Andijon shahar hokimining yer ajratish haqidagi noqonuniy qarori bekor qilindi. Bu birinchi marta emas
Kun.uz 5 may kuni «Andijon shahri hokimi prezident qaroriga zid ravishda yer ajratish bo‘yicha qaror chiqardi. Mahalliy kengash uni kvorumsiz tasdiqlab yuborgan» sarlavhali maqola e'lon qilgandi.
Maqoladagi holatlarni Andijon viloyati hokimligi ishchi guruh tuzib o‘rganish o‘tkazdi. O‘rganish yakuniga ko‘ra, Andijon shahar hokimining 2021 yil 10 apreldagi 80-sonli qarori qonun talablariga zid ekani sababli bekor qilindi.
«Viloyatimizda yer taqchilligi, shuningdek, Andijon shahar Mangulik ko‘chasida avtoturargohning mavjud emasligi aholiga, qolaversa haydovchilarga noqulayliklar tug‘dirib kelayotganligini inobatga olgan holda joriy yilning 10 aprel kuni «ELEVADA UT GROUP» MChJga ushbu hududda zamonaviy loyihalar asosida 5 qavatli, birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, yuqori qavatlari avtomobillar vaqtincha to‘xtab turish joyi (avtostoyanka) binosini qurish maqsadida Andijon shahar hokimining 80-q sonli qarori chiqarib berilgan.
Ammo, o‘rganishlar jarayonida, prezident qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida onlayn-auksion orqali berilishi belgilangan bo‘lsa-da, tadbirkor hech qanday onlayn-auksionda qatnashmasdan shahar hokimining qaroriga asosan qurilish ishlarini boshlab yuborgan.
Viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar yakuniga ko‘ra, Andijon shahar hokimining 2021 yil 10 apreldagi 80-Q sonli qarori qonun talablariga zid ekanligini inobatga olgan holda qaror bekor qilinganligini ma'lum qilamiz», – deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov ta'sis etilganiga endi 1 oy bo‘lgan firmaga shahar markazidan 14 sotix yer uchastkasini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratib bergan.
Kun.uz surishtiruvi yer ajratish haqidagi bu qaror qator sabablarga ko‘ra g‘ayriqonuniy bo‘lishi mumkinligi, bundan tashqari, u mahalliy kengash deputatlarining kvorumi bo‘lmagan holda tasdiqlanganini ko‘rsatgandi.
Vaziyatga Adliya vazirligi ham rasmiy munosabat bildirib, prezident qarori, Shaharsozlik kodeksi va Andijon shahar bosh rejasiga zid ravishda yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi hokim qarorini bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritilganini ma'lum qilgandi.
Bundan tashqari, Andijon shahar adliya bo‘limi tomonidan 2021 yil 19 aprel kuni qonun va boshqa normativ huquqiy hujjatlarni qo‘llash bo‘yicha Andijon shahar hokimiga, Davlat kadastr palatasi Andijon shahar filialiga va Andijon shahar qurilish boshqarmalariga huquqiy maslahat hamda ogohnomalar kiritilgan.
Prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi holatga munosabat bildirmadi.
Bahrom Haydarov 2020 yil sentyabr oyida 200 kvadrat metr yer maydonini yakka tartibda uy-joy qurish uchun noqonuniy tarzda ajratib bergandi.
O‘shanda uning auksionsiz yer ajratish haqidagi noqonuniy qarori viloyat adliya boshqarmasining taqdimnomasi va shahar prokurorining protesti asosida bekor qilingandi.
- Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yilda 106 ming gektar yer hokimliklar tomonidan noqonuniy ajratilgan.
Mavzuga oid
21:10
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
10:19 / 08.11.2024
“Tanish-bilish o‘tmaydi” – Kadastr agentligi direktori yerga egalik huquqini olishda firibgarlarga aldanmaslikka chaqirdi
14:41 / 06.11.2024