O‘zbekiston | 11:00 / 07.05.2021
42459
21 daqiqa o‘qiladi

Mentalitetga aylangan illat - O‘zbek ziyolilari va diniy ulamolar korrupsiyani kamaytirish bo‘yicha hukumatga tavsiyalar berdi

Korrupsiya – O‘zbekistonda mentalitet darajasiga chiqib ulgurgan illat. Mentalitetligiki, unga duch kelinganda oddiygina qilib «ha, endi o‘zbekchilik-da», deyiladi, holat oddiy qabul qilinadi. Shu sabab «o‘zbekchilik» so‘zi korrupsiya bilan sinonim tushunchaga aylanib ketgan. 

Senat raisi Tanzila Norboyevaning 23 aprel kungi yig‘ilishda aytishicha, turli sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan korrupsiya holatlari kamayish o‘rniga hatto yildan yilga ko‘payib boryapti...

Har qanday sog‘lom jamiyat boshqaruvida muammolar yechimiga ziyolilar, ulamolardan fikr olinadi, islohotlar ularning ishtiroki, maslahati bilan qilinadi.

Xo‘sh, korrupsiya ildiz otib ketgan bugungi o‘zbek jamiyati haqida ziyolilar nima deydi? Ular muammoning yechimlarini nimalarda ko‘radi?

Kun.uz muxbiri bir qator taniqli diniy ulamo, jamiyatshunos va yozuvchilarga o‘zbek jamiyatining korrupsiya illatidan qutula olmayotgani sabablari va uni imkon qadar kamaytirish uchun hukumat nima qilishi kerakligi borasida savol bilan murojaat qildi.

«Payg‘ambarimiz (s.a.v.) pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la'natlagan» — Rahmatulloh Termiziy, Toshkent shahridagi «Bodomzor» jome masjidi imom-xatibi

Nega korrupsiya illatidan qutula olmayapmiz? Bu illatga muqaddas dinimizda munosabat qanday?

Inson dunyoga sinov uchun kelgan bo‘lsa-da, bu dunyomiz besh kunlik sinov dunyosi, abadiy hayot oxirat hayoti bo‘lsa-da, inson bu dunyodagi haqqini ham unutmasligi, yaxshi yashash haqqiga egaligini bilib olamiz. Ya'ni dinimiz ta'limoti bizga shuni o‘rgatadi.

Qur'onda «Dunyodagi nasibangni unutma», deyiladi. Chunki insonning hayoti unga oxiratdan darak beradi. Umri poyoniga yaqinlashayotgan har bir musulmonning o‘yi oxirati qanday bo‘lishi haqida bo‘ladi. Borar joyim do‘zaxmi yo jannatmi, degan ma'noda.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilinganki, «Dunyoda ma'ruf ahli bo‘lganlar (ma'ruf – hamma yaxshiliklar) oxiratda ham ma'ruf ahli bo‘lishadi. Dunyoda munkar ahli bo‘lganlar (munkar – hamma yomonliklar) oxiratda ham munkar ahli bo‘lishadi».

Bu hadisning qisqa ma'nosi shuki, mo‘min-musulmon insonning hayoti oxiratdan darakdir. Agar oxiratda o‘rningiz qayerda bo‘lishini bilmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, siz haqingizdagi solih, sodiq guvohlarning guvohligiga quloq soling.

Dinimiz inson hayotini buzadigan har qanday illatlarni qoralagan, uning har qanday darajada unvonini bayon qilgan.

Insoniyatga zarar keltiradigan ishlarni mutlaq harom deb e'lon qilishgan. Shunday illatlardan biri poraxo‘rlikdir.

Bugun biz poraxo‘rlik va shu kabi illatlarni to‘plab korrupsiya deyapmiz. Korrupsiya jamiyatni chiritadigan, uni oldinga yurgizmaydigan katta bir illatdir.

Modomiki, jamiyatda korrupsiya bardavom ekan, u jamiyatning o‘sishini, gullab-yashnashini kutmasa ham bo‘ladi.

Poraxo‘rlikni hadya bilan adashtirmaslik kerak. Hadya boshqa narsa. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam «Hadya berib turinglar, bir-biringizga mehrlaringiz ortadi» deydi.

Hadya insondan insonga hech bir sababsiz, manfaat ko‘zlamasdan beriladi. Orada mehr-muhabbat, iliqlik uyg‘otish uchun beriladi.

Porada esa boshqacha. Unda manfaat va tamagirlik bor. Pora ko‘ngildan chiqarib berilmaydi.

Ba'zi rahbarlar men hadya olyapman, deydi. Aslida har qanday mansab egasiga berilgan hadya pora o‘rnidadir.

Imom Buxoriy va Imom Muslimdan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) «Qani otasining yoki onasining uyida o‘tirib qarasin-chi, unga hadya berarmikan?» deydi. 

Ya'ni uyda o‘tirgan odamga hech kim hadya bermaydi. Biror kishi kursi, amal va mansabga chiqqandan keyin hadya deb olib kelinyaptimi, demak hamma narsa poradir.

Poraning haromligiga dalillar juda ko‘p. Eng avval Qur'ondan keltiramiz.

«Al' Maida» surasining 42-oyatida Alloh «Porani yeyuvchilar, yolg‘onni eshituvchilar», deydi. Yoki «Baqara» surasining 188-oyatida «Mollaringizni botil yo‘l bilan yemangizlar va bilgan holda gunoh bilan yeyishlari uchun hokimlarga uni havola qilmangizlar», deyiladi. Mana shu oyati karimani ulamolarimiz poraning haromligiga dalil deganlar.

Imom Ahmad va Imom Termiziylar abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la'natlaganlar. Ya'ni pora shunday ulkan gunohki, u bilan muomala qiluvchilar la'natlangan.

Bilasiz, uncha-buncha odam yoki kichik gunohlar la'natlanmaydi. Masalan, shaytoni layn la'natlangan. Uning gunohi juda ulkandir. Xuddi shunday pora oluvchi va beruvchi ham la'natlangandir.

Yana bir hadisi sharifda pora oluvchi ham, beruvchi ham do‘zaxda deyiladi.

Bu yerda nafaqat oluvchi va beruvchi, balki o‘rtadagi odam ham bor. Hadisi shariflarda o‘rtadagi odam ham la'natlanuvchilar orasida ekani aytiladi.

Bundan boshqa dalillar ham ko‘p. Umuman poraxo‘rning jazosi og‘ir. U do‘zaxga tushadi va do‘zaxda uning azoblari juda katta bo‘ladi.

Nega biz bu illatdan qutula olmayapmiz? Chunki unga mukkasidan ketganmiz. Shuningdek, odamlarda Allohdan qo‘rqish hissi kamayib ketdi. Poraning gunoh ekanini bilmaymiz. Gunohni va gunohni gunoh deb atagan Allohni tanimaymiz. Agar Allohni taniganimizda edi, qilma deyilgan ishni qilmasdik.

Musulmonlikni da'vo qilib, ibodat qilaman, deya da'vo qilib, lekin pora oladiganlar aslida Allohni tanimaydilar. Do‘zaxni tanimaydilar.

Biz korrupsiyaga qarshi qonunlarni kuchaytirish bilan birga, uning qanday og‘ir gunohligini, uning dunyosi yaxshi bo‘lmasligini odamlarga uqroviy, din-u diyonat va ma'naviyat tarafdan ham uqtirishimiz kerak. Aslida har qanday muammoning yechimi Allohdan qo‘rqishdadir.

Poraxo‘rlikka ham din va ham qonun tomondan barobar kurashishimiz kerak.

Abdu Said Xudriy roziyallohu anhu orqali qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytganlar: «Birortangiz, sizlardan biringiz munkar, yomon ishni masalan, poraxo‘rlikni ko‘rsangiz, uni qo‘l bilan qaytarsin. Qo‘ldan kelmasa, tili bilan qaytarsin. Tildan kelmasa, qalbi bilan qaytarsin. U iymonning zaifligidandir», deyiladi.

Albatta, qo‘li bilan qaytarish qo‘lida huquqi borlar uchun. Ichki ishlar, prokuratura, DXX va shunga o‘xshash idoralar. Tili bilan qaytarish ziyolilar, masalan, imomlar, o‘qituvchilar, mahalla oqsoqollari.

Qalbida yomon ko‘rib, qarshilik qilish esa omma, xalq uchun bo‘ladi. Ammo qalb bilan yomon ko‘rib, poraxo‘rlikka rozi bo‘lib ketavermaslik kerak. Biror bir gunohga rozilik, o‘sha gunohni qilish bilan tengdir.

Hukumat, eng avvalgi o‘rinda, bu gunohga norozilikni xalqimiz qalbiga tarqatishi kerak.

«Korrupsiyaning bunchalik ildiz otib ketgani unga qarshi faqat og‘izda kurashilayotgani, amalda juda oz ish qilinayotgani bilan bog‘liq» — Faxriddin Nizomov (Faxriyor), shoir

Korrupsiyaning bunchalik ildiz otib ketgani unga qarshi faqat og‘izda kurashilayotgani, amalda juda oz ish qilinayotgani bilan bog‘liq. Toki Sardoba suv ombori o‘pirilishiga o‘xshash fojialarning haqiqiy aybdorlari topilib jazolanmas ekan, u yanada ildiz otaveradi, saraton kabi jamiyatning sog‘lom hujayralarini ham shikastlab, nobud qilib boraveradi va oqibatda davolab bo‘lmaydigan metastaz holatiga o‘tadi.

O‘tgan yili Yunusobod metrosida yer o‘pirilib tushib, odamlarni bosib qolganida, oilasini rozi qildik, deb, ish bosti-bosti qilib yuborildi. Toshkent shahri esa biznesmen qo‘liga topshirildi. Aslida buning yomon joyi yo‘q, madaniy jamiyatlarda ham bu – normal holat. Biroq madaniy jamiyatlarda, bizdan farqli o‘laroq, manfaatlar to‘qnashuvi (conflict of interess) qonun yo‘li bilan belgilab qo‘yilgan va tartibga solinadi, u yoqlarda biznesmen shahar meri yoki prezident bo‘lgan vaqti biznesi bilan shug‘ullanmaydi, lavozimidan foydalanib, turli monopoliyalar tashkil qilmaydi yoki budjet pulini pudratchi bo‘lgan qarindoshlari korxonalariga tarqatmaydi. Bizda esa manfaatlar to‘qnashuvini tartibga soladigan qonun yo‘q. Demak, siz-u biz bunga ko‘ra-bila turib, yo‘l qo‘yib beryapmiz.

Vaholanki, Singapurni mamlakat sifatida oyoqqa turg‘izgan va dunyoning eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylantirgan birinchi bosh vaziri  Li Kuan Yu, ishni nima jinoyat qilganini siz ham, o‘zlari ham biladigan uch nafar do‘stingizni qamashdan boshlang, deb bekorga aytmagan. Albatta, bu gapda qonun ustuvorligidan ko‘ra, avtoritarizm ritorikasi balandroq. Lekin bugungi kunda kim Singapurni qonunlarga amal qilmay yashayotgan mamlakat deb ayta oladi?

Bugungi faqat pul bilan kuch tan olinadigan, qadriyatlar, axloq me'yorlari oyoqosti bo‘lib ketayotgan jamiyatda adabiyotning vazifasi bunday ahvol yanada og‘ir inqirozlarga olib kelishi mumkinligini ishonarli obrazlar talqinida ko‘rsatib berish va uning so‘zi ogoh qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi kerak. Nemis yozuvchisi Hermann Hessening «Cho‘l bo‘risi» qahramoni, o‘zini ziyoli hisoblaydigan Harri Hallerning vahshiylashib, turli qiyofalarga kirishini bir eslang. Ziyolining – bizning hozirgi jamiyatdagi tadbirkorning – ichida axloq me'yorlariga rioya qilishga majbur etuvchi sterjen bo‘lmasa, u jamiyatda qaror topgan qadriyatlarni tan olmay, hech qanday jinoyatdan tap tortmasa, butun mamlakatni halokatga yetaklaydi, keyin hech bir iloj qolmagandan so‘ng uning egamenligini «katta og‘alar» qo‘liga qo‘shqo‘llab tutqazadi. Uning uchun na millat, na ona tili taqdirining sariq chaqalik ahamiyati yo‘q. Ertaga mustaqillikdan voz kechib bo‘lsa ham, o‘g‘irlab, birovdan tortib olib, budjetni o‘marib orttirgan 3-4 tangasini saqlab qolsa bo‘ldi. Hozirgi kunda atrofimizdagi yirik davlatlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining tabiiy boyliklarini qo‘lga kiritish uchun milliy elitalarni qo‘lga olish yo‘lida o‘zaro raqobatlashayotganini esdan chiqarmaylik.

Bu illatni imkon qadar kamaytirish uchun hukumat nima qilishi kerak, deyapsiz.

Men bu masalaga sal kengroq qarab, savolni hukumat emas, hokimiyat nima qilishi kerak, deb qo‘ygan bo‘lar edim. Javobi oddiy: o‘yin qoidalarini hamma uchun teng va adolatli etib, jazoni katta-yu kichikka muqarrar qilib qo‘yib, shunga amal qilinishini qattiq nazorat qilib tursa bo‘ldi.

«Amaldorlarning o‘zi va oila a'zolari daromadlarini deklaratsiya qilish vaqti allaqachon kelgan» — Bahrom Farfiyev, sotsiologiya fanlari doktori

Rivojlangan mamlakatlar tarixini tahlil qilsak, ularning barchasi o‘z taraqqiyot yo‘lini amalga oshirishda korrupsiya degan jiddiy sotsial muammoga ro‘para bo‘lishgan. Majoziy ma'noda korrupsiya – bu jamiyat bo‘yniga yopishgan ulkan, bahaybat bo‘g‘ma ilondir. Bu illat ta'siridan xalos bo‘lgan jamiyatlar taraqqiyotning yuqori darajasiga erishgan.

Albatta, yillar davomida urchib ketgan bu illatni bir zumda bartaraf qilishning iloji yo‘q. Lekin bu holat mazkur muammo bo‘yicha bemalolxo‘ja bo‘lib o‘tirishni anglatmasligi kerak.

Muammoni bartaraf qilishda ma'lum yutuqlarga erishgan mamlakatlar tajribasini chuqur o‘rganish va ulardan tanqidiy ravishda foydalanish zarur. Ammo ushbu xorijiy tajribaning ayrim jihatlarini biz astoydil xohlasak ham, o‘z milliy ijtimoiy sharoitlarimizga sermahsul tarzda tatbiq eta olmaymiz.

Masalan, ayrimlar Singapur sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu tomonidan ishlab chiqilgan yondashuvni mamlakatimiz sharoitlariga to‘liq joriy qilish zarurligini ilgari suryapti, lekin buning iloji yo‘q. Jumladan, uning o‘z mamlakati fuqarolaridan korrupsiya bilan shug‘ullanadigan qarindoshlari va yaqin tanishlari hamda do‘stlarini fosh qilish talabi jamiyatimiz sharoitlarida mutlaqo natija bermaydi. Zero, o‘zbeklar milliy mentalitetimiz xususiyatlaridan kelib chiqib, hech qachon o‘z yaqinlari haqida hech qanday ma'lumotlarni begonaga, ayniqsa, davlatning jazolovchi organlariga taqdim etmaydilar.

Korrupsiya bilan kurashda qonunchilik omilining rolini oshirish, xususan, mansabdorlar va ularning oila a'zolari uchun daromadlarni deklaratsiya qilish majburiyatini amaliyotga tatbiq etish vaqti allaqachon kelgan. Lekin bu ham to‘liq sermahsul natija berishi gumonli. Zero, amaldorlar har qanday sharoitlarga tez fursatlarda ko‘nikishlari va noqonuniy faoliyatlari uchun belgilangan jazodan qutulib qolish mexanizmlarining «ilg‘or sxemalari»ga egadirlar.

