Jahon | 13:04 / 09.05.2021
12612
6 daqiqa o‘qiladi

Nega Afrikaning ayrim mamlakatlarida vaksinalar chiqindiga tashlanmoqda?

Afrika mamlakatlarining katta qismi Covid-19 vaksinasini sotib olish masalasida qiynalmoqda. Qit'aning ayrim mamlakatlarida esa yaroqlilik muddati o‘tgan minglab vaksinalar chiqindiga tashlanmoqda.

Foto: Reuters

Malavida 16 ming 400 doza, Janubiy Sudanda 59 ming doza Oxford-AstraZeneca vaksinasining yaroqlilik muddati 13 aprelda tugagan.

JSST yaroqlilik muddatini xavfsiz tarzda uzaytirish yo‘llarini izlash uchun ushbu vaksinalarni saqlashga chaqirganiga qaramay, har ikkala mamlakat ham mazkur vaksinalarni yo‘q qilishga qaror qildi.

Kongo Demokratik Respublikasi esa kambag‘al mamlakatlarga vaksinalar yetkazib berishni maqsad qilgan COVAX dasturi doirasida qabul qilingan 1,7 million vaksinaning katta qismidan foydalana olmasligini e'lon qildi.

Kongoda aprel oyi oxiriga qadar ushbu vaksinalarning atigi ming dozasi ishlatilgan.

Garchi yaroqlilik muddati 24 iyun bo‘lsa-da, ushbu vaksinalarning aksariyati Togo va emlashning birinchi bosqichini tugatgan mamlakatlar sirasidagi Ganaga jo‘natilmoqda.

Vaksinalardan nima uchun foydalanilmadi?

Aslida, Oxford-AstraZeneca vaksinalari ishlab chiqarilganidan keyin 6 oygacha muzlatkichlarda xavfsiz saqlanishi mumkin.

Biroq ayrim mamlakatlarda emlash jarayonini sekinlashtiradigan bir necha omillar mavjud.

Janubiy Afrika hukumati mamlakatdagi koronavirus shtammidan yetarli darajada himoya qila olmasligi sababli fevral oyida qabul qilib olingan yaroqlilik muddati 13 fevralgacha bo‘lgan Oxford-AstraZeneca vaksinalaridan foydalanmaslikka qaror qilgandi.

Afrika Ittifoqi endilikda ushbu vaksinalarni qit'aning boshqa mamlakatlariga tarqatishga harakat qilmoqda.

Mart oyi oxirida Afrika mamlakatlariga tarqatish uchun Afrika Ittifoqiga 1 million doza vaksina yuborildi. Biroq ayrim mamlakatlar, shu jumladan, Janubiy Sudan ushbu vaksinalarning yaroqlilik muddati haqida ularga ma'lumot berilmaganini aytdi.

Boshqa tomondan, Nigeriya rasmiylari ushbu dozalarning hammasidan qisqa vaqt ichida emlash uchun foydalanish mumkin emasligini ta'kidladi. Shuning uchun vaksinalarning bir qismi qo‘shni Togo va Gana davlatlariga, yana bir qismi esa Yamaykaga yuborildi.

JSST faqat Togo va Gambiya davlatlarigina o‘z vaksinalarining barcha dozalarini yaroqlilik muddati tugamasidan oldin qo‘llaganini ma'lum qildi.

Qolgan vaksinalarning taqdiri esa noma'lumligicha qolmoqda.

Nima uchun emlash kechiktirildi?

JSSTning Afrikadagi mutaxassisi Fiona Atuxebve qit'adagi mamlakatlarning aksar qismi vaksinalarni yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rmay turib qabul qilib olgani, bu esa o‘z navbatida emlash jarayonini sekinlashtirganini ta'kidladi.

Boshqa tomondan, ayrim mamlakatlarda ushbu jarayonlarga moliyaviy muammolar ham salbiy ta'sir o‘tkazdi.

Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (Africa CDC) vakili Jon Nkengasong sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining sonini ko‘paytirish va ularni virusdan himoya vositalari bilan ta'minlashga chaqirdi.

«Afrika qit'asi qanday qilib emlashni biladi, chunki bu qit'adagi ba'zi mamlakatlarda boshqa kasalliklarga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. Muhim bo‘lgan masala shu: siz emlash qamrovini qanday kengaytirasiz va bu jarayonni qanday tezlashtirasiz?» dedi Nkengasong. 

Kongo Demokratik Respublikasida nafaqat sog‘liqni saqlash tizimining yomonligi, balki transport tarmog‘ining kuchsizligi ham vaksinalarni mamlakatning turli qismlariga yetkazilishiga to‘siq bo‘lmoqda.

Kongo hukumati xavfsizlik bo‘yicha xavotirlari sabab mart oyi o‘rtalarida Oxford-AstraZeneca vaksinalarining qo‘llanishini to‘xtatishi, 19 apreldan emlashni davom ettirishi ham vaziyatni yanada murakkablashtirdi.

Afrika davlatlari vaksinalarning yaroqlilik muddati tugashiga yaqin qolganda yoki yaroqlilik muddati o‘tib ketganda bu haqda JSSTga yoki Africa CDC tashkilotlaridan biriga xabar berishlari shart.

Vaksinaga shubha bilan qaralishi ham jarayonga ta'sir qildimi?

Afrika mamlakatlaridagi ba'zi ekspertlar va siyosatchilarning ta'kidlashicha, vaksinalarning xavfsizligi va samaradorligiga jamoatchilik tomonidan shubha bilan qaralayotgani ham emlash jarayonini sekinlashtirmoqda.

Serra-Leone sog‘liqni saqlash vaziri Ostin Dembining aytishicha, ular o‘z mamlakatida odamlarni emlash jarayoniga jalb qilish va ularni ko‘ndirish masalasida qiyinchilikka duch kelishmoqda.

Malavilik virusolog Gama Bandau qabul qilib olingan barcha vaksinalardan foydalana olinmayotganiga vaksinalarga bo‘lgan ishonchning kamligi ham ta'sir qilyapti, degan fikrda.

Janubiy Afrikada qon ivishi kabi nojo‘ya ta'sirlar kuzatilgani sababli bir muddat ishonchlilik darajasi muhokama qilingan AstraZeneca vaksinalaridan foydalanishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ham vaksinalarga nisbatan shubhalarni yanada kuchaytirdi.

Bandauning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Afrika rasmiylari ikkilanishga barham berish uchun «qo‘llaridan kelganicha harakat qilishgan», ammo jamoatchilikdan kutilgan javob olinmagan.

Covid-19 vaksinalari haqidagi fikrlarni o‘rganish maqsadida 15 mamlakatda Africa CDC tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, qit'ada yashovchilarning aksariyat qismi vaksinalarning xavfsizligidan xavotirda ekanini bildirgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning o‘rtacha 20 foizi emlanmasligini aytgan. Ushbu ko‘rsatkich Efiopiya, Niger va Tunisda 10 foizdan kam, Kongo Demokratik Respublikasida esa 41 foizni tashkil etadi.

Mavzuga oid