O‘zbekiston | 08:48 / 08.05.2021
12877
4 daqiqa o‘qiladi

«Ota bolasi bilan sutkada maksimum 12 daqiqa gaplashyapti». Bugun yoshlar dunyoqarashini nima shakllantirmoqda?

Iqtisodchi va biznes-murabbiy Muhammadali Eshonqulovning aytishicha, bugungi yoshlar dunyoqarashining shakllanishida ota-onalar o‘rni kamayib bormoqda. Bunda internet, televideniye, atrof-muhit va telefon eng katta rol o‘ynayapti.

Toshkentda Iqtisodiyot assambleyasi hamda Mebelchilar va yog‘ochsozlik sanoati uyushmasi tomonidan turli soha vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda qatnashgan iqtisodchi, biznes-murabbiy Muhammadali Eshonqulov bugungi o‘zbek yoshlari va mamlakatni rivojlantirishda e'tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar haqida fikrlarini aytdi.

«Gapni og‘riqli nuqtamizdan boshlasam. Hozirgi kunda ko‘pchilik tasdiqlaydigan statistika bor. Ya'ni otalar farzandlari bilan bir sutka ichida maksimum 12 daqiqa gaplasharkan. Onalar yarim soatdan ko‘p gaplashmayapti. Yoshlar haqida gapiramiz-u, ularning dunyoqarashini nima shakllantiryapti desangiz, ota-onasining absolyut roli yo‘qdek. Faqat internet, televideniye, atrof-muhit va telefon eng katta rol o‘ynayapti. Ota-onalar bolasi kimligini bilmayapti.

O‘zbek xalqi yoshlarining dunyoqarashi boshqa xalq yoshlaridan yuqori turadi. Lekin nega biz kambag‘al davlatmiz? Ko‘pchilik bizni rivojlanayotgan davlat deb o‘ylaydi.

Kishi boshiga kunlik daromadni bo‘lsak, 4,5 dollardan to‘g‘ri keladi. Rivojlanayotgan davlat bo‘lish uchun har bir fuqaroning kunlik daromadi 10 dollardan 30 dollargacha bo‘lishi kerak.

Endi nimaga biz kambag‘al, Yaponiya kuchli? Nimaga biz bunday, Koreya yoki Singapur rivojlangan, deb ko‘p o‘ylandim. Buning sababi bizda individ kuchli, tizim kuchli emas. Ularda tizim kuchli ekan, individ esa kuchsiz.

Yaqinda «Jang san'ati» degan kitobni tarjima qildirdik. Asarda aytiladiki, jangda lideri kuchli, armiyasi kuchsiz tomon, lideri kuchsiz armiyasi kuchli tomonni yengadi. Ya'ni boshqaruv strategiyasiga ko‘p narsa bog‘liq.

Masalan, Shimoliy va Janubiy Koreyaning boshqaruv tizimlarini oling. Farobiy hazratlari «Fozil odamlar shahri» asarida podshoh podshohligini, fuqaro fuqaroligini, mirshab mirshabligini qilishi kerakligini aytgan. Hech kim bir-birining ishiga aralashmasligi lozim. Shundagina rivojlanish bo‘ladi», deya muallim fikrlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev mamlakat rivojida boshqaruv tizimi va fuqarolik jamiyatining roli haqida gapirdi.

«Har qanaqa tizimda shaxsdan ko‘ra institut shakllanishi muhim. Bizda shaxslar muhim, institut emas. Bu yomon.

Masalan, Britaniyada payshanba kuni ertalab saylov bo‘ladi. Juma kuni ertalab natija chiqadi. Agar amaldagi hukumat yutqazsa, soat 12ga borib yangi hukumat qirolichaga kirib hukumat tuzish taklifini oladi-da, soat 13da ishni boshlaydi.

Tasavvur qilyapsizmi, ertalab yangi hukumat yutqazyapti, soat birda – 5 soat ichida yangi hukumat ish boshlayapti. Lekin tadbirkor bo‘ladimi, fuqaro bo‘ladimi, u o‘zgarish sezmaydi. Chunki u yerda ketayotgan yoki kelayotgan shaxsning roli muhim emas. Chunki institut ishlayapti.

Bunda eng birinchi qoida: elita o‘zi chiqargan qoidaga o‘zi amal qilishi kerak.

Ikkinchidan, shaxs yo‘qolib institutga aylanishi lozim. Buning uchun fuqarolik jamiyati kuchayishi kerak.

Uchinchidan, kuchishlatar tizim ustidan fuqarolik jamiyatlari boshqaruviga o‘tish zarur.

Bizda hokimiyat kuchli, lekin fuqarolik jamiyati kuchli emas. Qo‘shni Qirg‘izistonda ko‘ryapmiz, fuqarolik jamiyati kuchli, ammo davlat kuchsiz. Har ikkisida ham balans yo‘q.

Bizning davlat yetarlicha kuchli. Demak, biz imkon qadar fuqarolik jamiyatini rivojlantirishimiz zarur», dedi deputat.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid