Jamiyat | 11:35 / 15.05.2021
23425
18 daqiqa o‘qiladi

AQShga viza olish, ta'lim va jurnalistika - Saidaziz A'zamov bilan suhbat

Kun.uz'ning UzbekLife loyihasi navbatdagi mehmoni – Young Leaders Development Project a'zosi, «Dengiz ortidan» Telegram-kanali muallifi, yosh tadqiqotchi va jurnalist Saidaziz A'zamov.

Saidaziz hozir AQShda, «OzESG Consulting» kompaniyasida tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlayapti. Ushbu kompaniya atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv bo‘yicha mas'uliyatli hamda ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bozorlarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

U bilan suhbatimiz AQShdagi o‘zbeklar, viza olish uchun suhbatda e'tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlar, O‘zbekistonda ta'limni qanday qilib yaxshilash mumkinligi va sifatli jurnalistika haqida bo‘ldi.

«AQShda ba'zi narsalarni ko‘rib, madaniy shok holatiga tushganman»

— Amerikaga birinchi marta 21 yoshimda, yozgi maktabga grant yutib kelganman. O‘shanda bu yerdagi ba'zi narsalarni ko‘rib, madaniy shok holatiga tushganman. Masalan, 2015 yil hali O‘zbekistonda GPS navigatsiyadan foydalanib mashina haydalmas edi. GPSdan foydalanayotganlar ham yoshlar edi. Amerikada esa qariyalarning texnologiyalar bilan do‘stlashishi meni hayron qoldirgan. Kampusimiz va Nyu-York shahri aro bizni tashigan yoshi katta haydovchilar, chap qo‘lini o‘ynatib Google Maps'dan foydalanardi.

Meni hayratga solgan yana bir narsa dush edi! Jo‘mrak bosimni emas, suv haroratini o‘zgartirish uchun qo‘llanadi. Dush jo‘mragini buraganingizda bir xil bosimda suv chiqadi, faqat uni o‘ngga yoki chapga aylantirib issiq yoki sovuq qilasiz.

Shuningdek, odamlarning beton yerlarda, pollarda, zinalarda o‘tirishi, sovuq, shamolli havoda ham yupun kiyinib yurishini ko‘rib ajablanganman.

Kampusimiz kafeteriyasida 400 kishi ovqatlanardi. Hamma chiqib ketayotganda bitta katta bak «food waste» (ovqat qoldiqlari) bilan to‘lardi. Ovqat, non axlatga tashlanardi. Bu ham meni o‘shanda shokka tushirgan.

«Nyu-York – aql bovar qilmaydigan joy»

— Hozirgacha AQShning Nyu-York, Merilend, Kaliforniya shtatlarida bo‘ldim. Nyu-York – aqlbovar qilmaydigan joy, rosti. Nyu-York shahri nihoyatda katta, gavjum va tartibsiz.

Merilendning Baltimorida bir hafta yashadim; nisbatan kambag‘al shahardek tuyuldi, ko‘chalari kir, odamlari xorg‘in. Kaliforniyada bir yil yashagan bo‘lsam, uning tabiati, shaharlarining tuzilishi, ya'ni yassiligi, ko‘chalarining toza va kengligi yoqdi. Albatta, San-Fransisko va Los-Anjyeles kabi katta shaharlari tartibsizroq. Ammo shu shtatlarning hammasida ham katta-katta o‘rmonlar, ko‘kalamzorlar, katta suv havzalari bor. AQShni shu tabiati, iqtisodiyoti, odamlari, ularning demografik xilma-xilligi AQSh qiladi.

«AQShda men qadrlaydigan va toqat qilolmaydigan narsa…»

— AQShda vaqtingizga nisbatan kompensatsiya yuqoriligini, moliyaviy ta'minlanganlik, boshqa ko‘plab imkoniyatlar qatori o‘z ustingizda ishlash, o‘qish va izlanishga sharoit yaratishini qadrlayman.

Islomofobiya va irqchilikka, ayollarning diskriminatsiya qilinishi va «harassment»ga toqat qila olmayman. Ha, bu holatlar bor, chunki Amerika katta va unga yiliga yuz minglab turli jamiyat vakillari ko‘chib qo‘shiladi. Yana nashaning hidiga chidolmayman, Nyu-Yorkda ham o‘tgan oy dekriminalizatsiya qilindi.

«AQShdagi o‘zbeklarning ko‘pi gig-iqtisodiyotda ishlaydi»

— Filadelfiya, Nyu-York, Shikagoda o‘zbeklar ko‘p. Hamma millioner shaharlarda o‘zimiznikilar ko‘p bo‘lsa kerak. San-Fransiskodayam ko‘p, zotan.

AQShdagi o‘zbeklarning ko‘pi Uber, Lift, undan tashqari, Doordash va boshqa ovqat tashish applari yoki Amazon Flex orqali shu o‘yinlarga (bonus, aksiya va boshqa insentivalar) asoslangan gig-iqtisodiyotda ishlaydi. Zahmatkash gig ishchi bo‘lsangiz, haftasiga 1000 dollardan ko‘proq topishingiz mumkin.

Shuningdek, bu yerda uzoq yo‘lga katta yuk tashuvchilar va shunday logistika jarayonlarini tashkil qiladigan kompaniya ochgan o‘zbeklar ham ko‘p. Ularni oyiga 15-20 ming dollar oylik oladi deb eshitganman. Bulardan tashqari, o‘zbeklar qurilishda, qariyalarga qarashda, savdo-sotiqda ishlaydi.

Investitsion banklar, ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanadigan shirkatlar, IT kompaniyalar, yana universitetlar, xalqaro tashkilotlar (Vashington shahrida ko‘p), tibbiyot sohasida ishlaydigan hamyurtlarimiz ko‘payyapti.

Amerikada immigrantlar nihoyatda ko‘pligi va, umuman, bu yerdagi har bir fuqaroning ajdodlari qachondir immigrant bo‘lgani uchunmi, ekspatlarga oddiy hol deb qaraladi. Shaxsan o‘zim immigrant bo‘lganim uchun hech qanday tazyiqqa yoki yomon munosabatga uchramaganman. Aksincha, immigrant bo‘lish ba'zida afzallik beradi. Bunda sizga ko‘proq yordam berishga urinishadi ayrim joylarda.

«AQShga viza olish uchun suhbatda samimiylikka e'tibor qaratish kerak»

Men AQShga ikki marta viza olganman. Ikkovida ham juda qisqa intervyu bo‘lgan. Hatto ikkinchi martasida bor-yo‘g‘i ikkita pichoqqa ilinadigan savol bergan. Asosan kompyuterida chiqillatib bir narsalarni tergan, keyin Eronda, Afrikada bo‘lganmanmi yoki yo‘qmi, shuni so‘ragan xolos. Ayrim hollarda viza beriladigan vaziyatda ham bir hafta qo‘shimcha tekshiruv o‘tkaziladi. Menda unday bo‘lmagan, ikkala safar ham suhbatning ertasi kuni viza bosilgan pasportimni olib ketganman.

Suhbatda eng asosiysi samimiylikka e'tibor berish kerak. Afsuski, suhbat haqida biroz qo‘rqinchli, bo‘rttirilgan fikrlar bor. Men unday deb o‘ylamayman. Suhbat muhim, lekin siz qaysi vizaga topshiryapsiz, qanday maqsad bilan Amerikaga bormoqchisiz, shu kabilar undan ham muhimroq.

Men ikkovida ham grant dasturi orqali Amerikaga borish maqsadi bilan kirganman. Qo‘limda donor tashkilotlardan barcha kerakli hujjatlar, yana elchixona nomiga yozilgan "Note Verbale" (verbal nota) ham bor edi.

Shuning uchun agar Amerikaga viza arizasida ko‘rsatayotgan maqsadingiz bilan kelmoqchi bo‘lsangiz, shunchaki samimiy bo‘ling. Masalan, talaba vizasiga topshirish uchun o‘qishga kiring, o‘qiydigan bo‘lib keling, bo‘lmasam, elchixonadagi suhbatda mo‘jiza bilan o‘tib ketasiz xolos.

Lekin Amerikada o‘qish qimmat. Shuning uchun iloji boricha grant olishga harakat qilish kerak. Bu ham iqtisodiy tomondan yaxshi, ham konsulxonadagilarda: «Bu nomzod Amerikada qanday qilib o‘z xarajatlarini qoplaydi? Puldan qiynalish uni ish ruxsati bo‘lmay turib mehnat faoliyatini yuritishga majbur qilib qo‘ymaydimi?» degan savollariga nuqta qo‘yadi.

Amerikada doimiy yashash imkoniyatini faqat Green Card beradi, aslida. Green Card'ni olishning lotoreyadan boshqa yo‘llari haqida so‘rasangiz, unda EB (employment-based, ya'ni ishga joylashish yuzasidan doimiy turg‘unlik olish), yoki investitsiya kiritish orqali turg‘unlikni qo‘lga kiritish, yoki bo‘lmasam AQSh fuqarosi yoki doimiy rezidenti bilan oila qurishni aytsa bo‘ladi.

Doimiy yashash uchun emas, umuman Amerikada biroz muddat yashashni reja qilayotganlar bo‘lsa, tegishincha, talaba vizasini olib yoki ishchi vizasini olib kelish mumkin. Yana O degan viza bor, u noodatiy qobiliyatlari bor odamlarga beriladi. Shuni ham nazarda tutish mumkin.

«Ulkan mamlakatning o‘n minglab (!) shaharlarini puxta ishlab chiqilgan yo‘l infratuzilmasi bog‘lab turadi»

— AQSh – juda katta mamlakat. Shuning uchun temir yo‘lni bu yerda rivojlantirish qiyinroq bo‘lgan, tushunishimcha. Shuning uchun bu ulkan mamlakatning o‘n minglab (!) shaharlarini puxta ishlab chiqilgan yo‘l infratuzilmasi bog‘lab turadi, arzon va sifatli mahalliy fuqaro aviatsiyasi bilan birgalikda.

AQShda katta tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan friuyeylar qurilgan, ko‘prik, tunnel va shaharlararo yo‘llar pullik. Ularga mashinaning old derazasida o‘rnatilgan datchiklar orqali elektron tarzda to‘lash mumkin.

Amerikada shtatlararo tovar aylanmalari asosan uzun yuk mashinalari orqali amalga oshiriladi. Aynan shu sohada ham juda ko‘p o‘zbekistonliklar ishlaydi.

Amerikada mashina raqamlariga istalgan narsangizni yozdirib olishingiz mumkin. Adashmasam, shaxsiylashtirilgan raqamlarni olish tartibi shtatdan shtatga farq qiladi. Misol uchun, Kaliforniyada yiliga 50 dollar to‘lanar edi.

«Deyarli hamma katta shaharlarda uysizlar bor»

— Los-Anjyeles, San-Fransisko kabi qishsiz, yil bo‘yi havo iliq bo‘ladigan shaharlarda uysizlar juda ko‘p. Deyarli hamma katta shaharlarda uysizlar bor, bilishimcha.

Uysizlarning ayrimlari ruhiy salomatligi bilan muammolari bo‘lgani uchun, ayrimlari o‘ta chuqur iqtisodiy ahvoli sabab, qolganlari o‘zi shu hayot tarzini tanlagani uchun ko‘chada yashaydi.

«Mahalliy hukumatlar shaharlar yashilligini saqlash uchun harakat qiladi, chunki…»

—Ko‘chalarni iflos qilish men yashagan Baltimur, San-Fransisko, Deli Siti, Bruklin shaharlarining hammasida kuzatiladi. Odamlar har xil albatta. Lekin mahalliy hukumatlar shaharlar yashilligini saqlash uchun harakat qilishadi. Chunki Amerikada mahalliy hukumatlar saylanadi, tabiat, farzandlarimizga yashasa bo‘ladigan muhit qoldirib ketish, degan gaplar baribir ta'sirchan mavzular-da. Shu mavzularni ko‘tarib, atrof-muhit loyihalari orqali o‘z siyosiy ambitsiyalariga erishish uchun ham harakat qilishadi, o‘ylashimcha. Xususan, San-Fransisko nafaqat Amerika, balki dunyodagi eng yashil shaharlardan biri.

Chiqindilarni qayta ishlash masalasi ham odamlarning vijdoniga qolgan. Talablar bor, albatta. Odamlarga qayta ishlanadigan va qayta ishlanmaydigan axlatlarni alohida tashlash uqtiriladi. San Fransisko kabi shaharlarda ovqat (compost) ham alohida tashaladi.

«AQShda kitob do‘konlari ko‘p»

— AQShda kitob do‘konlari ko‘p. Ayniqsa, katta shaharlarda. Undan tashqari, jamoat kutubxonalari ham bor. Tekinga a'zo bo‘lasiz va kitob olib, qaytarib, foydalanaverasiz.

Kitob narxlari arzon, chunki oyliklar nisbatan yuqori-ku baribir. Shuning hisobiga uncha qimmatlik qilmaydi. Qolaversa, ishlatilgan kitoblarni juda arzonga olish mumkin. Do‘konlarda ham, eBay va Amazonda ham ishlatilgan kitoblar bo‘ladi.

O‘zbekiston maktablari va korrupsiya haqida

— O‘zbekistonda yangi avlod darsliklari – "Kids English", "Fly High» kitoblarning «listening» (tinglab tushunish) qismi tayyorlanishida qatnashganman, to‘g‘ri. Lekin Toshkentda o‘qiydigan ukamga ham men yozgan audiolar yetib kelmagan. Bu, albatta, korrupsiya bilan bog‘liq. Lekin korrupsiya degani u «listening» disklariga pul ajratilib, disklar chiqarilmagan yoki chiqarilgan disklarni kimdir pullab yuborgan degani emas. Ta'limdagi korrupsiya maktab o‘qituvchisiga «o‘z xonangni o‘zing ta'mirla, o‘zing unga kompyuter sotib ol, o‘zing kolonka sotib ol» deb aytish. Bundan ayanchliroq qaroqchilik bo‘lmasa kerak.

O‘qituvchi o‘zining yonidan va, tabiiyki, o‘quvchilar hisobidan shu ishlarning hammasini qiladi. Vaholanki, davlat bunga pul ajratishi kerak. Lekin maktab o‘qituvchilari «elga kelgan to‘y» degan gaplar bilan shu kamomadlarni yopishga majbur qilinsa, davlat qayerdan biladi shunaqa ehtiyojning o‘zi umuman borligini. Biz bu korrupsiya mavzusini chetga surib qo‘yib, darsliklar haqida gapirolmaymiz.

Darsliklar, o‘quv dasturlari ishlab chiqilishidan tashqari o‘qituvchilarni qayta tayyorlash sohasini ham bir necha yil muxbir sifatida kuzatganman. O‘qituvchilar ortiqcha qog‘ozbozlik, majlislar, bo‘lar-bo‘lmas joylarga sudra-sudralardan bo‘shasagina shu hamma yo‘nalishlar: a) o‘quv dasturlari; b) darsliklar; d) o‘qituvchilarni o‘qitish (PRESET) va qayta o‘qitish (INSET) bo‘yicha qilinayotgan ishlar samara beradi.

Shaxsiy fikrim shunaqaki, agar o‘qituvchilarga dars o‘tish imkoniyati va mehnatiga yarasha yaxshi haq berilsa, internetdan materiallarni chiqarib ham, eski kitoblardan foydalanib ham sifatli ta'limni tashkil qilsa bo‘ladi. Mana men o‘zim «Fly High»dan emas, oq-qora chiqarilgan «WOW!» degan 1992 yilgi kitobdan ingliz tilini o‘rganganman.

O‘zbekistonda maktab ta'limi yaxshi tomonga rivojlanishni boshlayapti. Qaysi maktab universitetga ko‘p bola olib kirsa, shunga qarab baholanadigan tizimlar yaratilyapti. Xudo quvvat bersin ta'lim fidoyilariga.

«Qayerdan bo‘lsa ham pul topib, o‘qituvchi oyligini minimum 700-800 dollar qilib qo‘yish kerak»

— O‘zbekistonda ta'limni yaxshilash uchun vazirliklarni bitta qilish kerak. O‘qituvchilarning oyligini bitiruvchilar fondimi, boshqa filantroplarning mablag‘larimi, qayerdan bo‘lsa ham pul topib, minimum 700-800 dollar qilib qo‘yish kerak.

Korrupsiyaning oldini olish uchun haftasiga nechadir soatdan ko‘p dars berishni taqiqlash, qayta tayyorlash o‘qishlariga boradigan mahal uchun ta'til berilishi kerak. Iloji bo‘lsa, qayta tayyorlash kurslari stipendiya to‘lashi kerak. Ta'lim sohasini yaxshilash uchun naqd pul kerak. Bu sohaga investitsiya qilish zarur.

Oliy ta'limga keladigan bo‘lsak, to‘g‘risi, bilmayman. Butun dunyoda oliy ta'lim transformatsiyaga uchray-uchray deb turibdi. Odamlar universitetdan ko‘ra onlayn kurslarni afzal ko‘rishyapti. Muammolarga to‘la bu ta'lim tizimimizni «odam qilguncha» umuman dunyoda oliy ta'lim boshqacha qiyofa kasb etib ketsa... Bilmadim. Biz endi startdan qo‘zg‘alsak, boshqalar finishdan ortga qaytayotgan bo‘ladi-da, o‘xshatish bilan aytilsa.

Juda ko‘p xususiy va chet el universitetlari ochilishi, ayrim davlat ta'lim muassasalari kichraytirilishi kerak. Xususiy universitetlarning texnoparklari bo‘lishi shart! Shu yerlarda yaxshi ishlagan talabalarga universitetmi, boshqa steykholderlarmi, moliyaviy yordam berishi kerak. Aks holda, o‘rtacha 30 million so‘m kontrakt juda qimmat.

«OAVni vijdon nazorat qilishi kerak, trendlar emas…»

— Sifatli jurnalistika – bu nima muhim bo‘lsa, shuni qiziq qiladigan jurnalistika (make important interesting). Nima qiziq bo‘lsa, shunga ahamiyat beradigan emas.

Sifatli jurnalistika uchun jurnalistik birdamlik kerak. Katta, obro‘li OAVlar o‘zaro kelishib, bir qator muhim mavzularni erinmay yoritishi kerak. Odamlarga bu qiziq emas deb emas, qanday qilsam shu odamlarga yetib boradi deyishi kerak. Va aksincha, davlat yoki boshqalar ataylab OAVga sizdirayotgan mavzularga ko‘p urg‘u berib yubormaslik kerak.

OAVda suitsid, yaqin qarindoshlar bir-birini o‘ldirishi, gomoseksualizm, insest aloqalar, pedofiliya faol yoritilmasligi tarafdoriman. Bu qanchalik trafik, shov-shuv yoki moddiy foyda olib kelmasin, o‘z ortidan olib keladigan talafotlar oldida bir chaqa.

OAVni vijdon nazorat qilishi kerak, boshqa hech kim emas. Shu jumladan, trendlar ham emas.

Bu – nashrlardan aniq «vision», ya'ni maqsad qo‘yishni, irodani, etikani, hurmatni talab qiladi.

Ochig‘ini aytsam, men OAVlarga qarasam, soliq to‘lovchi va lisenziatlarni ko‘raman. Ularga bosim o‘tkazish osonroq. Shuning uchun umid fuqarolik jurnalistikasidan deb bilaman. Ammo shu OAVlar fuqaro jurnalistlar uchun dars o‘rni, ibrat bo‘lishi mumkin.

«O‘zbek kitobxonlariga tavsiya qiladigan kitoblarim…»

— Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Zikr ahlidan so‘rang», «Baxtiyor oila» kitoblarini, yana Erkin A'zam, O‘tkir Hoshimovlarning asarlarini o‘qishni tavsiya qilardim.

Jahon adabiyotidan «Alkimyogar», «Cho‘qintirgan ota» kitoblari ham o‘zbekchaga yaxshi o‘girilgan ekan. Nonfikshnlardan «Why Nations Fail», «50 Inventions That Shaped the Modern Economy» va Piter Tilning «Zero to One « kitoblarini varaqlab ko‘rish kerak.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid