O‘zbekiston | 23:04 / 11.05.2021
12883
1 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozondagi fojia munosabati bilan Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozon shahridagi maktabga uyushtirilgan hujum oqibatida 9 kishi halok bo‘lgani yuzasidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik maktubi yo‘lladi.

Foto: AFP

«Fojiali voqea – Qozon shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida begunoh bolalar va yoshi kattalar halok bo‘lgani haqidagi xabar meni chuqur qayg‘u va larzaga soldi.

Hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydigan ushbu mudhish zo‘ravonlik harakatini qat'iy qoralaymiz.

Sizga, qurbon bo‘lganlarning ota-onalari va yaqinlariga samimiy hamdardlik izhor etaman hamda jarohat olganlar tez fursatda shifo topishlarini tilayman.

Ushbu musibatli damlarda O‘zbekistonning ko‘pmillatli xalqi Rossiya xalqi uchragan judolikka qayg‘udoshdir», – deyiladi maktubda.

11 may kuni tongda Qozondagi 175-sonli gimnaziyaga 19 yoshli yigit qurol bilan hujum uyushtirdi. Oqibatda maktabda 9 kishi halok bo‘ldi, ulardan 7 nafari – bolalar. Yana 18 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 6 nafari og‘ir, 2 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid