O‘zbekiston | 21:00 / 05.05.2021
4424
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti negizida xalqaro ilmiy markaz tashkil etiladi

Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ijod maktabi o‘rniga, Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti negizida shu nomdagi xalqaro ilmiy markaz hamda O‘zbek tili va adabiyoti universitetining ixtisoslashtirilgan maktabi tashkil qilinadi.

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti / Foto: Kun.uz

Tegishli qaror loyihasini tayyorlash Fanlar akademiyasiga yuklatilgan. Bu haqda akademiyaning bir necha olimlari Kun.uz'ga xabar berdi.

Loyihada, shuningdek, yangi qurilayotgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy markaz hududida Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi hamda shu nomdagi universitetning ixtisoslashtirilgan maktabi va xalqaro jamoat fondini joylashtirish ham nazarda tutiladi.

Qaror loyihasini tayyorlash muddati sifatida shu yilning 20 may sanasi belgilangan.

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda hukumat rahbari Abdulla Aripovdan shunday topshiriq bo‘lganini tasdiqladi.

«Ha, bu xabar bor, lekin ilmiy markaz alohida tashkil qilinadimi yoki institut bo‘limlari negizidami, aniq emas. Menimcha, institut to‘liq yo‘q bo‘lib ketmasa kerak.

Chunki, davlat tili – o‘zbek tilining butun ilmiy tadqiqotlari shu yerda qilinadi. Bizda davlat tili nufuzini oshirish bo‘yicha ko‘plab qaror va farmonlar, prezident qarorlari bor.

Balki, bu bizning institut tarkibidagi mumtoz adabiyot tarixi negizida tashkil etilar. Institut direktori sifatida uni to‘liq yo‘q bo‘lib ketadi, deb o‘ylamayman», – dedi Nizomiddin Mahmudov.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz 2020 yil kuzida O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tashlandiq binoda faoliyat olib borayotgani haqida reportaj e'lon qilgandi.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid