Ikki urush ko‘rgan ota. Yoshligi urushlarda o‘tgan Iminjon Temirov xotiralari
Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi Iminjon ota Temirov yosh umrining sakkiz yilini urushda o‘tkazgan. U 113-Alohida o‘qchi brigada tarkibida bo‘linma komandiri vazifasida 1941-1942-yillarda Kuban hududidagi janglarda ishtirok etib, so‘ng Uzoq Sharqda Yaponiyaga qarshi urushda Janubiy Saxalin va Kuril orollaridagi harbiy harakatlarda qatnashgan.
96 yoshli otaxon biz bilan suhbat davomida uzoq yashash sirlarini ochdi. Iminjon Temirov yuzga yaqinlashgan yoshida ham ko‘zoynaksiz kitob o‘qiydi.
«Buning siri to‘g‘ri ovqatlanishda. Soat 17dan keyin hech ovqatlanmaganman», deydi ota.
Qahramonimiz 9 farzandning otasi, u yuzdan ziyod nevara va chevaralarga bobo hisoblanadi.
«1925 yilda tug‘ilganman. 17 yoshimda, maktabni bitirmasimdan urush boshlanib, armiyaga olib ketishdi. Avval Spasskiy degan joyda tayyorgarlik ko‘rdik. Undan keyin serjantlar maktabiga olishdi. U yerda uch oy o‘qitib, unvon berishdi. Keyin urushga kirib ketdik. Avval Belorussiyada bo‘ldik. U yerda bizni eshelonga solib, Yaponiya bilan urushga olib ketishdi. Jami bo‘lib sakkiz yil xizmatda bo‘lganman», deydi Iminjon ota.
Iminjon Temirov minomyot divizionida raschyot komandiri bo‘lgan. U va uning quroldoshlari qahramonligi haqida «Ikki urush ko‘rganlar» kitobi ham yozilgan.
«Urushda qiziq voqealar ko‘p bo‘lgan. Fashist samolyotlari o‘rmon ichida yurganimizda ustimizdan bombardimon qila boshladi. «Qoch, qoch!» degan xitoblar. O‘qlardan daraxt shoxlari uzilib tushardi. Yaradorlarni bog‘ ichida turgan mashinaga yuklash kerak. Biri oyog‘idan yaralangan, biri qo‘lidan. Shunda batareya komandiri «mashinaga chiqib, bularni medchastga olib boringlar» dedi. Hech kim chiqmadi. Qarag‘aylardan o‘q o‘tib, tushyapti-da, hamma qo‘rqdi. Shunda men chiqaman dedim. Kasallarni olib berishyapti, men mashinaga qo‘yyapman. Hammasini yuklab bo‘lganimdan keyin mashina ketdi.
Urush eng dahshatli narsa. Xalqlarni besaranjom qiladi. Qiyinchilik bo‘ladi-da urushda. Urush bo‘lmasligi kerak aslida. Urush bo‘lgandan keyin qo‘shningiz ham qiyinchilikda, siz ham qiyinchilikda qolasiz. Hamma narsa qiyinchilik bo‘ladi. Bundan buyon yoshlarimiz urush ko‘rmasin. Ota-onasiga mehribon bo‘lib, hozirgi ketayotgan davrimizda yashab yuraversin», deydi qahramonimiz.
Ota turmush o‘rtog‘i bilan to‘qqiz nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Ulardan ikkisi o‘tib ketgan, qolganlari hayot. Hammasi ham bola-chaqali. Nevara-chevaralari soni 100dan ortiq. Bir nafar evarasi ham bor.
«Chevaralarim o‘zi kelib, «Bobo, menman, menman» deydi, shunda tanib qolaman. Ular 100 nafardan oshdi. Nevaralarimning ko‘pini taniyman. Yangilarini tanimayman. Bir xo‘jalikdagi nevaralarim kelsa, ikki-uchtasini taniyman, qolganini tanimayman. Manavi kim desam, bu qizingizni bolasi-ku, mana bunisi kenjasi, deb turishadi.
Men hozir 96 yoshdaman. Uzoq umr ko‘rish uchun beg‘am bo‘lishi kerak, yaxshi-yomon gapni ajratishi kerak. Kam ovqat yeyishi kerak. Masalan, menga soat 5dan keyin ovqat yoqmaydi ham, yemayman ham. Oz ovqatlanaman. Odamlar uch mahal ovqat yesa, men ikki mahal ovqatlanib ham yuraveraman. Ko‘p uxlash ham zarar. Oz uxlanglar, oz ovqatlaninglar, ko‘proq shug‘ullaninglar. Ko‘p shug‘ullangan odamda qon yuradi, qiynalmaydi», deydi urush faxriysi.
Ota urushdan so‘ng tuman moliyasida inspektor bo‘lib ishlagan. Uzoq yillar kolxozda faoliyat yuritgan.
«Prezidentimizga rahmat. Mana bu yog‘ini hisob-kitob qilib, kambag‘al odamlarni boy qilinglar deyapti. Mendan xabar olib turishadi. Ming marta roziman. Davlatimizda xursandman», deydi Iminjon Temirov.