‘vorligi va teng huquqlilik intizomini hurmat qilaman. Ba’zan ko‘cha-ko‘yda, savdo va xizmat ko‘rsatish joylarida siz ingliz tili yoki boshqa tillarda gapirsangiz, ular javob qaytarmasliklari mumkin. Chunki ular ona tilida suhbatlashishni ma’qul ko‘rishadi. Italiyaga kelganingizning birinchi yilida ushbu tilni o‘rganish sharti yo‘q, lekin keyingi yillarda italyan tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat talab qilinadi.
Italyan xalqi adolatli xalq, buni birgina ta’lim grantlarining ham xorijiy, ham mahalliy talabalar uchun bir xil ekanida ko‘rish mumkin. Qolaversa, ularning o‘zbeklarga o‘xshash jihatlari ko‘p. Ular ham biz kabi hamsuhbat bo‘lishni va mehmondo‘stlikni qadrlashadi.
To‘liq videoni UzbekLife'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.
Ufora Habibullayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:59 / 27.05.2025
O‘zbekiston–Italiya: 33 yillik munosabatlarga nazar
10:02 / 26.05.2025
Jorja Meloni 28-29 may kunlari O‘zbekistonga keladi
15:50 / 19.05.2025
Italiya 400 ta foydalanishdan chiqarilgan zirhli transportyorini Ukrainaga beradi
19:56 / 13.05.2025