Fikrimcha, xohlaymizmi, xohlamaymizmi, baribir muammoning yechimi tarbiya omili asosida ta'minlanishi muqarrardir. Hozirgi avlod ongida o‘z shaxsiy manfaatlari maqsadida foyda olish, ya'ni xalq va davlat mol-mulkiga tajovuz qilishdan hazar qilish kayfiyati va tasavvurlarini shakllantirish lozim.

Ushbu avlod amaldorlari xalq va davlat mulkida yetim-yesir va beva-bechoralarning ham ulushi borligini doimo his qilib turishsin. Shu nuqtayi nazardan yosh avlodni ushbu masalaga yo‘naltirilgan islom qadriyatlari haqidagi ma'lumotlar bilan chuqurroq tanishtirib borish davr talabidir. Ana shundagina bu masalaning sermahsul yechimi o‘z tasdig‘ini aniq tarzda topadi deb hisoblayman.

«Jinoyatni faqatgina jazolash bilan yo‘qotib bo‘lganda edi, ayrim davlatlarda korrupsiya holatlari umuman uchramasdi» — Nuriddin Murodov, sudya

Korrupsiyaga qarshi jazoni kuchaytirish bilan kurashish yaxshi samara bermaydi. Bu usul xuddi kasalning kasalligiga aniq tashxis qo‘ymay turib, unda nuqul jarrohlik amaliyotini o‘tkazaverishga o‘xshaydi.

Chunki korrupsiya – bu illat, uni davolab bo‘lmaydi. Bu illatga chalinish omillarini qirqish kerak:

Ya'ni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligini o‘z vaqtida ta'minlanmayotgan elektron hukumatni amalda keng, izchil, tizimli, og‘ishmay joriy etish, onlayn davlat xizmatlari sonini oshirish, ochiq tanlov va elektron auksion hududlarning ko‘p yillik rivojlantirish dasturini ochiq-oshkor muhokamaga qo‘yish, e'lon qilish tizimi bo‘lish kerak. Masalan, qaysi yer uchastkasi qachon sotiladi, qachon buziladi va hokazo;

Davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining xodimlari uchun daromad deklaratsiyasini yaxlit huquqiy mexanizm asosida amalda tizimli, bir xilda joriy etish kerak.

Uzoqqa bormaylik, masalan, MDH davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashda ma'lum yutuqlarga erishgan Gruziyada ushbu ikkita islohot hayotga birmuncha samarali joriy etildi.

  • Davlat organlari faoliyatidan keng jamoatchilikning xabardor bo‘lish tizimi ayniqsa, ular faoliyatini yoritib borish bo‘yicha OAVga maksimal huquq va imkoniyat yaratish, elektron OAV maydonida sof xususiy va nodavlat sektori maydonlarini ko‘paytirish muhim;
  • Yashirin biznes va qora bozorga qarshi murosasiz kurash  konsepsiyasini hamda qonunchilikda qat'iy choralarni belgilash;
  • Har qanday imtiyoz korrupsiyaga yo‘l degan tamoyillarni qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish;
  • Davlat budjeti mablag‘larini yo‘naltirishda har qanday darajadagi rahbarning vakolatsiz aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik, parlament tomonidan tasdiqlangan davlat budjeti mablag‘larining hukumat tomonidan faqatgina maqsadli sarflanishiga erishish;
  • Ofshor biznes sub'yektlarini aniqlash tizimi va raqobatni amalda ta'minlashni yo‘lga qo‘yish;
  • Sudlarning mustaqil budjetini parlament tomonidan tasdiqlashni yo‘lga qo‘yish;
  • Eng asosiysi, aholi orasida oxirgi nuqtani sud qo‘yadi, degan ishonchga erishish lozim;
  • Sud mustaqilligi, erkin hamda bedor OAV va so‘z erkinligini, ochiqlik, samarali jamoatchilik nazoratini va chinakam parlament nazoratini amalda ta'minlash;
  • Kadrlar siyosatida, kadrlarni saralashda obektivka, biografiya, ko‘p gapirish, gapirmaslik, itoatkorlik, kamtarlik xususiyatlariga baho berish tizimidan butunlay voz kechib, kadrlarning jamiyat uchun natijadorlik, ilm va salohiyati, ularning tahlil-monitoring qilish, boshqaruvchilik qobiliyati, g‘oyalar tashabbuskorligi, kreativ yondashuvi, adolatli, obektiv xususiyatlari, ma'naviyati, xalq va vatanga sadoqati kabi jihatlariga ustuvorlik berish;
  • Korrupsiyaga qarshi kurash agentligini tom ma'noda korrupsiyaga qarshi kurashga ilmni olib kira oladigan, korrupsiyaga qarshi kurash nazariyasi va amaliyotini boshqalardan bir qadam oldin hayotga tatbiq eta oladigan ilm maskani, tashabbuslar, g‘oyalar makoni institutiga aylantirish;  
  • Yana bir muhim jihat, agar tahlillarga asoslansak, jamiyatimizda korrupsiya holatlaridan biri bo‘lgan poraning eng yomoni – «poraning kattasi» – maqtovdan, ko‘zbo‘yamachilikdan qutulish davr talabidir;
  • Bilamizki, poraning ma'nosi «shirinkoma – haq, mukofot» .

Ya'ni pora – vakolatli kishining o‘z vakolatidan foydalangan holda biror bir ishni pora bergan ikkinchi kishining foydasiga bajarishi yoki bajarmasligi evaziga moddiy qimmatliklar olishi, mulkiy manfaatdor bo‘lishidir.

Va xuddi shunday ikkinchi tomonning ham bergan mulki evaziga bajarilgan ishdan yoki unga ziyon keltiruvchi bajarilmagan ishdan manfaatdor bo‘lishidir.

Bunda uchinchi manfaatdor tomon – «vositachi» ham bo‘lishi mumkin. Barchasining tag-zamirida manfaat, mulk, moddiy qimmatlik yotadi... Endi bu tushunarli...

Oldi-berdi, o‘rtada turdi. Jazo ham moddiy qimmatlik-mulk – manfaat (pora predmeti)ni olgan, bergan va o‘rtaga turgan... shu omillar, shu kabi asoslar o‘lchovida beriladi. Oqibatini ham eshitgansiz, ko‘p takrorlanadi – mavjud tizimni yemiradi, taraqqiyotga g‘ov bo‘ladi va hokazolar...

Ammo «poraning yomoni»da esa moddiy qimmatlik ham, mulk ham yo‘q. Bunda pora beruvchi pora oluvchiga hech narsa bermaydi. Aksincha... hamma balo ham ana shunda, Sayyid Burhoniddin Termiziy hazratlari aytganlaridek, «Maqtovdan ham ko‘ra kattaroq pora bormi? Maqtov bu poraning kattasidir».

Albatta, maqtov – moddiy qimmatlik emas, uni ushlab bo‘lmaydi. Shunday ekan, uni olganni ham, berganni ham, «Sizga sodiq it aslida shu, sizni nomingiz tilidan tushmaydi», – deb vositachilik qilganni ham jazoga tortib bo‘lmaydi.

Lekin korrupsiya taraqqiyotga g‘ov deganimiz kabi, manfaatli va asossiz maqtov ham taraqqiyotga eng katta g‘ovlardan biridir.

Oqibati esa biz yuqorida aytib o‘tgan pora oqibatidan ancha kattaroq...

Demoqchi bo‘lganim esa jamiyatda qarash o‘zgarishi shart, qonun jamiyatni, islohotlarni yetaklovchi yagona ustuvor kuch bo‘lishi, qonunosti hujjatlar, topshiriq va ko‘rsatmalarda faqat va faqat qonun asoslariga tayanish maqsadga muvofiq.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, qonunni hurmat qilgan, qonunni hurmat qilish ruhida shakllangan ong jinoyat qilishga moyil bo‘lmaydi, korrupsiya esa og‘ir jinoyatdir.

Jinoyatni faqatgina jazolash bilan yo‘qotib bo‘lganda edi, ayrim davlatlarda korrupsiya holatlari umuman uchramasdi...

Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid