Jamiyat | 23:04 / 08.05.2021
29917
4 daqiqa o‘qiladi

Ko‘zi ojiz ota-onasiga «ko‘z» bo‘layotgan nogiron qizning ibratli hayoti

Ba'zan biror yumushimiz bitmagani yoki arzimagan sabablar tufayli tushkunlikka tushamiz, hayotdan noliymiz. Lekin oramizda shunday insonlar borki, har ishdan hikmat topishadi. Hayot sinovlari sabab imkoniyati cheklangan bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, shukr qilib, yashash uchun kurashadi.

Namanganlik er-xotin Muhammadyoqub Qurbonov va Sarbarxon Qirg‘izboyevaning ko‘zi ojiz. Shunga qaramay hayotda bir-birlariga suyanch bo‘lib yashashadi. Alloh ularga besh qiz, bir o‘g‘il farzand berdi. Ular bolalari sog‘lom tug‘ilgani uchun ham shukr qilishadi.

Muhammadyoqub aka va Sarbarxon opaning ikkinchi farzandi Aziza Qurbonova 19 yoshida kasallik tufayli nogironlik aravachasiga mixlanib qolgan. Aytishlaricha, Aziza shifokorlarning noto‘g‘ri tashxisi tufayli shu holga tushib qolgan.

«19 yoshimda o‘ng qo‘limning oxirgi barmog‘i shishib og‘rib qolgan, shifokorga ko‘ringanman, muolajalar olganman, lekin o‘zgarish bo‘lmagan. Sekin-sekin kasallik oyog‘imga ham o‘ta boshlagan. Bir yo‘l suyak yemirilishi tashxisi bilan davolanganman, aslida esa poliartrit kasalligi bilan og‘rigan ekanman, borib-borib bu dard meni to‘shakka mixlab qo‘ydi», – deydi Aziza.

Aziza o‘ziga berilgan dardni Allohning sinovi deb biladi, har ishda bir hikmat bor, deydi. Uning eng katta orzusi – talabalik baxtiga muyassar bo‘lish.

«Xudo xohlasa, oyoqqa turib ketsam, albatta o‘qiyman. O‘rta ta'limni gimnaziyada olganim bois, aniq fanlarni yaxshi o‘zlashtirganman. Maktabni tamomlagach, Namangan muhandislik-qurilish institutining menejment yo‘nalishiga hujjat topshirdim, lekin to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga kiribman. Ota-onamning nafaqasigagina kun ko‘rganimiz bois o‘qiy olmadim. Grant asosida qabul qilinsam, harna stipendiyaga o‘qishdagi xarajatlarni qilib, uyga ham yordam qilaman deb o‘ylardim. Lekin ketma-ket har yili faqat shartnoma asosida o‘qishga kirish nasib qildi, shuning uchun o‘qiy olmadim», – deya armoni haqida so‘zlaydi u.

Qahramonimiz kitoblar o‘qishni yaxshi ko‘radi. U ota-onasiga ham kitob o‘qib beradi. Uy ishlarini bajarishda esa ko‘zi ojiz ota-onasiga «ko‘z» bo‘lib ko‘maklashadi.

«2008 yilgacha Namangan shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida yashardik. Uy betondan qurilgani sababli ham mening kasalimga to‘g‘ri kelmas edi. Ota-onam bilan birgalikda astoydil duo qilib, hovlimiz bo‘lishini tiladik, mana, niyatimizga yetdik.

Hozir hovlimizning ekin maydoniga ro‘zg‘or uchun zarur bo‘ladigan rezavorlarni ekamiz. Ekish ishlariga opa-singillarim yordamlashadi. Qolgan ishlarni ota-onam bilan birgalikda qilamiz», – deydi u.

Nima qilishni Aziza aytib turadi, ota-onasi esa paypaslab bajarishadi. O‘zlari yetishtirgan mahsulotlar ro‘zg‘orga yaraydi.

«To‘rt farzandimni turmushga berganman, o‘g‘lim esa Rossiyaga ishlagani ketgan. Xudo xohlasa, o‘g‘lim yaxshi ishlab kelsa, uy-joylarni bitkazib, kelin olamiz.

Ko‘zim ojiz bo‘lsa ham hamma ishni o‘zim uddalayman. Ovqat qilaman, uy ishlarini qilaman; qizim ko‘rsatib, aytib turadi. Qo‘shnilarimiz ham rosa yaxshi, ko‘maklashib turishadi.

Alloh bizga shunday sinov bergan ekan, nolimaymiz. Birovga muhtoj ham emasmiz. Bergan rizqiga shukr qilib yashaymiz», – deydi Sarbarxon Qirg‘izboyeva.

Nogiron bo‘lsa-da, biri biriga «ko‘z», biri biriga «qo‘l-oyoq» bo‘lib yashayotgan bu oila vakillari to‘rt muchasi sog‘lom bo‘la turib bir-biriga ko‘maklashish o‘rniga ozor berayotgan insonlar uchun chinakam ibrat bo‘la oladi. Xulosa o‘zingizdan.

Yulduz Yuldasheva,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid