Jamiyat | 15:18 / 07.05.2021
9256
3 daqiqa o‘qiladi

Yunusobod metrosi qurilishida vafot etganlardan birining yaqinlariga kompensatsiya mojarosi bo‘yicha sud ishi yakunlandi

Yunusobod metrosi qurilishida vafot etgan fuqaroning yaqinlariga to‘lanishi kerak bo‘lgan kompensatsiya mojarosida quyi sudning hal qiluv qarori Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida apellyatsiya instansiyasida qisman bekor qilindi. Jabrlanuvchilariga 100 mln so‘m miqdorda bir martalik tovon puli undirilmaydigan bo‘ldi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sud majlisida marhum Anvar Diyorovning ukasi Navro‘z Diyorov ko‘rsatma bergan. U ko‘rsatmasida akasi marhum Anvar Diyorovning vafot etganligi to‘g‘risida dalolatnomani 2020 yil 5 fevralda olganini, dastlabki tergov jarayonida 100 mln so‘m olgani haqida qachon tilxat yozib berganini eslolmasligini ta'kidladi.

Ish yakuniga ko‘ra sudlov hay'ati «SBK Universal Construction Group» MChJning apellyatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirdi va FIB Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2020 yil 7 noyabrdagi hal qiluv qarorining 100 mln so‘m bir martalik kompensatsiya to‘loviga oid qismini bekor qildi. Qarorning ma'naviy zarar uchun 300 mln so‘m kompensatsiya undirish to‘g‘risidagi qismi o‘zgarishsiz qoldi.

Apellyatsiya tartibida ko‘rilgan sud majlisi 30 aprel kuni boshlangan va unda javobgar taraf «SBK Universal Construction Group» MChJning advokatining talabi bilan OAV vakillariga sudda audio va video yozuvlarni olishga ruxsat berilmagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘li qurilishida avariya ro‘y bergan, 6 nafar ishchi tuproq ostida qolib halok bo‘lgandi. Odamlar o‘limiga olib kelgan hodisa aybdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2020 yil 18 mart kuni, ayblilik masalasini hal qilmasdan turib tugatilgan.

Bir qancha vaqtdan so‘ng marhumlarning oila a'zolariga maxsus komissiya tayinlagan nafaqa pullarini yetarlicha to‘lab berilmaganiga doir masala ko‘tarildi.

Baxsiz hodisa tufayli halok bo‘lgan Anvar Diyorovning yaqinlari biryo‘la va oyma-oy to‘lanadigan nafaqalar o‘z vaqtida to‘lab berilmagan degan vaj bilan «SBK Universal Construction Group» MChJga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritgan. Uning da'vo talablari qanoatlantirilgan va sudning 2020 yil 7 noyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra javobgar «SBK Universal Construction Group» MChJdan da'vogar Lobar Rahmonovaning 3 nafar farzandining har biriga, ular 16 yoshga to‘lgunga qadar har oyda 727 ming so‘mdan nafaqa, 100 mln so‘m bir martalik kompensatsiya va yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 300 mln so‘m undirish belgilangan edi.