Jahon | 23:45 / 10.05.2021
18829
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Qirg‘iziston va Tojikistonga chegaradagi nizoni bartaraf etishda o‘z yordamini taklif qildi

Jonatan Henikning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Bishkek va Dushanbedagi elchixonalari orqali har ikki davlat rahbarlari bilan bevosita muloqotda bo‘lib turibdi.

Foto: RIA Novosti

AQSh chegaradagi nizoni bartaraf etishda Qirg‘iziston va Tojikistonga har qanday qo‘llab-quvvatlovni taklif etadi. Bu haqda AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Jonatan Henik ma'lum qildi.

U Vashington Atlantika kengashi tomonidan o‘tkazilgan internet seminarda AQSh Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi voqealarning oxirgi rivojidan mamnunligini ta'kidladi.

«Ammo vaziyat iziga tushdi deb o‘ylay olmaymiz. U iziga tushmadi. Aholining o‘z uylariga qaytishi va nizo hududida tiklash ishlarini olib borish uchun tinchlik va barqarorlik talab qilinadi», – dedi u.

Henikning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Bishkek va Dushanbedagi elchixonalari orqali har ikki davlat rahbarlari bilan bevosita muloqotda bo‘lib turibdi.

«Ularning Vashingtondagi elchixonalari bilan ham aloqadamiz. Biz nizoni hal qilishni har qanday usul bilan qo‘llab-quvvatlashni taklif qildik», – deb ta'kidladi u.

28 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasi hududida, Qirg‘izistonning Ko‘k-Tosh qishlog‘ida joylashgan «Bosh» suv taqsimlash punktida ikki mamlakat aholisi vakillari o‘rtasida kichik to‘qnashuv ro‘y berdi, 29 aprel kuni bu nizo harbiylar ishtirokidagi qurolli to‘qnashuvga aylanib ketdi. Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Laylak tumanlarida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari o‘rtasidagi otishmalar 30 aprel va 1 may kunlari ham davom etdi.

1 may kuni kechqurun Qirg‘iziston va Tojikiston milliy xavfsizlik xizmatlari rahbariyati o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy kuchlarni chegaradan avvalgi joyiga qaytarish to‘g‘risidagi protokolni imzolashdi.

To‘rt kunlik ziddiyat vaqtida Qirg‘iziston tomonidan 36 kishi halok bo‘lgan, 189 kishi jarohatlangan. Tojikiston tomonining yo‘qotishlari 19 kishi bo‘lib, 87 kishi jarohat olgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid