O‘zbekiston | 20:48 / 19.05.2021
42990
14 daqiqa o‘qiladi

Hokim va noqulay deputat ishi. Andijon shahar kengashi deputati nega daxlsizlikdan mahrum qilindi?

17 may kuni Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o‘tkazilgani muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Ushbu sessiya kun tartibidagi masala shahar hokimining noqonuniy qarorlariga qarshi chiqayotgan va Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan deputat Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqdan mahrum qilish bo‘lgan.

Sessiyada shahar prokurori taqdimnomasiga asosan deputatlarning ko‘pchiligi ovoz berishi evaziga Shuhratbek Karimov deputatlik daxlsizligidan mahrum etilgan. Yig‘ilishga kelgan barcha deputatlardan telefon va ovoz yozish moslamalari olib kirilmasligi talab qilinib, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tintuv o‘tkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan vakolatli organlar hamda deputatlar salbiy fikr bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Andijon shahar kengashining sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o‘tkazilganiga munosabat bildirib, prokurorning bunday harakatini «oqlab bo‘lmasligi»ni, u birinchi navbatda korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilishi kerakligini ta'kidladi.

Milliy gvardiya ma'lumotlariga ko‘ra, Andijon shahar hokimining topshirig‘iga asosan sessiya ishi boshlangunga qadar Andijon shahar IIB, shahar prokuraturasi va hokimligidan ajratilgan mas'ul xodimlar kuzatuvi ostida qo‘riqlash xodimi tomonidan tashrif buyurgan sessiya qatnashuvchilari metallodetektor yordamida ko‘rikdan o‘tkazilgan va uyali aloqa hamda ovozli videoga oluvchi vositalarini qoldirib kirishlari talab etilgan.

Mazkur holat Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan nazoratga olingan.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, deputat daxlsizligidan mahrum bo‘lgan Shuhratbek Karimov, mazkur majlisda ishtirok etgan deputat Jahongir Jiyanov, xalq deputatlari Andijon shahar kengashi kotibi, tintuv o‘tkazgan Milliy gvardiya xodimlari hamda Andijon shahar hokimligi mutasaddilaridan izoh oldi.   

Deputat Jiyanov: prokuraturaning sessiya kun tartibiga masala kiritishga qonuniy vakolati yo‘q

Jahongir Jiyanov

Andijon shahar kengashi deputati Jahongir Jiyanov sessiyada kuch ishlatar tuzilmalar vakillari ishtirok etishi, deputatlarning sessiyaga kirishdan oldin tintuv qilinishi mutlaqo qonunga zid ekanini qayd etib o‘tdi.

«Vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, hamma qilayotgan ishlarimiz qonun, qonun maxsus hujjatlariga tayangan holda bo‘lishi kerak. Oliy Majlis Senati Kengashining 2010 yilgi sessiya o‘tkazish tartibi bo‘yicha namunaviy reglamenti bor. Sessiya o‘tkazish tartibini ko‘radigan bo‘lsak, har bir sessiya o‘tkazishdan oldin tegishli tuman, shahar hokimlari qaror qabul qilgan bo‘lishi kerak. Tuman, shahar hokimlarining qaror qilishiga asos doimiy komissiya, siyosiy partiyalar, deputatlarning xulosalari bo‘ladi. Andijon shahar hokimining 20-sessiyani chaqirish to‘g‘risidagi qarorini olib qaraydigan bo‘lsak, hokim asos sifatida shahar prokuraturasining taqdimnomasini asos qilib olyapti.

Qonunchilikka nazar soladigan bo‘lsak, shahar prokuraturasining sessiya kun tartibiga masala kiritishga qonuniy vakolati yo‘q.

Ajablanarli holat: har qanday agar shahar hokimi qaror qabul qilayotganda yopiq sessiya deb qilinmagan bo‘lsa, ochiq sessiya deb aytildi. OAV, jamoatchilik vakillari jalb qilinadi deyilgan. Bu ham o‘z-o‘zidan ochiq-oydin holatda o‘tmadi. Chunki jamoatchilik faollari va hatto jurnalistlar kiritilmadi.

Kengashda shu kungacha 20 marta sessiya o‘tkazildi, oldingi 19ta sessiyada ichki ishlar, kuch ishlatar tizimlari ishtirok etmagan. Tasavvur qiling, 2019 yilda saylanib, 2020 yildan faoliyatimizni boshlaganimizdan beri sessiyalarda birorta kuch ishlatar tizimlari bo‘lmagan.

Nega endi xalqning majlisida kuch ishlatar tizimlari ishtirok etadi? Ichki ishlarning rahbariyatidan so‘radik, prokurordan, hokimdan shaxsan o‘zim izoh so‘radim. Ichki ishlar boshlig‘i shahar hokimligi bizga jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xat bergan deyapti. Jamoat tartibini qanday saqlaydi? U yerda yig‘ilish-ku? Sessiyada nimasini saqlaydi ochiqlik, oshkoralik bo‘lmasa. Biz nimani yashiramiz xalqdan, jamoatchilikdan qanaqangi noqonuniy qaror qabul qilyapmizki yashiradiganmiz?

Hozir prezidentning davlat siyosati shu holatda ketyapti – ochiqlik, shaffoflik. Xalq bizni boqadi-ku, nega biz uning nomidan chiqayotgan qarorlarni yashirishimiz kerak? Viloyat deputatlari ham keldi. Ularni ham kirgizmaslik haqida aytishdi.

Yig‘ilish zaliga kirayotgan paytda ochiqdan ochiq deputatlarning daxlsizlik huquqi borligini bilib turib telefonlarni tashlab kirishni, ovoz yozish mumkinmasligini aytib, cho‘ntagidagi fleshkalarini birma-bir tintuv qilib o‘tkazishdi. U yerda ichki ishlar boshlig‘i ham, prokurori ham faqat kuzatuvchi bo‘lib, bir chekkada qarab turibdi. Daxlsizlik huquqi borligini bilsa ham qancha deputat kirgan bo‘lsa har birini bittama-bitta titib kirgizishdi.

Bundan tashqari, viloyat kengashi deputatlari bor, viloyat siyosiy partiyalari rahbarlari bor. Ularni ham ochiqdan ochiq tintuv qilyapti.

Kun tartibida bitta masala kiritildi, ya'ni deputat Shuhrat Karimovni daxlsizlikdan mahrum qilish masalasi. Prokuror o‘rinbosari taqdimnoma bilan tanishib chiqdi. Shu yerda ikki odam savol berdi, xolos. Qolgan deputatlar savol ham bergani yo‘q, savol berishiga qo‘yilmadi ham. Undan tashqari, deputat Shuhrat Karimovga sessiyada so‘z berilmadi.

Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari sessiyada ishtirok etishidan ular nimadan qo‘rqqani haqidagi savolga javob aniq. Ular deputatni daxlsizlikdan mahrum qila olmaslikdan cho‘chishdi. Eng achinarli holat shuki, prezidentimiz qo‘yayotgan hokimlar o‘zi qarshi chiqmoqda», deydi Jiyanov.

Shuhratbek Karimov: Sessiya to‘liq shahar hokimining ssenariysi asosida o‘tdi

Shuhratbek Karimov

Deputat daxlsizligidan mahrum bo‘lgan Shuhratbek Karimov so‘nggi paytlarda shahar hokimining noqonuniy qarorlari bilan yer maydonlari ajratilayotgani haqida turli yuqori turuvchi idoralarga deputat so‘rovi bilan murojaat qilgani va buning natijasida mazkur qarorlar bekor bo‘lgani haqida aytib o‘tdi.

Jumladan, 2021 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan 19-sessiyada shahar hokimi Bahromjon Haydarovning shaharning Yangi bozor hududida «ELEVADA UT GROUP» MChJ tomonidan 5 qavatli bino qurish, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlashga ruxsat berish to‘g‘risi»dagi qarori deputatlarning faolligi natijasida bekor qilingandi.

Shuhratbek Karimov Senat raisi Tanzila Norboyevaga Bahromjon Haydarovning yer berish bo‘yicha so‘nggi yillarda chiqargan qarorlarining qonuniyligini o‘rganish bo‘yicha ham deputat so‘rovi yuborgan.

Uning aytishicha, mazkur harakatlaridan so‘ng shahar hokimi va prokuraturasi unga qarshi ish qo‘zg‘agan. Uning ta'sischiligidagi «Alliance road construction» jamiyati 2012-2013 yillarda Andijon shahridagi ikkita markaziy ko‘chada kapital-rekonstruksiya ishlarini bajargan. Lekin jamiyat bajarilgan ish uchun 1 milliard 449 million so‘m haqqini ko‘p yil o‘tsa-da ololmagan. Bu masala bo‘yicha sudda ham yutib chiqilgan. Shundan so‘ng tadbirkor (Shuhratbek Rahimov) viloyat hokimidan ushbu haq o‘rniga Bo‘ston dahasidagi chiqindixona bo‘lib yotgan maydonni so‘raydi.

2017 yil mazkur yer maydonining 4 gektariga turli uy-joy va maishiy xizmat ko‘rsatish binolari qurish uchun shahar hokimining qarori chiqadi.

Shuhratbek Karimov mazkur maydonni 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflab, chiqindilardan tozalaydi. Topografik suratga oldirganida tozalangan maydon hajmi 7 gektardan ziyodligi ma'lum bo‘ladi.

Shuhratbek Karimov 2021 yilga kelib o‘zidagi mavjud qarorning ma'lum bandini o‘zgartirib berish bo‘yicha shahar hokimiga murojaat qiladi. Shahar kengashi sessiyasida mazkur masala kun tartibiga qo‘yilganida deputatlar mazkur qarorga o‘zgartirish kiritishni yoqlab ovoz bergan. Lekin shahar hokimi kengash raisi sifatida qarorni imzolamagan. Shuhratbek Karimov esa bu joyda qurilishni boshlab yuborgan.

2021 yil 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar kengashi sessiyasida Andijon shahar prokuraturasining taqdimnomasiga asosan Shuhratbek Karimovni deputatlik daxlsizligidan mahrum qilish masalasi ko‘rib chiqiladi. Taqdimnomada  Shuhratbek Karimov ta'sischilidagi «Alliance road construction» jamiyatining Bo‘ston dahasida o‘zboshimchalik bilan 6 gektar yerni noqonuniy egallab olib qurilish ishlari boshlagani, «Ibtido servis trans» jamiyati va uch nafar fuqaroning yerdan foydalanish va servitut huquqlari poymol qilingani yuzasidan tergov ishlari olib borilishi ko‘rsatilgan.

«Sessiyadan oldin menga mazkur ish bo‘yicha hech qanday hujjat taqdim etilmadi. Sessiya majlisiga kelgan deputatlarni zalga kiritishdan oldin yonlarida telefon yoki boshqa ovoz yozuvchi moslama bor-yo‘qligi tekshirilib, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tintuv qilindi. Sessiya to‘liq shahar hokimining ssenariysi asosida o‘tdi va deputatlarning katta qismi ovozi bilan deputatlik daxlsizligidan mahrum bo‘ldim. Sessiya tegishli qonun va reglamentga zid holda o‘tkazildi», deydi Shuhratbek Karimov.   

Ikkinchi tomon nima deydi?

Rahimjon Ziyayev

Xalq deputatlari kengashi kotibi Rahimjon Ziyayev ham shov-shuvli sessiya bo‘yicha fikrlarni aytib o‘tdi.

«Ma'lumki, Andijon shahrida yer maydoni kam. Shuning uchun o‘tgan yillarda shahar chetlarida yangidan yangi uy-joy massivlari barpo etildi. Bu yil esa «Yangi Andijon» shaharchasi qurilishini boshladik. Bo‘ston dahasi shaharning o‘rtasida joylashgan.

2017 yili Shuhratbek Karimov ta'sischiligidagi jamiyatga o‘sha joydan mazkur joylarni tozalab, obod qilgani uchun 4 gektar yer maydoni ajratilgan ekan. Deputatimiz qo‘shimcha 6 gektar yerni egallab olgani haqidagi ma'lumotlarga aniqlik kiritish uchun shahar hokimligining barcha sohalardagi yetuk mutaxassislari tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganishlar olib borildi. Aniqlandiki, «Alliance road construction» jamiyatiga yer qonuniy ajratilganida toponomik suratga olinayotib, yana 6 gektar yer qo‘shib olingan ekan. 6 gektar yer Andijon shahri uchun katta maydon. Bu maydonni 250-300 nafar odamga 4 sotixdan berish mumkin.

Eski shahardagi «Devonaboy» masjidi rekonstruksiya qilinayotgani, bozor qurilishi munosabati bilan uylari snosga tushgan oilalarni yer yo‘qligidan Oltinko‘l tumaniga ko‘chirishga to‘g‘ri kelyapti. Aholi uchun yer juda kerak. Deputatimiz 6 gektar yerga noqonuniy qurilish qilgani haqida shuni aytish mumkinki, Sh. Karimov 2017 yildan beri shuncha vaqt o‘tsa ham yerga hujjat qilmagan.

Shahar prokuraturasi taqdimnoma chiqargach, biz kerakli mutasaxassislar bilan o‘rganib chiqdik. Ishchi guruh bilan uzoq vaqt muhokama qilib, oxiri sessiya kun tartibiga qo‘yishga qaror qildik.

Sessiyadan oldin Sh. Karimov bilan bu mavzuda suhbatlashdik. Yer maydoni hujjatlarini taqdim qilishini ko‘p bor so‘radik. Sessiyada ovozga qo‘yganimizda deputatlarning 21 nafari tushungan holda Sh. Karimovni deputat daxlsizligidan mahrum qilishni yoqlab ovoz berdi.

Shuni ta'kidlab o‘tmoqchiman. Bu hali oxirgi qaror emas. Agar tergov jarayonida, 1 oy yoki 2 oy orasida Shuhratbek Karimovning aybsizligi isbotlansa, yana hammasi joyiga qaytadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda har bir deputat tintuv qilindi, degan har xil gaplar aytilyapti. Bu navbatdan tashqari sessiya edi – Milliy gvardiya xodimlari, qo‘riqlash xizmatchilari xavfsizlik yuzasidan ish olib borishdi. Axir hammamiz ham Vazirlar Mahkamasi yoki hokimlikka borsak telefonimizni topshirib kiramiz, metall izlovchi moslama bilan tekshirishadi. Bu oddiy holatku? Mazkur holatni deputat daxlsizligi buzildi, deb atab bo‘lmaydi. Voqeani chuqurlashtirish shart emas menimcha.

Qancha narsa yozilgan bo‘lsa ham biz og‘irlik bilan e'tibor qaratmayapmiz. Biz mana bu odamning yomonliklari bor deb aytmadik ham. Chunki, Shuhratbek Karimovga qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topmasa yana birga ishlaymizku?! Men achinaman, viloyat va shahar hokimlarining amalga oshirayotgan ishlariga yordam berish o‘rniga shunaqangi narsalarni muhokama qilayotganimizdan», deydi R. Ziyayev.

Shahar hokimligi yurist-konsultanti Muftohiddin Rahmonov deputat «Alliance road construction» jamiyati rahbarlariga jinoiy ish qo‘zg‘atilganiga izoh berar ekan, jamiyat tomonidan qurilishga oid hujjatlar soxtalashtirilganiga to‘xtalib o‘tdi.

Muftohiddin Rahmonov

Milliy gvardiya Andijon viloyat boshqarmasi deputatlar nima sababdan tintuv qilingani yuzasidan qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortdi.

Mavzuga oid